09:24 / 20.12.2021
2 136

Singlingizning yo‘lini to‘sishsa, nima qilasiz?

Singlingizning yo‘lini to‘sishsa, nima qilasiz?
Ayni paytda AzonTV ilmiy-ma’rifiy onlayn telekanalida «Eksperiment» loyihasining navbatdagi soni namoyishi boshlanmoqda. Insonlarning jamiyatdagi turli vaziyatlarga munosabatini aks ettiruvchi mazkur ko‘rsatuvning bugungi sonida ayollarga bo‘layotgan munosabatlarga nisbatan hamyurtlarimiz qanchalik e’tiborli ekanligi tekshirildi.

Ma’lumki, har bir jamiyatda yaxshi insonlar qatorida yomon xulq egalari ham mavjud. Xususan, begona qizlarga «gap otib», ularni odamlar orasida noqulay ahvolga soluvchi, ayollarga nisbatan yomon muomalada bo‘luvchi ayrim beodob kimsalar sababli ko‘pchilik muslima opa-singillarimiz aziyat chekishadi.

«Eksperiment»ning ushbu sonida aynan shunday harakatlar qilayotgan, bir qizni yo‘lini to‘sib, odamlar e’tiborini o‘ziga jalb qilayotgan yigitga atrofdagilarning munosabati qanday bo‘lishiga qiziqdik. Ko‘pchilik odamlarning bu holatga befarqligi bizni ranjitdi. Ba’zilar holatni uzoq kuzatib turishsa ham, lekin hech bo‘lmasa «O‘zingni ham opa-singling bor, bu qizni tinch qo‘y», degan nasihat ham qilishmadi. Hatto ayrim yoshlar bir qizning yo‘lini to‘sib, uni omma oldida sharmanda qilayotgan yigitni tartibga chaqirish o‘rniga ushbu holatni mazax qilishdi.

Shukrki, bu borada jamiyatimiz butkul botqoqqa botgani yo‘q. Yoshi katta insonlar, ayrim ayollar va hatto boshqa millat vakillari ham noqulay holatda qolgan qizga yordam berishdi. Ana shunday yaxshi, tarbiyali insonlar bor ekan, yaxshiliklardan umid qilsak bo‘ladi. Faqat ba’zilarga birozgina qat’iyat kerak, xolos.

Har bir qiz, har bir ayol ona demakdir. Shunday ekan, ularni e’zozlash, hurmat ko‘rsatish kerak. Ba’zi yigitlar kabi ularga «gap otib», ortidan yurish emas, jamoat joylarida ularga ehtirom qilish, navbatda turganda o‘tkazib yuborish, qiyin holatlarda yordam berish kerak. Har bir inson jamiki ayollarga nisbatan o‘z onasi, opa-singlisi, yaqini sifatida munosabatda bo‘lsa, o‘ylaymizki, bu borada yuqorida qayd etilganidek muammolar yuzaga kelmaydi.

«Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal» deganlaridek, yaxshisi ko‘rsatuvning navbatdagi sonini o‘zingiz tomosha qilishingizni tavsiya etamiz. «Eksperiment» jamiyat hayotidagi og‘riqli va muhim holatlarni e’tiboringizga havola qilishda davom etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Singlingizning yo‘lini to‘sishsa, nima qilasiz?