16:10 / 20.08.2021
2 028

Buxoroda sodir etilgan o‘g‘rilik singan shishada qoldirilgan barmoq izi orqali topildi

Buxoroda sodir etilgan o‘g‘rilik singan shishada qoldirilgan barmoq izi orqali topildi
Foto: Buxoro viloyat IIB axborot xizmati
Buxoro tumanida sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyati barmoq izlari yuzasidan o‘tkazilgan kriminalistik tadqiqot natijasida fosh etildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilning 12 avgust kuni Buxoro tuman IIBga murojaat kelib tushib, unda tumanning «Dilobod—Zafarobod» mahallasidagi Diosiyo qishlog‘ida yashovchi G‘.G.ning yashash xonadonida o‘g‘rilik sodir bo‘lgani, xonadon yotoqxonasidan noma’lum shaxslar tomonidan 15 turdagi tilla taqinchoqlar o‘g‘irlangani haqida xabar berilgan.

Mazkur xabar asosida tuman ichki ishlar bo‘limi tergov-tezkor guruhi tomonidan kechiktirib bo‘lmas surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Hodisa sodir bo‘lgan joy to‘liq ko‘zdan kechirilgan. Jarayonda voqea joyidan 21 dona barmoq izlari olingan. Va jinoiy hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» (ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bandi bilan noma’lum shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Viloyat IIB ekspert kriminalistika bo‘limi kriminalistlari tomonidan voqea joyidan olingan 21 dona barmoq izi ustida o‘tkazilgan kriminalistik tadqiqotlar va shaxsni avtomatlashtirilgan daktiloskopik identifikatsiya qilish tizimi orqali o‘tkazilgan tekshiruvda derazaning singan shishasi yuzasidan ko‘chirib olingan ikki dona barmoq izi 30 yoshli X.A. ismli shaxsning o‘ng qo‘l bosh va nomsiz barmoqlaridan qoldirilgani aniqlangan.

Foto: Buxoro viloyat IIB axborot xizmati
Daktiloskopik ekspertiza xulosasiga asosan, tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-izlov va tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni haqiqatdan ham fuqaro X.A. sodir qilgani aniqlangan va u o‘z aybiga iqrorlik bildirgan.

Hozirgi kunda jinoyat ishida gumon qilinuvchi X.A.ga nisbatan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat