13:39 / 17.08.2021
2 716

Prezidentning kutilmagan «tashrif»laridan maqsad nima?

Prezidentning kutilmagan «tashrif»laridan maqsad nima?
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida hech qanday protokolda qayd etilmagan «tashrif»laridan asosiy maqsadni aytdi.

«Mening mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshiradigan har bir tashrifimdan asosiy maqsad – xalq qanday yashayotgani, nima bilan nafas olayotganini bilishdan iborat. Bu – o‘ta muhim masala. Shuning uchun ko‘p hollarda safar davomida yo‘nalishni to‘satdan o‘zgartirishimga to‘g‘ri keladi. Bunday kutilmagan, hech qanday protokolda qayd etilmagan «tashrif»lar joylardagi rahbarlarni bo‘shashmasdan, doimo ishchan holatda turishga o‘rgatadi, deb o‘ylayman», degan davlat rahbari.

Shu o‘rinda joylardagi tashrif davomida qilinadigan ko‘zbo‘yamachilik holatlaridan ham Shavkat Mirziyoyev xabardorligini bildirdi.

«Afsuski, necha bor aytishim, ogohlantirishimga qaramasdan, joylarda faqat mening tashrifim oldidan ko‘cha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida «maysazor» va «gulzor»lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni bo‘yab ko‘rsatishdek xo‘jako‘rsin ishlar davom etmoqda. Ko‘zbo‘yamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga o‘chlik yillar davomida ba’zi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin bo‘lyapti. Lekin qanday bo‘lmasin, bu kabi illatlarga butunlay chek qo‘yishimiz kerak. Chunki bunday holatlar rostgo‘y, soxta gap va ishni umuman qabul qilmaydigan xalqimizning asl tabiatiga mutlaqo yotdir», degan prezident.

Mirziyoyevning fikriga ko‘ra, mahalliy hokimiyat idoralarining ishi Prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham ko‘payishi lozim.

«Shundagina ishimizda sur’at va sifat bo‘ladi, natija uchun ishlashga o‘rganamiz. Ilgari hokimlar tashrifdan tashrifgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bamaylixotir, ta’bir joiz bo‘lsa, yallo qilib yurardi, endi esa ular o‘z oldiga aniq maqsad va vazifa qo‘yib, xalq bilan maslahat asosida astoydil ishlamoqda. Chunki ular biladi: Prezident kelgusi safar albatta har bir masala bo‘yicha aniq natijani so‘raydi.

Biz mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni tezkor hal qilishda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish, vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, shuningdek, ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Shu maqsadda maxsus qaror ham qabul qildik.

Yuqorida aytib o‘tilgan toifaga mansub rahbarlarning o‘rinbosarlari o‘zlariga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida shaxsan javobgar hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdor ekani belgilab qo‘yildi. Boshqacha aytganda, turli bo‘g‘indagi rahbar o‘rinbosarlari o‘z boshlig‘ining soyasida yuradigan vaqt o‘tdi. Endi ular ham aniq vazifalar uchun javob beradi. Shaxsiy mas’uliyat va javobgarlik barcha boshqaruv idoralari xodimlari uchun bosh mezon bo‘ladi», deya ta’kidlagan davlat rahbari.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat