10:57 / 18.05.2021
3 786

Qirq yosh bandaga Allohdan yuborilgan elchidir


Qirq yoshda bo‘lsang yoki yaqinlashgan bo‘lsang yoxud undan o‘tgan bo‘lsang bilginki, birgina qirq yoshni Qur’on alohida duo bilan xoslagandir. Alloh taolo “Toki u kamolga yetib, qirq yoshga kirganida: «Robbim O‘zing menga va ota-onamga bergan ne’matlaringga shukr qilishimga va sen rozi bo‘lgan solih ishlarni qilishimga ilhom bergin. Va mening zurriyotlarimni ham solihlardan qilgin. Albatta, men tavba qildim va albatta, men musulmonlardanman», dedi" degan. U o‘tgan umr uchun shukr, kelajak uchun duo va Islom diniga mansublikning e’lonidir.

Ulamolar mazkur duoning barcha uchun, ayniqsa qirq yoshga yetganlar uchun o‘ta ahamiyatli duo ekanini ta’kidlaydilar. U amallar qabul bo‘lishining sabablaridan biridir. Chunki bu oyatdan keyingi oyatda Alloh taolo “Ana o‘shalarning eng yaxshi amallarni qabul qilib, yomonliklarini o‘tib yuborurmiz. Ular jannat egalaridandir” deydi.

Asarlarda “Kim qirqqa kirgan bo‘lsa endi u oxirat bozoriga kiribdi” degan rivoyat keladi.
Ey qirqqa kirganlar, bu yog‘iga o‘zingizni oxiratga tayyorlang. Hadislarda ummatning yoshi ko‘p hollarda oltmish bilan yetmish orasida bo‘lishi aytilgan. “Ummatimning yetmishga boradigani kamdir”.

Qirq yoki ellikdan o‘tgan inson bilishi kerakki, qolgan umr o‘tganidan ko‘ra kamroq bo‘lishining ehtimoli yuqoridir. O‘tgani ham qanday tez ketdi, a? Ko‘z ochib yumguncha. O‘tgani ko‘z ochib yumguncha ketgan bo‘lsa va qolgani undan kamroq bo‘lsa, u qanchalik tez o‘tarkin? Qarabsizki, tuproq ostidasiz. Qirqqa kirgan insonga ogohlik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Undan qirq yoz, qirq qish, qirq bahor va qirq kuz o‘tib ketdi. Ushbu yoshda umrining yarmi o‘tib inson quyidagi oson bo‘lmagan savollarga ro‘baru keladi.

Hayotda muvaffaqiyatga erishdingmi?
Ish va kasbingdachi?
Oilaviy hayotdachi?
Asosiysi, Rabbing bilan aloqangda nimalarga erishding?


Hayotni yetmish, saksonga kirganlardan so‘rang. “Tush ko‘rgandekman. Kechagina o‘ynab yurgan bola edim. Bugun o‘rilishga tayyorman. Uchrashuv kuni yaqin” degan javobni olasiz.

To‘qsonga kirgan insonning vafotini ko‘rib qirq yoki ellik yoshli odam bizga hali bor deb o‘ylaydi. Atrofidan qanchasi ketganini his qilmaydi. Barcha nima bilandir ovora. Yemoq, ichmoq bilan. Kasbi kor va rizq bilan. Xotin va bolalar bilan.

Tijorat va safarlar bilan. Uy va mashinalar bilan. Vaholanki, o‘zi sezmagan holda umri tugab bormoqda.
Masalan, o‘n kunlik safarga borsangiz, yettinchi kundan qaytishni o‘ylay boshlaysiz. Ishlarni tezroq bitirish, bilet olish va sovg‘a salom tanlash xayolingizni band qiladi. Demak, yettinchi kunda o‘ylar tamoman aks tarafga o‘zgaradi. Qirqqa yetganlar qaytish tadorigini ko‘ring! Haqiqiy jasorat o‘limdan qochish emas, unga tayyor turish. Qachongacha axir? Unga burilish vaqti kelmadimi? Tavba va istig‘for vaqti kelmadimi? Qirqqa kirganingda ham Rabbingga qaytmasang qachon qaytasan?

Qirq yosh bandaga Allohdan yuborilgan elchidir. U “Ey bandam! Uchrashuv onlari yaqinlashdi. Uchrashuvga tayyormisan” demoqda”.

Muhammad Rotib Nobulsiy rahimahulloh
Tarjimon Habibulloh Jo‘raboyev, TII o‘qituvchisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qirq yosh bandaga Allohdan yuborilgan elchidir