14:37 / 03.11.2021
1 457

Kelgusi yildan barcha maktablarda xalqaro darajadagi darsliklar ijara asosida beriladi

Kelgusi yildan barcha maktablarda xalqaro darajadagi darsliklar ijara asosida beriladi
O‘zbekistonda 2022 yildan barcha maktablarda xalqaro darajadagi darsliklar ijara tizimi asosida beriladi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, USAID’ning 10 mln dollar granti hisobiga Cambridge University Press tomonidan respublika maktablarining barcha sinflari uchun ingliz tili va AKT bo‘yicha darsliklar 200dan ortiq maktablarda tajriba sinovdan o‘tkazilgan va ularni chop etish huquqi O‘zbekistonga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Kuni kecha prezidentimiz tomonidan kelgusi yil davlat budjetida darsliklarni chop etish uchun mustaqillik yillaridagi eng katta miqdordagi mablag‘larni nazarda tutish topshirildi”, deb yozadi Sherzod Shermatov.

Ta’kidlanishicha, Amazon kabi internet do‘konlaridan bunday kitoblar sotib olinmoqchi bo‘lsa, 1 donadan o‘quvchi kitobi va mashq daftari birgalikda 30-60 dollar atrofida, o‘qituvchi kitobi esa 50-100 dollar atrofida turadi.

Albatta, bunday narxlar 6,3 milliondan ortiq o‘quvchilarimiz oilalari uchun juda qimmatlik qiladi. Shu sababli, prezidentimizning kechagi topshiriqlari barcha maktablarimizda xalqaro darajadagi darsliklarni kelgusi yilda hamyonbop narxda ijara tizimi orqali olinishiga imkoniyat beradi”, deya aytib o‘tdi xalq ta’limi vaziri.

Ma’lumot uchun, kelgusi yilga rejalashtirilgan davlat budjeti loyihasida ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

1 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun budjet parametrlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari bu mablag‘ga qo‘shimcha tarzda yana 12 trillion so‘m ajratish taklifini bildirdi. Bu mablag‘lar 55 ta yangi dasturni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Jumladan, chekka joylarda 1 600 ta bolalar bog‘chasi tashkil etish, Milliy ta’lim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini ta’mirlash, darsliklarni yangilash va kompyuter sinflari ochish kabilar reja qilingan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kelgusi yildan barcha maktablarda xalqaro darajadagi darsliklar ijara asosida beriladi