22:42 / 12.01.2022
2 526

«Yangi O‘zbekiston» bog‘idagi monument bo‘yoqlari ko‘chib, yo‘laklarda yoriqlar paydo bo‘la boshladi (foto)

«Yangi O‘zbekiston» bog‘idagi monument bo‘yoqlari ko‘chib, yo‘laklarda yoriqlar paydo bo‘la boshladi (foto)
Foto: Telegram / «Dela tonkiye»
Ijtimoiy tarmoqlarda «Yangi O‘zbekiston» bog‘idan olingan suratlar tarqaldi. Unda «Istiqlol» monumenti barelefiga zarar yetgani, yo‘laklarda yoriqlar paydo bo‘lgani va boshqa kamchiliklar aks etgan.

«Yangi O‘zbekiston» bog‘i ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish direksiyasining «Gazeta.uz»ga bergan izohida aytilishicha, monumentning ayrim bezak qismlari gipsdan tayyorlangan va ular vaqtinchalik hisoblanadi.

«Bu vaqtinchalik gipsdan qilingan. Yaqin ikki oy ichida bronzaga almashtiriladi», — deya ma’lum qildi direktor kuratori Mirjalil Mirqosimov.

Foto: Telegram / «Dela tonkiye»

Foto: Telegram / «Dela tonkiye»
Qayd etish joizki, Toshkentdagi aksariyat yodgorliklar ham ochilish vaqtida gipsdan tayyorlangan. Vaqt o‘tishi bilan ular bronzaga almashtirilgan.

Mirjalil Mirqosimov trotuarlarga zarar yetganiga ham izoh bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bayramlar vaqtida yo‘lovchilar oqimi katta bo‘lgani bilan bog‘liq. «Piyodalar yo‘laklari odamlar bilan to‘ldi, ayrimlari hatto maysalar ustidan ham yurishdi», — degan bog‘ ma’muriyati vakili.

Foto: Telegram / «Dela tonkiye»
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining poytaxtga tutash qismida Qibray tumanida joylashgan «Yangi O‘zbekiston» bog‘i 2021 yil 31 avgust kuni ochilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev bog‘ va monumentning tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, nutq so‘zlagandi.

2021 yilning noyabrida ushbu bog‘dagi Mustaqillik monumenti Turkiyadan olib kelingan materiallardan qayta rekonstruksiya qilinayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Holatga rekonstruksiya ishlarini olib borayotgan Turkiyaning Outdoor Factory Acik Hava Fabrikas shirkati mutaxassisi Sinan Turaman izoh bergan.

Unda ushbu monument loyihasini qisqa muddatlarda barpo qilish vazifasi yuklatilgani, ammo Turkiyada koronavirus pandemiyasi sababli belgilangan karantin cheklovlari natijasida zarur mutaxassis va xom ashyo mahsulotlarini o‘z vaqtida O‘zbekistonga olib kelish imkoniyati bo‘lmagani, natijada monumentning muhim bo‘lgan tarixiy shaxslar, davlat arboblari va hodisalarni aks etuvchi detallari to‘liq o‘rnatilmagani bildirilgan. COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar yumshatilgandan keyin bu ishlarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, «Yangi O‘zbekiston» bog‘i va «Istiqlol» majmuasi qurilishining pudratchisi, davlat xaridlari portali ma’lumotlariga ko‘ra, Mimar Group hisoblanadi. Qurilish-montaj ishlari qiymati, davlat xaridlari portalidagi ikkita lotga muvofiq, mos ravishda 146,5 milliard va 47,8 milliard so‘mga baholangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Yangi O‘zbekiston» bog‘idagi monument bo‘yoqlari ko‘chib, yo‘laklarda yoriqlar paydo bo‘la boshladi (foto)