O‘zbekiston Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook’dagi sahifasida Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida yashovchi 37 yoshli fuqaro Yusuf Sultonov tuman IIBga olib ketilib, to‘rt-besh soatdan so‘ng uyiga o‘lik holda qaytarilganini yozdi. Bu haqda munosabat bildirgan viloyat prokuraturasi mazkur ish yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari boshlab yuborilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, marhum 2022 yilning 11 fevral kuni oqshom paytida mahalla profilaktika inspektori Sunatilla Doniyorov tomonidan tuman IIBga olib ketilgan va to‘rt-besh soatdan so‘ng o‘lik holda qaytarilgan.
«Daryo» muxbiri bilan telefonda muloqot qilgan mahalla profilaktika inspektori Sunatilla Doniyorov marhum haqiqatan ham o‘sha kuni oqshom paytida qishloqdoshining shikoyati sabab IIB xodimi tomonidan olib ketilganini tasdiqladi.
«Ammo marhumni men emas, shogirdim olib kelayotgandi. Men ularga yo‘lda qo‘shildim», — deydi mahalla profilaktika inspektori.
Ma’lum qilinishicha, marhum Yusuf Sultonovning qishloqdoshi IIB xodimlariga murojaat qilib, uning tinchini buzayotganini aytgan.
«Marhum o‘sha kuni shogirdim tomonidan qorong‘i tushayotgan paytda olib kelingan. Shogirdim ularni, ya’ni marhum va uning ustidan shikoyat qilgan qishloqdoshini shikoyat qilgan odamni qizining uyi oldidan topgan. Biz mahalla fuqarolar yig‘inidagi profilaktika inspektorining xonasida bir soatdan ortiq o‘tirdik, keyin viloyat Narkologiya dispanseriga ketdik. Marhumning qishloqdoshi mahallada qoldi. Yusuf Sultonov esa Qarshi shahriga borguncha mashinada uxlab bordi. Biror joyi og‘riyotgani yoki mazasi bo‘lmayotgani haqida shikoyat qilmagandi», — deydi «Chandir» MFY profilaktika inspektori Sunatilla Doniyorov.
Profilaktika inspektorining aytishicha, ular viloyat Narkologiya dispanseriga soat 22:30 da kirib borgan.
«Viloyat narkologiyada ko‘rikdan o‘tganidan so‘ng Yusuf Sultonovni sohil bo‘yidagi shifoxonaga olib borishimiz kerakligini aytishdi. Shifoxonaga borganimizda esa, uning tobi yo‘qligini tez yordamga olib borishimiz kerakligini aytishdi. Keyin uni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filialiga olib bordik. Rahmatli o‘sha yerda vafot etdi», — deydi mahalla profilaktika inspektori.
«Daryo» muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan «Chandir» MFY raisi Ismat Avazov marhum Yusuf Sultonov o‘sha kuni aynan qayerga olib borilganini aniq bilmasligini, ammo marhum haqiqatan ham ichkilikka ruju qo‘yganini bildirdi.
«Dunyodan o‘tgan odamni yomonlash emas-u, ammo marhum ko‘p ichardi. Uning dastidan oilasiga tinchlik yo‘q edi. O‘zining ham, xotinining ham pasportini ichkilik olish uchun garovga berib yuborgandi. Ikki nafar bolasi bor, bolalarining hatto guvohnomasi ham yo‘q. Bir nogiron akasining pasportini ham shu yo‘q qilgandi», — deydi MFY raisi.
Mirishkor tuman hokimligi axborot xizmatining tuman IIBga tayanib yozishicha, tuman IIBga Yusuf Sultonovning vafot haqida 2022 yilning 12 fevral kuni soat 01:47 da xabar berilgan.
«2022 yil 11 fevral kuni soat 18:15 da 56 yoshli fuqaro K.A. profilaktika inspektori, mayor Sunatilla Doniyorovga telefon qilib, Yusuf Sultonov mast holda ko‘chada fuqarolar tinchini buzayotganini aytib, chora ko‘rishini so‘ragan. Leytenant Q.Niyozboyev qo‘shni hudud profilaktika inspektori leytenant I.Ochilovni telefon orqali chaqirib, uning mashinasida Yusuf Sultonovni ‘Chandir’ MFY binosiga olib borib, spirtli ichimlik iste’mol qilgani yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirgan. Yusuf Sultonovni profilaktika inspektorlari — leytenant Q.Niyozboyev va mayor S.Doniyorov viloyat narkologiya dispanseriga olib borgan. Dispanser shifokorlari Yusuf Sultonovning sog‘lig‘i yomonligini, shifoxonaga olib borishlari kerakligini bildirgan. Shundan so‘ng bemor 23:10 da Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filialiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan Yu.Sultonov shifoxonada vafot etgan», — deyiladi Mirishkor tumani hokimligining rasmiy axborotida.
Hokimlikning qayd etishicha, sud tibbiy ekspertiza xulosasida marhum o‘tkir zaharlanishning og‘ir darajasi, aspiratsion sindrom, alkogol komasi, 2-, 3-darajali UNЕ, 2-darajali UYUKTЕ, aganal holati natijasida vafot etgan. Tanasida jarohatlar yo‘q.
Viloyat prokuraturasining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Yusuf Sultonovning o‘limi yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergov-surishtiruv jarayonlari boshlab yuborilgan.
Yusuf Sultonov Qashqadaryoda IIB xodimi tomonidan olib ketilib, ma’lum vaqtdan so‘ng vafot etgan yagona marhum emas. Viloyatning Chiroqchi tumani Langar qishlog‘ida yashagan Yusuf Abdurahmonov ham 2020 yilning yanvar oyida mol o‘g‘riligida ayblanib, tuman IIB binosiga olib kelingan va ma’lum vaqtdan so‘ng uydagilariga o‘lik holda qaytarilgan. Keyinchalik aniqlanishicha, marhumning o‘limiga IIB xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklangani sabab bo‘lgan. Shuningdek, viloyatning Nishon tumani «Kaptarli» mahallasida yashagan 51 yoshli Nursoat Muhammadiyev ham 2021 yilning 25 iyul oqshomida uyidan IIB xodimlari tomonidan sog‘lom holda olib ketilib, 26 iyul kuni peshindan so‘ng shifoxona orqali o‘lik holda qaytarilgan. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda