22:22 / 27.07.2021
7 150

O‘zbekistonda vaksinadan bosh tortganlar ishdan chetlatilishi mumkin

O‘zbekistonda vaksinadan bosh tortganlar ishdan chetlatilishi mumkin

Qonunchilik palatasi deputatlari 27 iyul kuni O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi majburiy emlashni qonuniylashtirishni ko‘zda tutgan qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjat Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi. Bundan tashqari, loyihaga ko‘ra, shifokor ruxsatiga qaramasdan emlanishni rad etgan xodim ish beruvchi tomonidan maoshini saqlamasdan ishdan chetlatilishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda «Gazeta.uz» ma’lum qildi.

Vaksinatsiya majburiymi?
Sog‘liqni saqlash vazirligining tushuntirishicha, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega ekani belgilangan. Shunga ko‘ra, hech bir shaxs vaksina olishga majbur qilinmaydi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston davlat bosh sanitariya vrachi «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonunda vakolati doirasida epidemiologik ko‘rsatkichlar asosida emlanishi lozim bo‘lgan kontingentlarning (masalan, epidemiologik noxush hududda ishlaydiganlar, mazkur hududda yashaydiganlar, ushbu hududlarga tashrif buyurmoqchi bo‘lganlar va boshqalar) emlash kalendarini tasdiqlaydi.

Shu sababli davlat bosh sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyevning 19 iyuldagi qarori bilan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib koronavirusga qarshi profilaktik emlash ham Epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha profilaktik emlash kalendariga kiritildi (0239−07-son SanQvaN «Yuqumli kasalliklar immunoprofilaktikasi»). Unga ko‘ra, 14 toifadagi 18 yoshdan katta aholi majburiy emlanadi.

«Profilaktik emlashlar doimiy ravishda aholining ayrim toifalari o‘rtasida o‘tkaziladi. Shunga ko‘ra, fuqarolar ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi uchun (asosan aholi bilan ko‘p muloqot qiluvchi faoliyat turlari) koronavirusga qarshi emlashdan o‘tishi kerak», — deyiladi SSV xabarida.

Loyihada davlat bosh sanitariya vrachining «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida«gi qonunda belgilangan vakolatini fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash borasidagi asosiy qonun hujjati hisoblangan «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunda ham mustahkamlab qo‘yish taklif etilmoqda.

Shuningdek, loyihada Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritish orqali, ish beruvchiga profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan xodimlarni ishga qo‘ymaslik huquqini berish ko‘zda tutilmoqda. Bu taklif Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi to‘lqinlarining oldini olish ommaviy vaksinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalarini inobatga olgan holda bildirilganligi aytiladi.

Deputatlar qonun loyihasini ma’qullamoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, «Milliy tiklanish» demokratik partiya tomonidan COVID-19 yuqish darajasini pasaytirish va ijtimoiy immunitetni tashkil etish maqsadida aholini vaksinatsiya qilish ishlarini jadallashtirish taklifini bildirgan.

Xususan, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunning 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda davlat bosh sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda, joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda, ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekani ko‘zda tutilmoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish natijasida koronavirus infeksiyasining yangi to‘lqinlari oldini olish uchun aholi o‘rtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yanada mustahkamlanadi. Yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlash o‘tkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi.

O‘zbekistonda 26 iyul holatiga ko‘ra, 1 million 99 ming kishi to‘liq emlangan — bu 18 yoshdan katta aholining 5 foizidan kamroq.
«Jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun esa aholining 60−80 foizi emlanishi talab etiladi. Xitoyda vaksinalarga bo‘lgan ishonch 90 foiz, Braziliyada 80, Hindiston, Indoneziya va Tailandda 70, Turkiya va Meksikada esa 60 foizni tashkil etmoqda. Fransiya, Gretsiya, Avstraliya, Italiya, Latviya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlarda majburiy vaksinatsiya amaliyoti joriy etilgan», — deyiladi parlament quyi palatasining xabarida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda vaksinadan bosh tortganlar ishdan chetlatilishi mumkin
[/banner_pushhouse