15:43 / 20.11.2021
6 948

Ruslarning kinosi va o‘zbekning hayoti

Ruslarning kinosi va o‘zbekning hayoti
Kecha devordagi yana bir san’at asari o‘chirib tashlandi. U o‘ziga xos bir ramziy surat, haqiqatning o‘zgacha in’ikosi edi. Afsuski, narx-navoga bog‘liq bo‘lgani bois, umri juda qisqa bo‘ldi.

Yumshoq oromkursida o‘tirib, buyruq berish hech gap emas. «Anovini o‘chir!» – tamom-vassalom!

Bizda qachon haqiqatni tan olishni o‘rganishadi? Qachon «shunchaki san’at»ni qadrlashadi? Nahotki uning ortidagi haqiqatdan qo‘rqishsa? Qachon mard bo‘lib tan berishadi? O‘z ishiga, joyiga nomunosiblar iste’fo beradimi o‘zi? Yoki ildizi yanada tomir otib, shu kresloda qarib-chirib ketgunicha o‘tiraveradimi?

Bundan sal oldin, aniqrog‘i, shu yil 4 sentabr kuni UzAuto Motors kompaniyasining monopoliyasiga bag‘ishlangan – mashina sotib olishga daxldor uzundan-uzun navbat aks etgan rasm ham o‘chirilgan edi. Nega? Nima uchun? Axir o‘sha tasvirda ham yolg‘on yo‘q edi-ku? Haqiqat edi-ku? Nahotki bu kabi rasmlar kimlarnida tinchini buzsa? Mayli, ko‘cha rassomi Abdurahmonning mehnatini qadrlashmas ekan, hech bo‘lmasa uning g‘oyasi, tashabbusiga tan berishsin! «Boplabdi, ezibdi», deyishsin!

Ruslarning «O‘rdak ko‘lidagi voqea» kinosi bor. O‘zbek tiliga dublyaj qilingan, bir necha marta ko‘rsatilgan, hozir ham namoyish etib turiladi. Unda kimyoviy zavoddan chiqayotgan chiqindi ko‘lni ifloslantirayotgani, atrof-muhitga, ekologiyaga katta zarar yetkazayotgani ochib berilgan. Tabiatning oddiy oshuftasi, chinakam jonkuyari bir maxluqning maketini yasab, suv sathida ko‘rinish berib yuradi. Natijada bu «jonivor» suratga muhrlanib qoladi.

Chinakam shov-shuv ko‘tariladi, matbuot bong uradi. Jamoatchilik, «yuqori»ning e’tibori ko‘lga qaratiladi. Bundan cho‘chib ketgan zavod rahbariyati maxluqni yo‘q qilmoqchi bo‘ladi. Zavod rahbari suv sathiga chiqqan maxluqni naq pulemyotdan otish uchun nishonga oladi ham. Ammo... tepkini bosmaydi. O‘rinbosarining har qancha undashiga qaramay, maxluqni o‘ldirmaydi. «Yoqimtoygina ekan», – deydi astoydil tan berib.

Bag‘rikenglikni qarang! Mardonavorlikni qarang!..

Biz-chi, hali-hanuz haqiqiy ahvolni xaspo‘shlashga harakat qilamiz. Bo‘yoq ko‘tarib, devorga yuguramiz. Tezroq chaplab tashlash, o‘chirish kerak! Miyasiga yoqilg‘i dastagini tiragan odam rasmiga balo bormi? Axir ruslarning kinosi boshqa, o‘zbekning hayoti boshqa! Bizda shunaqa bo‘lsa bormi, maxluqni allaqachon yo‘q qilib, o‘sha ko‘lni ham quritib, zavodni esa talon-toroj qilib yuborishardi.

Ana shunaqa! Xullas, haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi. U chiroyli qilib o‘chirib tashlanadi, xolos!

Nima dedingiz?
Anvar Namozov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ruslarning kinosi va o‘zbekning hayoti