14:54 / 28.09.2021
2 409

Shavkat Mirziyoyev: «Uysizlik azobini his qilganman»

Shavkat Mirziyoyev: «Uysizlik azobini his qilganman»
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 sentabr kuni Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumaniga keldi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Tumanda 218 mingdan ziyod aholi yashaydi. Uzoq vaqt qurilishga e’tibor bo‘lmagani tufayli odamlarning uy-joyga ehtiyoji yuqori edi. Shu bois oxirgi yillarda bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tumanning Guliston mahallasida o‘tgan yili 7 ta ko‘p qavatli uy qurilgan edi. Bu yil 61 ta shunday turar joy barpo etildi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Mahallada insonlar uchun kerakli hamma ijtimoiy ob’ektlar qulay joylashgan. Fuqarolar yig‘ini binosi, yoshlar uchun kovorking markazi, savdo va maishiy xizmat majmuasi yonma-yon. 420 o‘rinli maktab, 150 o‘rinli bog‘cha, oilaviy poliklinika, madaniyat uyi, sport majmuasi barpo etilgan. Ko‘p qavatli uylar oldida bolalar maydonchalari tashkil qilingan.

Hudud zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlangan. Ichki yo‘llar asfaltlanib, atrof obodonlashtirilmoqda.

Gulistonliklar tadbirkorlik, parrandachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Mahalla yaqinidagi kichik sanoat zonasi, yuz gektardan ziyod issiqxonalar buning uchun qulay sharoit yaratgan. Uyma-uy yurib, muammolar o‘rganilishi natijasida 205 nafar ishsiz fuqaro kichik sanoat zonasiga, yuzlab yoshlar issiqxona majmuasiga ishga joylashtirilgan.

Prezident shu yerda mahalla faollari, bag‘dodlik nuroniylar bilan suhbatlashdi.

– Hududlarimiz shunday rivojlanayotgani, odamlar uyli, ishli bo‘layotganini ko‘rish menga xursandchilik bag‘ishlaydi. Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmas, degan gap bor xalqimizda. O‘zim ham ko‘p yillar musofirchilikda yashab, ishlab, uysizlik azobini his qilganman. Hozir ham odamlarning muammosini yuragimdan o‘tkazib, ularga yechim topish uchun o‘zimni qiynayman. Shuning uchun hamma joyda uylar qurayamiz, mamlakatimizdagi har bir oila uyli-joyli bo‘lsin, deb harakat qilayapmiz. Fuqarolar manfaati – mening manfaatim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mahalladagi yangi uylardan biriga ko‘chib kelgan Abduqahhor ota va Oyzoda aya xonadonida bo‘ldi. Ular to‘rt farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan.

Ko‘pni ko‘rgan bu insonlar bilan yoshlar tarbiyasi, bugungi ta’lim va tadbirkorlik imkoniyatlari, tinchlik va shukronalikning ahamiyati haqida samimiy suhbat bo‘ldi.

Ushbu mahalla namunasi asosida, Yozyovon, Oltiariq va Farg‘ona tumanlarida ham 4-5 ming xonadonli “yo‘ldosh” shaharchalar bunyod etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: «Uysizlik azobini his qilganman»