11:45 / 13.09.2021
1 749

Sodiq Safoyev: «O‘zbekistonda OAVga bosim yo‘q»

Sodiq Safoyev: «O‘zbekistonda OAVga bosim yo‘q»
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev BBC Uzbek nashriga bergan intervyusida O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari faoliyati haqida fikr bildirib, jurnalistlarga hech qanday bosim o‘tkazilmayotgani aytdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».

«O‘zbekistonda muxolifat bormi yoki yo‘qmi? Bor! Ommaviy axborot vositalarini olaylik, bu nihoyatda muhim muxolifat. Ular hokimyatning, prezidentning, parlamentning har bir harakatiga baho beryapti. Kimdir ularga ochiqdan-ochiq tazyiq o‘tkazyaptimi?», — dedi Senat raisi o‘rinbosari. Jurnalist bosim borligini ta’kidlaganida Sodiq Safoyev uning so‘zlarini bo‘ldi: «Yo‘q!».

Senator biron bir OAV yopilgani yoki jurnalistlarning javobgarlikka tortilgani bo‘yicha birorta holatni bilmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, aksincha, ularning har bir chiqishlari, «hukumatning markazda ham, joylarda ham xatti-harakatlariga sabab bo‘lmoqda».

Sodiq Safoyevning aynan kim bosimga uchragani haqidagi savoliga javoban jurnalist BBC Uzbek’ga muntazam ravishda, jumladan, IIVga, xususan, terrorizmga qarshi kurashish bo‘limiga chaqiriqlar haqida murojaatlar kelib tushayotganini bildirdi. Uning aniqlik kiritishicha, yetakchi nashrlarning nafaqat muxbirlari, balki bosh muharrirlari ham chaqirilib, u yerda u yoki bu mavzuni yoritmaslik so‘raladi.

«Men sizga aniq aytishim mumkin, bugungi kundagi tanqidiy materiallar ko‘plarga yoqmaydi. Lekin ikki yilga nisbatan hozir ham O‘zbekiston matbuotida, ayniqsa elektron matbuotida bo‘layotgan tanqidlarning so‘nganini ko‘rganim yo‘q. Va hammamiz tan olishimiz kerakki, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining tutgan o‘rni juda katta. Biz buni inkor qilishga haqqimiz yo‘q», — deb qayd etdi Sodiq Safoyev.

Ushbu intervyuda senator muxolifatni jamiyatning barqaror rivojlanishining asosiy faktorlaridan biri deb atadi. «Busiz, tanqidsiz, ya’ni aytaylik, qandaydir bir alternativ fikrlarsiz, jamiyat rivojlana olmaydi», — deb ta’kidladi u. Jamiyat muxolifatning paydo bo‘lishidan manfaatdorligini, lekin u tabiiy ravishda shakllanishi kerakligini aytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sodiq Safoyev: «O‘zbekistonda OAVga bosim yo‘q»