Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi
16 oktabr kuni Termizda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi va Afg‘oniston muvaqqati hukumati vakillari muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.
O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarlik qilgan. Afg‘oniston tomonidan esa «Tolibon» bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdulla Salam Hanafiy qatnashgan.
«Gazeta.uz»ning «Tolibon» rasmiy vakili Zabihulla Mujohidga tayanib yozishicha, afg‘on delegatsiyasi tarkibida, shuningdek, TIV vakillari, Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ta’lim vazirligi va boshqa bir qator tashkilotlar, qolaversa, tadbirkorlar guruhi ham bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar, ayniqsa, qish mavsumi davomida ikki tomonlama savdoni kengaytirishni, shuningdek, Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan yonilg‘i va birinchi galdagi zaruriy tovarlar hajmini oshirishni muhokama qilgan. Shu bilan birga, afg‘on tadbirkorlari uchun tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik qilish, Surxon—Puli-Xumri elektr uzatish tarmoqlari va Mozori-Sharif—Kobul—Peshovar yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalari muhokama qilingan.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Afg‘oniston «bir necha sohalarda ishchi guruhlar tuzgan». Tomonlar 10 kun ichida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlaydi va uni ikki mamlakat rahbarlariga taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afg‘oniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Uchrashuv davomida tomonlar yaqin orada Termiz shahrida savdo-iqtisodiy masalalarini, jumladan, Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish tarmoqlari va Mozori-Sharif—Kobul—Peshovar yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun qo‘shma muzokaralar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olgandi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin