16:17 / 19.08.2021
2 700

Afg‘onistondagi chet el fuqarolarining Toshkent orqali evakuatsiya qilinishi

Afg‘onistondagi chet el fuqarolarining Toshkent orqali evakuatsiya qilinishi
Foto: Videodan kadr
O‘zbekiston fuqarolarni Afg‘onistondan aviatsiya transportida O‘zbekiston hududi orqali tranzit yo‘li bilan Germaniyaga evakuatsiya qilish bo‘yicha yordam bermoqda. Belgilangan fuqarolarning evakuatsiya qilinishini ta’minlash uchun O‘zbekiston tomoni alohida terminal ajratdi. Shu sababli «Toshkent-3» aeroporti noma’lum muddatga yopildi. «O‘zbekiston 24» telekanali reportajida evakuatsiya qilish jarayoni namoyish etildi.

Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkent aeroporti tranzit vazifasini o‘tayotgani bois Afg‘onistondan kelganlarning harakatlanishiga ruxsat berilmaydi. Germaniya reyslari Toshkentdan yo‘lovchi reyslari orqali olib ketguniga qadar evakuatsiya qilinganlarning hech biri shaharga chiqmaydi.

«O‘zbek xalqiga, o‘zbek millatiga katta rahmat. Bizlar oldin ham O‘zbekistonga kelganmiz, ammo bunday kelganimiz yo‘q. Bunday kelishimizning sababi Afg‘onistondagi vaziyat. Ko‘p qiyinchilik bilan keldik bu yerga. Biz juda minnatdormiz o‘zbek davlatiga. Bizlarni shunday ochiq ko‘ngil bilan kutib oldilar. Sharoitlar ham bor. Ovqat, tibbiy xizmat, bolalarga xizmat bor — hamma sharoitlar bu yerda bor. Buning uchun biz katta rahmat deymiz», — deydi evakuatsiya qilingan fuqarolardan biri telekanal muxbiriga.

«Gazeta.uz»ning yozishicha, Uzbekistan Airways samolyoti 19 avgust, payshanba kuni Afg‘onistondan avvalroq evakuatsiya qilingan fuqarolarni Toshkentdan Frankfurt Maynga yetkazdi. Germaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotda 200 dan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan. Payshanba kuni tushdan keyin ular harbiy samolyotda Kobuldan 211 kishini olib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday qilib, Toshkent orqali evakuatsiya qilinganlar soni 900 kishidan oshdi. Bundan avval evakuatsiya qilinganlarni faqat Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi samolyotlari olib ketayotgan edi.

Ta’kidlanishicha, Kobulda xavfsizlik holati bunga imkon berguniga qadar evakuatsiya ishlari davom ettiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Afg‘onistondagi chet el fuqarolarining Toshkent orqali evakuatsiya qilinishi