19:44 / 05.01.2022
1 322

Umra-2022 mavsumi yaqin kunlarda boshlanishi ma’lum qilindi

Umra-2022 mavsumi yaqin kunlarda boshlanishi ma’lum qilindi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Saudiya Arabistonidagi «Abu Sarhad» hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh bilan Umra—2022 mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda Musulmonlar idorasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, mamlakatda Umra safarini tashkil etish choralarini ko‘rish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini o‘rganish, ro‘yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlangan.

Shuningdek, Umra ziyoratini yuqori darajada tashkil etish uchun ko‘p yillik tajriba ega bo‘lgan «Abu Sarhad» hamkor shirkati orqali Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin bo‘lgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshiriladi.

«Qisqa fursatlarda umra safarlari boshlanib, hududlardagi navbatlar asosida belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan, tegishli vaksinani olgan va Saudiya Arabistonining karantin talablarini bajargan fuqarolar tartib bilan muborak safarga jo‘natiladi», — deyiladi xabarda.

Umra safarlarining boshlanish sanasi va birinchi reysning uchish vaqti haqida qo‘shimcha xabar qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 10 avgustidan Saudiya Arabistoni hukumati chet elliklarga Umra ziyoratini amalga oshirishga ruxsat bergandi. Dekabr oyi boshida Saudiya Arabistoni COVID-19 ning yangi «omikron» shtammi tarqalishi munosabati bilan Umra ziyorati tartibini o‘zgartirgandi. Yangi qoidalarga ko‘ra, chet elliklar ziyoratni amalga oshirishi uchun qirollikda tasdiqlangan ikki komponentli COVID-vaksinalaridan biri bilan emlangan bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi delegatsiya Umra safarini hal etish uchun 1 dekabr kuni Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgandi. Qayd etilishicha, delegatsiya butun dunyoda qo‘llanilayotgan karantin cheklovlari sharoitida Umra safarini tashkil qilish bo‘yicha podshohlik muassasalari bilan muzokaralar olib borgan. COVID pandemiyasi boshlanishidan avval Umra safari uchun pul to‘lab, navbatda turganlar va boshqa fuqarolar uchun ushbu ziyoratni amalga oshirish imkoniyatlari yaqin fursatlarda yaratiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Umra-2022 mavsumi yaqin kunlarda boshlanishi ma’lum qilindi