17:35 / 10.02.2022
1 261

Spiker o‘rinbosari «Xonbaliq» klasteri orqali xonadonlarda forel balig‘ini yetishtirishni tavsiya qildi

Spiker o‘rinbosari «Xonbaliq» klasteri orqali xonadonlarda forel balig‘ini yetishtirishni tavsiya qildi
Foto: Xalq so‘zi
Forel dunyoda eng ko‘p iste’mol qilinadigan, xaridorgir, eksportbop va noyob baliq turi hisoblanadi. Ammo bu turdagi baliqlar juda nozik xususiyatga ega, ya’ni ular har qanday suv havzasida ham yashab ketavermaydi. Qarshi tumanida yashovchi tadbirkor Abror Jo‘rayev bu baliq turini shu hudud sharoitida, artezian orqali yer ostidan tortib olingan suvda ko‘paytirishni tajribadan o‘tkazdi.

Bizning hududimizda 40 metr chuqurlikdan chuchuk suv chiqadi, — deydi Abror Jo‘rayev. — Yer osti suvi harorati 17 daraja bo‘lib, bu suvda forel balig‘i bemalol rivojlanishini o‘z tajribamdan o‘tkazdim. Dastlab kichik hovuzlarda baliq o‘stirgan bo‘lsam, 2020 yilda yarim intensiv usulda baliq boqishga ixtisoslashgan «Xonbaliq» klasterini ochdim. Hozirda 15 ming dona forel balig‘i chavoqlarini 30 ta intensiv usuldagi hovuzda parvarish qilyapman. Ularning har biri olti oyda 1,5 kilogramm tosh bosadi. Forel baliqlarini supermarket va bozorlarga chiqarishni mo‘ljallab turibman.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasi Spikeri o‘rinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov mazkur klaster faoliyati bilan tanishdi. Forel baliqlari yetishtirishni ko‘paytirish va bu jarayonni aholi xonadonlarida ham joriy etish borasida tavsiyalar berdi.

Aholi xonadonlarida maxsus hovuzlar barpo etilsa va klaster tomonidan baliq uvildiriqlari yetkazib berilib, boqish texnologiyalari o‘rgatilsa, albatta, klaster imkoniyatlari ham kengayadi, aholi daromadlari ham oshadi, — dedi A. Xaitov. — Bu faoliyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida biz Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi jamg‘armasidan imtiyozli kreditlar ajratishga tayyormiz.

«Xonbaliq» klasteri rahbari Abror Jo‘rayev kelgusida faoliyatini kengaytirib, xonadonlarda bu turdagi noyob baliqlarni ko‘paytirish evaziga yiliga 200 tonna baliq yetishtirishni mo‘ljallamoqda. Hozirda 6 kishi doimiy ish bilan band etilgan bo‘lsa, keyinchalik ularning safi anchagina kengayadi.

Faxriddin Bozorov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Spiker o‘rinbosari «Xonbaliq» klasteri orqali xonadonlarda forel balig‘ini yetishtirishni tavsiya qildi