13:53 / 08.06.2021
2 212

Everestni zabt etgan o‘zbekistonlik alpinist Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi


Foto: «Xalq so‘zi Online»
O‘zbekistonlik alpinist Sergey Denisenko 1 iyun kuni Everest (Jomolungma) cho‘qqisiga ko‘tarilgandi. «Xalq so‘zi Online» nashrining yozishicha, 8 iyun kuni Denisenko O‘zbekistonga qaytib kelgan va Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olingan.

Qayd etilishicha, bu Nepal tomonidan o‘zbekistonlik alpinistning birinchi marta Everest cho‘qqisiga chiqishi.
Everestga ko‘tarilishning ushbu mavsumi anomal va nobarqaror ob-havo sharoitiga to‘g‘ri kelgan. Ekspeditsiya taxminan 2 oy davom etgan. Cho‘qqiga chiqish O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan.

«Inson agar biror narsani chin dildan niyat qilsa, shu yo‘lda harakatdan to‘xtamasa, albatta, ko‘zlagan maqsadiga erishadi. Men yoshligimdan Everestni orzu qildim, shu cho‘qqini zabt etishni maqsadimga aylantirdim. Bugun o‘sha orzum ushaldi, o‘sha maqsad o‘z samarasini berdi. Harakat va intilish barcha yutug‘imning kaliti. Bu cho‘qqini men emas, ota-onam, yaqinlarim, xalqim, Vatanim — O‘zbekiston zabt etdi», — deydi Sergey Denisenko.

Bunga qadar Sergey Denisenko Everest cho‘qqisidan tashqari, Surxondaryoning Boysuntog‘ tizmasidagi Xoja Gur-Gur, Qozog‘istonning Karjantau tog‘ tizmasidagi Diplomat, g‘arbiy Tyan-Shanning bir qator cho‘qqilarini ham zabt etgan.

Ma’lumot uchun, Everest balandligi birinchi marta 1847 yilda Endryu Vo boshchiligidagi hindistonlik ekspeditsiya tomonidan o‘lchanib, 8 840 metrga baholangan. 1954 yilda esa Hindiston Geologik xizmati tomonidan qayta o‘lchanib, 8848 metrni tashkil etishi aniqlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Everestni zabt etgan o‘zbekistonlik alpinist Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi