20:50 / 28.09.2021
7 527

Buxoro amirligini Chor Rossiyasi vassaliga aylantirgan Shahrisabz «do‘stlik» shartnomasi haqida

Buxoro amirligini Chor Rossiyasi vassaliga aylantirgan Shahrisabz «do‘stlik» shartnomasi haqida
1873 yil 28 sentabr kuni Buxoro hukmdori Amir Muzaffar Rus imperiyasi tomonidan taklif etilgan Buxoro amirligi va Rossiya imperiyasi o‘rtasidagi «do‘stlik» shartnomasiga imzo qo‘yadi. Shu tariqa O‘zbakiston (Buxoro xonlik/amirligining ikkinchi nomi) o‘zining bir necha asrlik mustaqil va ulug‘vor tarixini tugatib, bir asrdan oshiqroq davom etgan rus hukmronligi davriga kiradi. «Daryo» mazkur shartnoma va uning tarixi haqida hikoya qiladi.

Urush
Qo‘qon xonligi bilan urush davom etarkan Chor Rossiyasi xonlikni tezroq taslim qilish uchun uni mintaqadagi asosiy va qadimiy o‘zbek davlati — Buxoro amirligiga bilan uzishga qaror qiladi. General Romanovskiy boshchiligidagi Turkiston general-gubernatorligi armiyasi amirlikka qarshi yurishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi.

Buxoroning qudratli amirlaridan biri Amir Nasrullodan so‘ng Buxoro taxtiga o‘tirgan Amir Muzaffar ruslarning ehtimoliy hujumi xavfini bilardi. Ammo amir bosqinga qarshi turish uchun kerakli mudofaani uyushtira olmaydi.

1868 yil 20 may kuni Jizzax yaqinidagi Erjar tepaligida amirlik va rus qo‘shinlari o‘rtasida ilk to‘qnashuv yuz beradi. Son jihatdan Buxoro qo‘shinining mutlaq ustunligiga qaramay ruslarning birinchi zarbasidanoq amir qo‘shini tumtaraqay bo‘ladi. Ruslarning zamonaviy qurollarga ega ekanligi va Amir Muzaffarning juda qo‘rqoq, jangovar tajribaga ega emasligi to‘qnashuv taqdirini hal qiluvchi omillardan bo‘ladi. Erjardagi mag‘lubiyatdan so‘ng butun Buxoro tushkunlikka tushib qoladi, diniy mullalar amirga qarshi fitna boshlab, uni Rossiya bilan til biriktirishda ayblaydi.

Yurish davom ettirilib, Xo‘jand va Jizzax qo‘lga kiritilgach Kaufman amirga tinchlik shartnomasini taklif qiladi. Chunki asosiy vazifa bajarilgan bo‘lib, Buxoro va Qo‘qon xonliklari chegarasi uzib qo‘yilgan, Buxorodan uzilib qolgan Xudoyorxon fon Kaufman bilan tinchlik shartnomasi imzolashga majbur bo‘lgandi. Biroq manman amir unga javob bermaydi va rus qo‘shini amirlik tomon yurishni davom ettiradi.

Zirabuloq jangi
Foto: Wikipedia

Amir Muzaffar qo‘l ostidagi barcha kuchlarini safarbar qilishiga qaramay rus qo‘shinini to‘xtatib qololmaydi va Samarqandni boy beradi hamda Zirabuloq jangida to‘liq mag‘lubiyatga uchraydi. Natijada noiloj qolgan amir tinchlik sulhi so‘rashga majbur bo‘ladi. Uning so‘rovi qabul qilinib, sulhga binoan Buxoro amirligining bir qancha hududlari: Samarqand, Jizzax, Kattaqo‘rg‘on, Panjikent va Urgut Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga o‘tadi. Bundan tashqari amir rus hukumatiga ulkan miqdordagi o‘lpon ham to‘laydi.

«Do‘stlik» shartnomasi
Tinchlik sulhi tuzilgandan to‘rt yil o‘tib, Xiva yurishi tugagach Turkiston general-gubernatori amirga yangi shartlar bilan to‘ldirilgan «do‘stlik» shartnomasini taklif qiladi. Bu shartnoma orqali Kuafman rus hukumatining Buxorodagi hokimiyatini yanada mustahkamlashni niyat qilgan edi.

Shartnoma o‘n sakkiz banddan iborat bo‘lib, unga ko‘ra Xiva xonligidan tortib olingan ba’zi hududlar Buxoro amirligiga o‘tkazilishi, rus savdogarlari amirlik hududida faqatgina ikki yarim foizlik boj to‘lashi va buxorolik savdogarlar ham Turkiston general-gubernatorligi hududida shunday huquq bilan savdo qilishi belgilanadi. Qolaversa, rus savdogarlariga Amudaryo bo‘ylab erkin savdo qilish huquqi beriladi, ular Buxoro amirligi hududi orqali tranzit savdoni boj to‘lovisiz amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Rossiya fuqarolariga Buxoro amirligi hududidan ko‘chmas mulk sotib olishiga ruxsat beriladi. Ayni vaqtda Buxoro amirligi fuqarolariga ham Rossiya yerlarida shunday huquq taqdim etiladi. Rus hukumati talabi bilan amirlikda qul savdosiga chek qo‘yiladi.

Buxoro amiri Amir Muzaffariddin (chapda) va Turkiston general-gubernatori fon Kaufman
Foto: Google Images

Shartnomaning o‘n yettinchi bandida: «Rus hukumati oliy hokimiyat bilan uzluksiz aloqani ta’minlash maqsadida imperator Buxoro amiri huzurida o‘zining oliy martabali vakilini tayinlaydi. Buxorodagi rus hokimiyatining vakili Toshkentdagi amir vakili kabi Buxoroda rus hukumati hisobidan yashaydi» deb belgilanadi va Buxoroda Rossiya imperiyasining ishonchli vakili tayinlanib, u amir ustidan nazorat o‘rnatadi. Bundan tashqari Toshkentda Buxoro amirining doimiy elchisi ham tayinlanadi. Amalda rus hukumati vakili Buxoro amirligining tashqi va ichki siyosatini belgilovchi shaxsga aylanadi. Amirlar har bir qaror yoki qonun qabul qilish oldidan u bilan hisoblashishga majbur bo‘ladi.

1873 yil 28 sentabr kuni Amir Muzaffar ushbu shartnomaga imzo qo‘yadi. Shartnomaga Shahrisabz shahrida imzo chekilgani uchun u tarixda «Shaar (Shaar-sabz, Shahrisabz) shartnomasi» nomi bilan qoladi. 10 oktabr kuni shartnomaga Toshkentda general-gubernator fon Kaufman tomonidan imzo qo‘yilgach rasman kuchga kiradi.

Shartnoma qanday ahamiyat kasb etdi?
Aytish mumkinki, «Shahrisabz shartnomasi» Buxoro amirligi uchun unchalik ham fojiali emasdi. Birinchidan, rus savdogarlariga amirlikda berilgan erkinliklarning deyarli bari Buxoro savdogarlariga ham Rossiya hududida berildi. Ikkinchidan, amirlik kichik bo‘lsa-da yangi Amudaryobo‘yi hududlarga ega bo‘ldi. Uchinchidan, rus savdogarlarining tranzit savdo bojidan ozod qilinishi ularning Buxoro orqali Afg‘oniston va Hindiston bilan savdo qilishiga yaxshi imkoniyat yaratdi. Biroq shartnomadan keyingi 50 yillikda bu juda keng amalga oshirilmagan bo‘lsa ham amirlikda temir yo‘llar qurilishida bu imtiyoz qisman rol o‘ynadi.

Amir Abdulahadning Sankt-Peterburgga tashrifi. 1881 yil
Foto: Google Images

Va nihoyat to‘rtinchidan esa Buxoro amiri baribir nisbatan o‘z mustaqilligini saqlab qoldi. Garchi shartnomaga ko‘ra Buxoro amirligida Rossiya vakili tayinlangan bo‘lsa ham amir ichki siyosatda anchayin erkin edi. Rus qo‘shinlari amirga unga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlarni bostirishida yordam bera boshladi. Shu tariqa Markaziy Osiyo uchun Buyuk Britaniya va Rossiya o‘rtasida boshlangan «katta o‘yin» tugadi va mintaqa Chor Rossiyasi ta’sir doirasiga kirdi.

Oradan 47 yil o‘tib o‘lkada ruslar hukmronligi boshqa shaklga: kommunistik tuzumga o‘zgardi. 1920 yilda Buxoro ASSR tuzilgach «Shaar shartnomasi» o‘z kuchini yo‘qotdi. O‘zbekistonda ruslar boshqaruvi turli xil ko‘rinish bilan yuz yildan oshiqroq davom etdi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoro amirligini Chor Rossiyasi vassaliga aylantirgan Shahrisabz «do‘stlik» shartnomasi haqida