Dubayda aeroportga havo taksisida 10 daqiqada yetib borish mumkin bo‘ladi

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi Marina hududida elektr havo taksilari uchun mo‘ljallangan ikkinchi vertiport qurib bitkazildi va tijoriy parvozlarni amalga oshirish uchun rasmiy sertifikat oldi. Shu tariqa, Dubai Marina va xalqaro aeroport o‘rtasida doimiy havo taksisi yo‘nalishini tashkil etish uchun zarur infratuzilma yaratildi.
Dubay yo‘llar va transport boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Marina hududidan Dubay xalqaro aeroportigacha havo taksisida parvoz 10 daqiqadan kam vaqt olishi kutilmoqda. Avtomobilda esa ushbu yo‘lga tirbandlikka qarab taxminan 35 daqiqa sarflanadi.
Elektr havo taksilari AQSHning Joby Aviation kompaniyasi tomonidan boshqariladi. Vertikal ravishda havoga ko‘tarilib, qo‘na oladigan ushbu havo kemasi bir nafar uchuvchi va to‘rt nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.
Dubai Marina'dagi vertiport Amerika universiteti yaqinida joylashgan. U aeroport yaqinidagi birinchi vertiportdan keyin sertifikat olgan ikkinchi bekat hisoblanadi.
Hozirda yana ikkita vertiport — Downtown Dubai va Palm Jumeirah hududlarida qurilmoqda. Ular foydalanishga topshirilgach, shaharning muhim nuqtalarini bog‘lovchi dastlabki to‘rtta bekatdan iborat havo taksilari tarmog‘i shakllanadi.
Tijoriy yo‘lovchi tashuvlarini 2027 yilning ikkinchi choragida boshlash rejalashtirilgan. 2026 yil oxirida esa xizmatni yo‘lga qo‘yishdan oldingi sinov parvozlari o‘tkazilishi kutilmoqda. Biroq tijoriy qatnovlar tegishli ruxsatnomalar va operatorning tayyorgarligiga ham bog‘liq.

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar



























Izohlar0
…