Xitoylik tabib 100 ta dorivor retseptni qabr toshiga yozdirishni vasiyat qildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xitoylik tabib Yuan Shufan o‘zining 80 yillik tajribasi asosida to‘plangan 100 ta dorivor retseptni vafotidan so‘ng qabr toshiga o‘yib yozishni vasiyat qildi.
- Qabr toshidagi joy cheklangani bois, tabibning 50 dan ortiq retsepti toshga muhrlangan bo‘lib, ular odamlarga bepul yordam berish maqsadida qoldirilgan.
- Hozirda Xenan provinsiyasidagi mazkur qabrni kuniga 300–400 nafargacha odam ziyorat qilib, retseptlarni ko‘chirib olmoqda.
Xitoyning Xenan provinsiyasida yashagan an’anaviy tabobat mutaxassisi Yuan Shufan o‘zidan keyingi avlodlarga noyob meros qoldirdi. U hayotining so‘nggi yillarida uzoq yillik tajribasi asosida 100 ta dorivor retseptni tanlab, ularni vafotidan keyin qabr toshiga o‘yib yozishni vasiyat qilgan. Bu haqda Shanghai Daily xabar berdi.
Yuan Shufan 16 yoshidan boshlab an’anaviy Xitoy tabobati bilan shug‘ullangan va 80 yildan ortiq vaqt davomida bemorlarni davolagan. U 2006 yilda 97 yoshida vafot etgan.
Tabibning nabirasi Van Kejun mahalliy OAVga ma’lum qilishicha, buvisi yillar davomida o‘rgangan bilimlari va davolash tajribalarini yozib borgan. Umrining oxirida esa ulardan 100 ta retseptni alohida tanlab, o‘g‘liga ularni qabr toshiga yozdirishni tayinlagan.
Retseptlarda dorivor o‘simliklarning nomlari va ularning aniq miqdorlari ko‘rsatilgan. Biroq qabr toshining maydoni cheklangani sababli tanlangan retseptlarning 50 dan ortig‘i unga o‘yib yozilgan.
Yuan Shufan an’anaviy tabobatga oid bilimlar faqat bir kishiga tegishli bo‘lib qolmasligi, balki boshqalarga ham foyda keltirishi kerak, deb hisoblagan. U retseptlarini odamlarga bepul yoki imkon qadar arzon davolanishga yordam beradigan meros sifatida qoldirishni istagan.

So‘nggi kunlarda uning qabri joylashgan Xenan provinsiyasining Sipin uyezdidagi Panlongsyao qishlog‘iga mamlakatning turli hududlaridan odamlar kela boshlagan. Ular qabr toshidagi yozuvlarni suratga olmoqda, retseptlarni ko‘chirib olmoqda. Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, bu yerga kuniga 300–400 nafarga yaqin kishi tashrif buyurmoqda.
Shu bilan birga, tabibning nabirasi retseptlarni shifokor maslahatisiz qo‘llashdan ogohlantirgan. Uning ta’kidlashicha, bu yozuvlar mutaxassislar uchun tajriba almashish manbai bo‘lishi mumkin, ammo bemorlar ularni o‘zboshimchalik bilan tayyorlab, davolanishga urinmasligi kerak.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…