14:37 / 10.12.2021
2 194

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘ining yana bir o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘ining yana bir o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi
Toshkent shahrida fuqaroga jinoyat ishini tanishlari orqali tugatib berishni va’da qilib, pora olgan Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi ishonch telefoni va ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikdan olgan ma’lumotlarga asosan tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan Sh.B. qarindoshi Sh.N. orqali uning tanishi A.K.ning ishonchiga kirib, unga Buxoro viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishini tanishlari orqali tugatib berishni va’da qilgan va 27 noyabr kuni A.K.dan 3000 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan 7 dekabr kuni Sh.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik), 28, 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan, Sh.N.ga shu kodeksning 212-moddasi 1-qismi (pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Gumonlanuvchi Sh.B. protsessual tartibda ushlandi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Mirobod tumanida Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 29 ming dollar pora olayotganida qo‘lga tushgandi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan mansabdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hodisadan so‘ng Bosh prokuratura aholiga murojaat bilan chiqdi.

«Bosh prokuratura keng jamoatchilik e’tiborini yana bir bor prokuratura organlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz va keskin kurash olib borilayotganiga qaratadi. Binobarin, Bosh prokuratura mamlakatimizning har bir fuqarosini jamiyatda, xususan prokuratura organlarida korrupsiyani tag-tomiri bilan bartaraf etishda faol hamkorlikka chaqiradi.

Agar prokuratura organlarining biron-bir xodimi faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq xatti-harakat (yoki harakatsizlik)ni kuzatsangiz, sezsangiz, bu haqda zudlik bilan Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining (71) 202-08-28 raqamli «ishonch telefoni»ga ma’lum qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchilar haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishi to‘liq kafolatlanadi
», – deyiladi murojaatda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘ining yana bir o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi