4 836
Taniqli jurnalist Lola Zunnunova nima sababdan Milliy TV rahbarligidan ketganini aytdi
Foto: «Daryo»
Taniqli jurnalist, kinotanqidchi Lola Zunnunova 2019-2020 yillarda Milliy TV bosh muharriri, 2020 yilning avgust oyidan dekabr oyiga qadar telekanal bosh direktori sifatida faoliyat olib borgan.
Lola Zunnunova nima sababdan Milliy TV bosh direktorligidan ketganini ma’lum qildi. Bu haqda jurnalist YouTube’dagi YashinTV kanaliga bergan intervyusida gapirib berdi.
- "Men Milliy TV’da juda ham chiroyli va go‘zal ijodiy muhit, ijodiy vaziyat va ijodiy holatda ishladimki, buning uchun faqat shukrona keltiraman. Telekanalning har bir xodimiga, katta xodimidan tortib toki kichik xodimigacha hammasiga faqat tashakkurim va minnatdorchiligimni bildiraman.
Bu kanal paydo bo‘lganidan katta bir portlash bilan chiqdi. Juda statusli, chiroyli, elita kanal edi, shundayligicha qoldi va Xudo xohlasa, shundayligicha qoladi. Men bu kanalga borib, kanalni falon darajaga ko‘tardim demayman. Nima qilingan bo‘lsa ham biz katta jamoa bilan birgalikda katta natijaga erisha oldik.
Rahbarlik faoliyatim yakunlanishiga esa menda vijdonim bilan katta kurash boshlandi. Buni faqat Alloh biladi va men bilaman. Qolaversa, katta qizim ham o‘smirlik yoshiga yetib qoldi. Unga juda ko‘p vaqt ajratishim kerak edi, ikkinchi qizim ham olti yoshga yetib qoldi. O‘g‘lim hali juda yosh. Qolaversa, bosh muharrir bo‘lgan paytimda turmush o‘rtog‘im boshqa viloyatda ishlar edilar. Viloyatda boshqaruv raisi edilar va meni juda katta natija berishga vaqtim, imkonim bor edi. Ular viloyatdagi ishlarini yakunlab, bu yerga qaytganlaridan keyin rahbarlik va rafiqalikni teng ushlash juda ham qiyin bo‘ldi.
Men o‘zimdan kechishimga sog‘lig‘imdan, xotirjamligimdan, tinchligimdan kechishimga to‘g‘ri keldi. Kezi kelganida o‘zimni butunlay ishga bag‘ishlaganimdan e’tiqodim ham pand yeb qolgandi. Mana shu go‘zal va chiroyli hayotimda men uchun qadri baland e’tiqodim, oilam, farzandlarimga darz ketib ulgurmasidan men to‘xtatishim, aniqrog‘i, to‘xtata olishim kerak edi.
Men 5 dekabr kuni bu qarorni qabul qilganman. Ketish haqidagi qarorni rahbariyat emas, men o‘zim qabul qilganimni shu telekanaldagi uch-to‘rtta rahbarlar bilishadi. O‘sha vaqtda qarorimni aytgan bo‘lsam yanvar oyida Milliy TV’da rahbarlik faoliyatimni yakunladim.
Men Xudoning oldida pok vijdon, pok yurak va pok holat bilan ishladim, buni Alloh bilguvchi. Diniy ta’limni olishni boshlaganimdan keyin asliyatimiz, o‘zligimiz va Alloh yaratgan fitratimizga qaytishim kerak ekanligini anglay boshlaganimda o‘zim bilan kurash, ruhiy o‘zgarish boshlangan edi. Oldindagi katta sinovlar qolib dunyoviy ishlarga berilib qolganim va farzandlarim ham shuni ko‘rib katta bo‘layotganini bilib, menda juda katta tug‘yon boshlangan edi.
Sizning oldingizga asliyatingizga mos insonlar kelar ekan, sizga mos insonlar yoningizda turar ekan. Men bu ilmga bora boshlagandan keyin atrofimdagilar Allohning juda chiroyli elagidan o‘ta boshladi. Men bu ilmga borganimdan keyin muhokama, kimnidir g‘iybat qilish, kimningdir kamchiligi, xatosini topish va kimgadir «Sen shunga aybdorsan, seni deb shunday bo‘ldi», deyishdan ancha uzoqlashdim. Biz shu holatlardan ro‘za tutib boshladik.
Suhbatning guli — g‘iybat, deyishadi. Agar g‘iybat bo‘lmasa, siz kimga qiziqsiz? Xodimlar orasida kimnidir yomonlab kelish holatlari bo‘lardi. Tabiiyki, kimdir o‘zini oqlash uchun, vaziyatni tushuntirish uchun kimnidir yomonlab kelardi. Men ana shu payt hammani to‘xtatar edim. Biror marta biror insonni o‘zi yo‘g‘ida gapirmaganman, buni hamma biladi va tan ham oladi.
Gap boshqa inson haqida keta boshlasa, ana shu xodimga qo‘ng‘iroq qilib xonamga chaqirtirardim. Agar ishxonada bo‘lmasa, ovoz balandlagichga qo‘yib oldimga shikoyat bilan kelgan odamni gapirtirardim. Oldimizda yo‘q insonni gapirdikmi, tamom, bu — g‘iybat. Ana shu vaziyat o‘tadi-ketadi, lekin uning gunoh yuki qoladi.
Agar uning o‘zidan kechirim so‘ramasam, bu gunohni o‘zim bilan birga qiyomatga olib ketaman. Menga bu kerakmidi? Tabiiyki, yo‘q. Kimnidir kimgadir e’tirozi bo‘lsa, faqat o‘zining oldida muhokama qilganman. Biz qachon boshqalarning kamchiligini ko‘ramiz? Agar ana shu kamchilik o‘zimizda bo‘lsa. Agar ikkita inson bir vaziyatga ikki xil munosabat bildirib, birinchi tomon bu to‘g‘ri desa-yu, ikkinchi tomon balki, mana bunaqadir, dedimi, tamom, ikkinchi tomonning o‘zi ana shu fikrni xayolidan o‘tkazdi. Odam o‘zida bor illatni boshqada ko‘ra olar ekan. Ustozimdan olgan ilmlarim natijasida shuni angladimki, qanchalik muhokamadan uzoq bo‘lsangiz, o‘zingiz ham muhokamalardan xoli bo‘lasiz.
Kimnidir muhokama qilishdan avval, kimnidir kamchiligini aytishdan avval ko‘zguga boqaylik, kim turibdi ko‘zguda?! Muhokamalar ichra qolgan, xato va kamchiliklarni qayta-qayta qiladigan o‘zimiz turibmizmi?! Demak, avval ko‘zgudagi o‘zimizni to‘g‘rilaylik, muhokamachilar va kamchiliklar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi, ko‘zingiz aslo unaqa narsalarni ko‘rmaydi. Faqat go‘zallik ko‘rinadi, alhamdulillah", - deydi jurnalist, kinotanqidchi Lola Zunnunova.
Ma’lumot uchun, Lola Zunnunova 1984 yil 29 iyunda Termiz shahrida dunyoga kelgan. Jurnalist «Yoshlar» telekanalida efirga uzatilgan «Kinomaniya» ko‘rsatuvi orqali mashhurlikka erishgan. Lola Zunnunova 2007 yilda M&TVA Award taqdimotining «Yilning eng yaxshi teleboshlovchisi» nominatsiyasi g‘olibi. 2019 yilda esa «Eng ulug‘, eng aziz» respublika tanlovida g‘olib bo‘lgan.
Lola Zunnunova 2019-2021 yillarda Milliy TV telekanallarida faoliyat olib borgan. 2019 yilning yanvar oyidan boshlab Milliy TV kanalida bosh muharrir lavozimida, 2020 yilning avgust oyida esa kanalning bosh direktori lavozimida faoliyat yuritdi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”