928
“O‘zbek ilm-fani jar yoqasiga yaqinlashmoqda” nomli maqolaga Fanlar akademiyasining rasmiy mnosabati
Tibbiyot akademiyasi professorining ijtimoiy tarmoqlarda ilmiy jamoatchilikka murojaat bilan chiqishini so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarning natijasi, deb qarash mumkin. Ilgari bunday chiqishlar qilishni xayolga ham keltirib bo‘lmasligini murojaat muallifining o‘zi ham yaxshi bilsa kerak.
Maqola muallifi, “kuyinchaklik” bilan yetarli darajada asoslanmagan shaxsiy xulosasini ijtimoiy tarmoqqa chiqib, jar solishi, nazarimizda, ilmiy etikaga to‘g‘ri kelmaydi.
“Keling haqiqatga tik qaraylik! O‘zbekiston ilm-fani tobora jar yoqasiga yaqinlashmoqda”, deb yozadi muallif. Biroq, mazkur fikrni asoslovchi biror fakt keltirmaydi. Agar real faktlarga, mavjud statistika va raqamlarga suyanadigan bo‘lsak, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston ilm-fani yangi pog‘onaga ko‘tarilayotgani, aniq va ijtimoiy-gumanitar fan kesimlarida olimlarimiz, ayniqsa, yoshlar katta muvafaqqiyatlarga erishayotganining guvohi bo‘lamiz.
“Ilmga kirib kelayotgan yosh olimlar orasida plagiatlik avj oldi” deb yozadi, olim. Agar muallifning fikri asosli bo‘lsa, o‘z iddaosiga aniq dalillar keltirishi lozim va bu faktlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Keyingi jumlada: “Ilm qila oladigan xodim ham, qila olmaydigani ham dissertatsiya yoqlashga undalmoqda”, deyilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda hech kimni ilm qilishga majburan undashga hojat yo‘q. To‘g‘ri, bundan olti-yetti yil muqaddam ilmiy tashkilotlarda olimlar olayotgan maosh arzimas bo‘lganligi sababli ilmga yoshlarning kirib kelishi, ilmni davom ettirishi katta bir muammoga aylangan edi. Biroq, so‘nggi yillarda sharoit tamomila o‘zgardi. Ilmga ko‘plab yoshlar o‘z ixtiyori bilan kirib kelmoqda. Bugun ilmiy darajaga ega bo‘lgan olimlarning maoshiga 30-60 foizlik ustamalar to‘lanayotganligi bois kimgadir “ilmiy ish yoqlaysan”, deyishga hojat qolmadi. Aksincha, imkoniyatdan foydalangan holda, ilmiy tashkilotlarda ilmiy darajaga ega bo‘lish suratlari o‘smoqda, bu ham tabiiy jarayon.
Maqolada “Mana 30 yildirki, hech kim kafedralar moddiy-texnik bazasini yaxshilash haqida qayg‘urmaydi yoki yolg‘ondan qayg‘uradi. Demoqchiman-ki, 30 yildan buyon bizga va’dalar beriladi, biroq kafedra va ilmiy laboratoriyalar anjomlari eskirgandan eskirib borayapti”, deb yoziladi.
Agar muallif so‘nggi yillarda ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun davlat budjetidan qancha mablag‘ ajratilayotgani, yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaxshiroq tanishib chiqishga harakat qilganda edi, bu murojaatni yozmagan bo‘lar edi.
Birgina Fanlar akademiyasiga so‘nggi 3 yilda davlat budjetidan deyarli 800 mlrd so‘m ajratilgan. Olimlarning maoshi esa qariyb 2 yarim barobarga oshirilgan. Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining oylik maoshlari to‘liq budjetdan moliyalashtirishga o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qaroriga muvofiq 53 ta oliy ta’lim muassasalarining 400 ta o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan bosqichma-bosqich jihozlash belgilandi va bunga 17 mln. 600 ming AQSH dollari sarflanib, 112 ta o‘quv laboratoriyalari tashkil qilindi hamda jihozlandi.
Bundan tashqari, 2019-2022 yillarda 11 mln. AQSH dollari qiymatida 7 ta oliy ta’lim muassasalariaro ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil qilindi.
Shuningdek, Fanlar akademiyasining Matematika, Immunologiya va inson genomikasi, O‘simlik moddalari kimyosi, Astronomiya kabi ilmiy tashkilotlarining nafaqat moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, balki, bugungi kunda dunyodagi eng zamonaviy ilm maskanlari bilan tenglasha oladigan muassasaga aylandi.
Muallif oxirgi yillarda matematika va fizika, kimyo-biologiya fanlarini rivojlantirish borasida qabul qilingan Prezident Qarorlari bilan tanish bo‘lganida, ushbu qarorlarning matnidan ilm-fan sohasidagi mavjud muammolar Prezidentimiz va Fanlar akademiyasi tomonidan ochiq, atroflicha muhokama qilingani va ular o‘z yechimini topayotganidan xabardor bo‘lar edi.
Maqolada “Ilmiy-amaliy falokat yoki Sardobada olimlar nima ish qilishdi?” mazmunida “ ... Fanlar akademiyasi xodimlarini tulki va ko‘rsichqon inini izlab topishga yuborishgan. Bu voqeani misli ko‘rilmagan bedodlik va sharmandalik deb hisoblaymiz. Bundaylar uchun na olimning, na ilm-fanning qadri bor”, degan fikrlar bildirilgan.
E’tibor qarataylik, albatta, yurtimizda yuz bergan har qanday tabiiy yoki texnogen fojiaga Fanlar akademiyasining olimlari befarq bo‘lmagan. Shuning uchun, yuzaga kelgan holatni atroflicha o‘rganish, uning oqibatida yetgan talofotlarni bartaraf etish hamda kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan shunday fojialarning oldini olish bo‘yicha Fanlar akademiyasining olimlari ekspert sifatida o‘z fikrlarini bildirgan. Masalan, qurib qolgan Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va yondosh hududlarga Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari uyushtirgan ilmiy-amaliy safarlar va ularning tavsiyalarini keltirish mumkin.
Muallif tanqid qilgan Sardoba suv omborida yuz bergan falokatning sabablarini o‘rganish masalasiga qator olimlar, xususan, zoologlar, inshootlar seysmik mustahkamligi, materialshunoslik, mexanika kabi turli yo‘nalishdagi mutaxassislar ham jalb etilgan. Demak, yoritilayotgan masala haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmagan ayrim manbalar asosida Fanlar akademiyasi olimlarining faoliyatiga noholis va yuzaki baho berish to‘g‘ri emasligini eslatib o‘tamiz.
“Fanlar akademiyasi meni fikrimcha allaqachon qariyalar uyiga aylangan”, deb yozadi muallif. Aslida, 2016 yil kesimida Fanlar akademiyasi tizimidagi fan doktorlarining o‘rtacha yoshi 67.2, fan nomzodlari esa 58.1 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, mamlakatimizda ilm-fanga ko‘rsatilayotgan e’tibor, moddiy qo‘llab-quvvatlashlar natijasida yoshlarning ilmga kirib kelishi ham keskin ortdi. Fikrimizni yana raqamlar bilan asoslaymiz, 2022 yil yanvar holatiga ko‘ra, Fanlar akademiyasida fan doktorlarining o‘rtacha yoshi 63.3, fan nomzodi/falsafa doktorlari esa 50.1 yoshni, umumiy xodimlarning o‘rtacha yoshi esa 45.6 ni tashkil etmoqda. So‘nggi besh yil kesimida Davlat Rahbari tomonidan ilm-fanga ko‘rsatilayotgan e’tibor, moddiy rag‘bat sabab stajor-tadqiqotchilik, tayanch-doktoranturani tashkil etilganligi, doktoranturaga kvota 2 barobar ortgani buning yaqqol misoli bo‘ladi.
“Birorta olamshumul yangi kashfiyot yo‘q!”, deb qo‘shimcha qiladi muallif. Bunday iddaodan oldin hech bo‘lmaganda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berib borilayotgan ilmiy yangiliklar bilan tanishib borish kerak. Masalan, 17 fevral kuni kun.uz internet saytida e’lon qilingan “Yangi yulduzdan – Kofirqal’agacha. O‘zbek olimlarining so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim 10 kashfiyot va ixtirolari” (https://kun.uz/93837429) maqolasini e’tiboringizga havola qilamiz va qo‘shimcha qilish mumkinki, ilmiy ishlarning natijalari haqidagi batafsil ma’lumotlarni kichik bir maqolaga sig‘dirish qiyin.
Aslida, professor, ilm sohasi vakili sifatida Fanlar akademiyasida chop etilayotgan 20 dan ortiq ilmiy jurnallar, shuningdek, FA olimlarining nufuzli xalqaro ilmiy nashrlarda e’lon qilayotgan ilmiy ishlaridan xabardor bo‘lishi kerak edi.
Shuningdek, Fanlar akademiyasining rasmiy veb-sayti orqali ham tizimda olib borilayotgan ilmiy yangiliklar va islohotlar bilan muntazam tanishib borish mumkin.
Fanlar akademiyasi o‘z tizimida yetishib chiqqan olimlari bilan chindan faxrlanadi. Bu olimlarni bilgan, tanigan, hurmat qilgan, o‘zini ziyoli sanagan odam Fanlar akademiyasiga, ilm-fanga qarab tosh otmaydi. Qolaversa, Fanlar akademiyasi ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi piar bilan emas, uzoq yillarga mo‘ljallangan fundamental fan bilan shug‘ullanadi. Fundamental fanda esa, natijaga erishish uchun ma’lum bir vaqt talab etiladi.
Hozirgi kunda ham Fanlar akademiyasida samarali faoliyat olib borayotgan va dunyo miqyosida tanilgan olimlar talaygina. Ularni sanab o‘tishga bitta maqolaning hajmi kamlik qiladi. Dalillarimiz asosli bo‘lishi uchun atigi bitta misolni keltiramiz.
Akademik Sh.Ayupov rahbarligida faoliyat yuritayotgan Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti matematika fanini rivojlantirishda matematik tadqiqotlarning jahon darajasida e’tirof etilgan markazlardan biriga aylanganini ta’kidlash lozim. Institutda matematika sohasida ilmiy maktablar shakllandi va ular muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Qator matematiklar esa nufuzli Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) a’zoligiga saylangan. Bonn, Kembrij, Parij, Seul, Santyago de Kompastela universitetlari va boshqa ilmiy markazlarning olimlari bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ilmiy xodimlarning o‘rtacha yoshi 47 yoshni tashkil etmoqda. Institut uchun eng zamonaviy bino qurib berildi.
Bular “xamir uchidan patir”, xolos. Demak, Fanlar akademiyasini “uxlashda” va “Yangi Yahyo G‘ulomovlar”ning yo‘qligida ayblashdan oldin “uyqudan uyg‘onish”ni va ilmiy sohada erishilayotgan yutuqlar bilan, hech bo‘lmaganda, kundalik berilayotgan yangiliklar orqali tanishib chiqishini tavsiya qilamiz.
Muallifning bu murojaatni yozishdan asl maqsadi boshqa ekani, keyingi jumlalardan yanada oydinlashadi: “Axir bunday insonlar sizlar yomonlaydigan Sovet O‘zbekistonida yetishib chiqqan ediku”.
Fanlar akademiyasida hech bir olim, muallif urg‘ulayotgandek, “Sovet O‘zbekistoni”ni yomonlamagan, qoralab maqolalar yozmagan. Faqat sho‘ro tuzumi siyosatini qoralagan, buning farqiga borish kerak.
Keyingi vaqtlarda, qo‘shni davlat hamda sobiq ittifoq mamlakatlarida bo‘lib o‘tayotgan voqealar oqimiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, muallif bu kabi savollarni bekorga o‘rtaga tashlamayotganini sezish unchalik qiyin emas. Sobiq Ittifoq davridagi hayotni ulug‘lash, unga mahliyo bo‘lish va yana qaytib ana shu ittifoq tarkibiga kirishga undashga chaqiruvchi bunday murojaatlar oldin ham bo‘lgan, bundan keyin yanada avj olishi ehtimoldan xoli emas.
Muallif murojaatidagi “Nega shunday muqaddas yurt taqdirini bir hovuch laganbardor, korrupsioner va halq oldida bir pullik obro‘si yo‘q ba’zi hokim va vazirlarga topshirib qo‘ydik”, kabi jumlalar nafaqat o‘zbekona odob-axloq madaniyati, balki mavjud me’yoriy qonunlarga ham zid keladi-ki, bu iddaoni muallif yo aniq faktlar asosida isbotlab berishi yoxud qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Nazarimizda, uning bu kabi murojaatnoma bilan chiqishidan oldin, mamlakatimizdagi mavjud qonunlar bilan yaxshilab tanishib chiqishini, asossiz tuhmat, jamoatchilik oldida beobro‘ qilish uchun javobgarlik belgilanganini unutmaslik kerakligini, eslatib qo‘yish joiz deb bilamiz.
E’tiborli jihati, biror muammoni ko‘tarib chiqish, kamchilikni ko‘rsatish oson, lekin negadir professor o‘z chiqishlarida muammoni ko‘targanu, unga yechimni taklif qilmagan. Ilm-fan sohasinining vakili o‘laroq, fan rivoji uchun o‘zi biror yangilik qilganmi?, degan savol tabiiyki barchada uyg‘onadi?!
O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi Axborot xizmati
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Fanlar akademiyasi Axborot xizmati
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vazirini qabul qildi
1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi