1 468
Korrupsiyaga qarshi hamkorlik: O‘zbekiston va Belorus respublikalari qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qiladi

Joriy yilning 26 may kuni Adliya vazirligi tashabbusi asosida Belarus Respublikasi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi huzuridagi Qonuniylikni mustahkamlash va huquq-tartibot muammolari ilmiy-amaliy markazi hamkorligida “Normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish sohasida O‘zbekiston Respublikasi hamda Belarus Respublikasining tajribasi” mavzusida vebinar o‘tkazildi.
Vebinarda Belarus Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari N. Filippova, Bosh prokuraturasi qoshidagi Ilmiy-amaliy markaz direktori V. Marchuk va ushbu markazning boshqa mas’ul xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarning mas’ul shaxslari ishtirok etdi.
Tadbirda Belarus Respublikasida korrupsiyaga qarshi ekspertiza institutining o‘ziga xos xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi Ilmiy-amaliy markazning korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishdagi tajribasi muhokama qilinib, Belarusda korrupsiyaga qarshi ekspertiza kriminologik ekspertiza doirasida 2007 yil 1 oktabrdan boshlab yo‘lga qo‘yilganligi e’tirof etildi.

Markaz direktori o‘rinbosari Oleg Rusetskiy o‘z ma’ruzasida qonunchilik ekspert-kriminologik tadqiqotlarining uslubiy jihatdan o‘ziga xosligi va profilaktik ahamiyati to‘g‘risida gapirib, kriminologik va huquqiy ekspertizaning asosiy usullari va o‘ziga xosligi, shuningdek kriminologik ekspertizaning huquqiy ekspertizadan aniq ajratishga imkon beradigan kriminogen xatarlarni baholash mezonlari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, ushbu tizimning samarali yo‘lga qo‘yilganligi natijasida Markazga kelib tushayotgan qonunchilik hujjatlarining taxminan 10 % da kriminogen xarakterga ega omillar aniqlanayotganligi aytildi.
Vebinarda ishtirokchilarga O‘zbekistonda qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishning yangi mexanizmi, korrupsiyaga qarshi ekspertizaning majburiy tartibi haqida ma’lumot berildi. Xususan, korrupsiyaviy omillarni aniqlash bo‘yicha joriy yil fevral oyida qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha yangi tartib va metodika amalga kiritilganligi, natijada oxirgi uch oyda Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan loyihalarning 17 foizida 167 ta korrupsiogen omillar aniqlanishiga hamda ularning bartaraf etilishiga erishilganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, amaldagi qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi joriy etilganligi, hozirda vazirlik tomonidan “korrupsiyasiz qonunchilik” loyihasi doirasida 20 mingdan ortiq amaldagi qonunchilik hujjatlarni kelgusi 5 yil davomida korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanganligi ma’lum qilindi.

Xususan, joriy yilning o‘zida adliya organlari tomonidan 500 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish rejasi tasdiqlanib amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, vebinarda normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tizimida mavjud bo‘lgan muammoli holatlar va ularning yechimi yuzasidan fikrlar almashinilib, vebinar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Vebinar yakunida tomonlar, Belarus Respublikasi Adliya vazirligi, Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi Ilmiy-amaliy markaz hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida korrupsiyaga qarshi ekspertiza sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar