15:17 / 03.03.2022
1 789

Rossiyaga qo‘llanayotgan sanksiyalar O‘zbekiston iqtisodiyoti va migrantlar daromadiga qanday ta’sir qiladi?

Rossiyaga qo‘llanayotgan sanksiyalar O‘zbekiston iqtisodiyoti va migrantlar daromadiga qanday ta’sir qiladi?
Foto: DPA/RIA Novosti
Rossiyaga G‘arb davlatlari moliyaviy jihatdan «hujum» qildi. Natijada rubl tarixiy eng past darajaga tushib, dollar va yevroga nisbatan o‘z qiymatini sezilarli miqdorda yo‘qotdi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyoti va Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari daromadlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

G‘arb davlatlari kollektiv ravishda Rossiya Markaziy banki aktivlarini muzlatishga qaror qildi. Xalqaro sanksiyalarga tushgan Rossiya banklari SWIFTʼdan uziladi, zaruratga qarab boshqa banklar ham tizimdan chetlatilishi mumkin. Buning ortidan rubl tarixiy eng past darajaga tushib, dollar va yevroga nisbatan o‘z qiymatini sezilarli miqdorda yo‘qotdi. Rossiya MB qayta moliyalashtirish stavkasini 9,5 foizdan 20 foizgacha ko‘tardi. Mamlakat eksportyorlari uchun valyuta tushumlarining 80 foizini rezidentlarga majburiy sotishi belgilandi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil yakunlari bo‘yicha Rossiya 7,5 milliard dollarlik savdo aylanmasi bilan O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi (2018–2020 yillarda O‘zbekistonning tashqi savdodagi eng yirik hamkori Xitoy bo‘lgan) sifatida qayd etilgan. Kun.uz Rossiya iqtisodiyotidagi «qora kunlar» O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida mutaxassislar fikrlarini to‘pladi.

Valijon To‘raqulov, tashqi savdo bo‘yicha ekspert

Foto: YouTube / Osmondagi bolalar
«Rossiyaga G‘arb davlatlari moliyaviy jihatdan hujum qildi. Har qanday iqtisodiyotning harakatlantiruvchi asosiy kuchi pul va uning qanchalik yaxshi aylanishiga bog‘liq. Ya’ni pul aylanishi uchun byurokratik to‘siqlar qanchalik kam bo‘lsa va komissiya to‘lovlari foizlari arzon bo‘lsa, bu iqtisodiyot tez rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Shu nuqtayi nazardan G‘arb Rossiyani SWIFT’dan (ta’bir joiz bo‘lsa banklarning Whatsapp platformasi) uzib qo‘ydi. Hozirda Rossiya ham eksport qilishda, ham import qilishda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Rubl 30 foizdan ortiq darajada qadrsizlandi. Urush davom etayotgan sharoitda Rossiyaning o‘zida dollarga bo‘lgan talab keskin oshdi. Bir narsaga e’tibor qaratish muhim: rubl qanchaga qadrsizlansa, import mahsulotlarining narxi shunchaga oshadi. Importni ham ikkiga bo‘lish mumkin. Birinchisi, xomashyo importi. Demak, Rossiya o‘zining ichki iste’moli uchun qiladigan xomashyo importidan to‘laligicha foydalana olmayapti, chunki dollar kerak, dollar esa juda qimmat. Bundan tashqari, chetga eksport qiladigan mahsulotlar uchun ham xomashyo kerak. Oddiygina oyoq kiyimi ishlab chiqarish uchun ham qaysidir mamlakatdan ma’lum miqdorda xomashyo olib kelish lozim.

Bu esa mamlakat eksport salohiyatiga jiddiy ta’sir qiladi. Ham import tovarlari narxi, ham ichki ishlab chiqarish mahsulotlari narxi (tashqaridan keladigan xomashyo qimmatlashishi sabab) oshishi oqibatida butun Rossiyada mahsulotlar qimmatlashishi kuzatilyapti. Istiqbolda iqtisodiy turg‘unlik ham vujudga kelishi mumkin. Narxlar qimmatlashib, inflyatsiya oshib ketadigan bo‘lsa, ishlab chiqarish va qurilishlar to‘xtab qoladi. Xususan, qurilish shunday bir sohaki, u orqali butun bir sanoat (oziq-ovqat, qurilish materiallari, kiyim-kechakka talab yuzaga kelishi natijasida) harakatlanadi. Ikkinchisi, oziq-ovqat importi. Cheklovlar Rossiyada oziq-ovqat mahsulotlarining ham qimmatlashishiga sabab bo‘ladi.

Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir haqida to‘xtalib o‘tsak. Hozirda mehnat muhojirlarimiz tomonidan Rossiyadan yuborilayotgan pullar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining taxminan 10 foiziga yaqinini tashkil qiladi. Bu yerdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat sabab pul oqimi kelishi keskin pasayadi, hattoki migrantlarimiz ushbu mamlakatda ish topa olmay qolishi ham mumkin. Muhojirlarning O‘zbekistonga qaytishi esa ham iqtisodiy, ham ijtimoiy muammolarni yuzaga keltiradi. Qaytib kelgan fuqarolarimizni ish bilan ta’minlash muammosi kun tartibiga chiqadi.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi savdo haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, Rossiya dunyo bozoriga asosan energoresurslar (neft va gaz), temir, po‘lat va yog‘och eksport qilish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Ushbu mahsulotlar taklifi kamayishi, global miqyosida narxlar oshishiga ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston ham yuqoridagi mahsulotlarni katta miqdorda Rossiyadan import qiladi. Urush cho‘ziladigan bo‘lsa va sanksiyalar yumshatilmasa, O‘zbekiston ichki bozorida ham Rossiyadan import qilinadigan mahsulotlar narxi oshadi.

O‘zbekiston esa asosan rus bozoriga paxta (tekstil uchun), avtomobil va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qiladi. Hozirgi keng ko‘lamli sanksiyalardan zarar ko‘rishimiz aniq. Agar to‘lovlarni dollarda emas, rublda qabul qilishga rozi bo‘lgan taqdirimizda ham rus xalqining sotib olish qobiliyati pasayishi hisobiga baribir eksport qisqaradi. Rossiyada faqat davlat emas, butun boshli xalq kambag‘allashyapti. Sotib olish qobiliyati pasaygan davlatga biz ham oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qila olmay qolishimiz mumkin.

Shu bilan birga, buning foydali tomoni ham bor. Bu Rossiya yo‘nalishiga qaram bo‘lib qolgan eksport bozorimizga signal bo‘lishi kerak. Hukumat va eksportchilarmiz bozor diversifikatsiyasini amalga oshirib, faqatgina Rossiya bozori emas, Xitoy, Markaziy Osiyo va O‘rta Sharq mamlakatlaridagi imkoniyatlarni o‘rganishi lozim. Bir bozorga qaram bo‘lib qolish, o‘sha bozorda qanday salbiy o‘zgarish bo‘lsa, siz ham shu narsani tatib ko‘rishingizga sabab bo‘ladi. Mana shu qaramlikdan qutulib olishga imkoniyat sifatida ko‘riladigan bo‘lsa, hozirgi holat yaxshi. Men juda yomon holatning yaxshi tomonini ham ko‘rishga harakat qilyapman.

Yana bir jihat, Rossiyaning sanksiyalarga tushishi natijasida boshqa bozorlar yopilishi sabab yuzaga kelgan bo‘shliqni O‘zbekiston to‘ldirishi ham mumkin. Ammo Rossiyadan biz import qiladigan tovarlarning bo‘shlig‘ini to‘ldirish katta bir muammo. Bu yangi bozorlarni topish orqali amalga oshishi mumkin. Shu joyda bir narsani ta’kidlab o‘tish joizki, agar Jahon Savdo Tashkilotiga allaqachon a’zo bo‘lganimizda edi, hozirgi holatimizda arzon va oson yangi bozorlarni topa olardik. Bu ham aslida tezroq iqtisodiyotimizni erkinlashtirish, erkin savdoga yo‘l ochish uchun yaxshigina signal».

Yuliy Yusupov, iqtisodchi

«Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz ishchi kuchiga, xususan, O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlari xizmatlariga talab pasayishini anglatadi. Shunga ko‘ra, migrantlar soni, ularning daromadlari va O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi kamayadi. Pul o‘tkazmalari hajmiga ta’sir o‘tkazadigan yana bir katta zarba rublning qadrsizlanishidir. Ya’ni rubl qanchaga qadrsizlansa, migrantlarning O‘zbekistonga yuboradigan o‘tkazmalari ham shunchaga kamayadi. Rossiya mehnat muhojirlarimiz uchun asosiy mezbon davlat ekanini inobatga olsak, bularning barchasi O‘zbekistondagi valyuta tushumlari hajmiga, migrant oilalar daromadiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrardir.

Pul o‘tkazmalari hajmi kamayishi esa xorijiy valyutaning O‘zbekistonga kirib kelishini kamaytiradi. Bu esa so‘m kursiga bosim o‘tkazadi. Xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi tufayli Qozog‘iston tengesi allaqachon pasayishni boshladi. So‘m Markaziy bankning qattiq nazoratida bo‘lgani uchun ham hali qadrsizlanmadi. Markaziy bank o‘z zaxiralari hisobiga valyuta kursini sun’iy ravishda uzoq muddat ushlab turishi mumkin. Sababi valyuta kursi barqarorligi ham devalvatsiya, ham inflyatsiya kutilmalarini kamaytiradi va xorijiy valyutaga bo‘lgan shoshilinch talabni pasaytiradi.

Ammo bunday siyosatning ikkita katta kamchiligi bor: Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari yo‘qotiladi va ishlab chiqaruvchilarimizning (eksportchilar va import bilan raqobatlashuvchi kompaniyalar) raqobatbardosh mavqeyi milliy valyutalari qadrsizlangan mamlakatlarga (xususan, Rossiya, Qozog‘iston) nisbatan yomonlashadi. O‘zbekistonda bu mamlakatlarning mahsulotlari arzonlashadi, bizning mahsulotlarimiz esa u yerda qimmatlashadi. Aytish mumkinki, katta ehtimol bilan so‘mning keskin qulashi bo‘lmaydi, ammo milliy valyutaning bosqichma-bosqich devalvatsiyasi (hozircha sust) tezlashadi.

Tashqi savdo masalasida aniq prognozlar qilish qiyin. Bir tomondan, inqiroz sabab Rossiya va Ukrainadagi daromadlar pasayishi o‘zbek tovarlariga bo‘lgan talabni kamaytiradi (Rossiya mamlakatimizning eng yirik savdo sheriklaridan biridir). Ikkinchi tomondan, Rossiyaning transport izolyatsiyasi (Rossiya orqali ko‘plab tovarlarimiz Yevropa bozorlariga olib chiqilgan) va moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishdagi qiyinchiliklar ba’zi yo‘nalishlardagi tovarlarni jismonan yetkazib berishni cheklab qo‘yadi. Bu holatlar O‘zbekiston eksport salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Boshqa tomondan, asosiy eksport tovarlarimiz bo‘lgan oltin va gazning jahon bozoridagi narxlari oshishini kutishimiz mumkin. Shunga ko‘ra, ushbu tovarlarni sotishdan keladigan valyuta tushumi oshadi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoning Rossiyaga yaqinligi va uning “geosiyosiy manfaatlari” mavjud bo‘lgan hudud ekani mintaqa davlatlarining investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin».

Behzod Hoshimov, iqtisodchi

«Aytish joizki, rublning narxi to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘p o‘zbekistonliklarning daromadlariga ta’sir qiladi. Bir necha million hamyurtimiz rublda daromad oladi. Ularning daromadlari hisobiga ko‘pgina oilalar kun ko‘rishadi. Tabiiyki, o‘zbekistonliklarning daromadlari pasayishi hech kim uchun yaxshi yangilik emas. Bir yilda 4-5 milliard dollar Rossiyadan O‘zbekistonga kelsa va bu raqamlarning, deylik, 30–40 foizga qisqarishi nihoyatda jiddiy masala. Xuddi shunday, Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz ham daromadlarga, ham ish o‘rinlariga ta’sir qiladi. Ya’ni bor ishchilarning daromadlari pasayibgina qolmay, yangi ish joylari ochilishi kamayadi — bu narsa biz uchun, tabiiyki, muammo. Masalaning qisqa muddatli yechimlari yo‘q. Balki chuqur institutsional islohotlar qilishni boshlashga majbur bo‘lib qolarmiz».

Mirkomil Xolboyev, iqtisodchi

Foto: Mirkomil Xolboyev / Facebook
«Rossiya iqtisodiyotiga qo‘yilgan sanksiyalar natijasida ishsizlik ortishi, rubl qadrsizlanishi hamda Rossiya banklarining SWIFT’dan uzib qo‘yilishi o‘zbek migrantlari pul o‘tkazmalariga jiddiy ta’sir o‘tkazishi tabiiy. Birgina rublning jiddiy darajada qadrsizlanishi migrantlar (dollardagi) oylik maoshining qariyb ikki barobar kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Rossiyadan pul o‘tkazmalarining keskin pasayishi daromad darajasi pastroq bo‘lgan viloyatlarga keskin ta’sir qiladi. Birinchidan, o‘rtacha (umumiy) daromadi pastroq bo‘lgan viloyatlarda chet eldan pul o‘tkazmalari ulushi boshqa daromad darajasi balandroq bo‘lgan viloyatlarga nisbatan yuqori. Ikkinchidan, past daromadli viloyatlarda (masalan, Surxondaryoda) chet elga ketgan fuqarolarning aksariyati past malakali ishchilar hisoblanadi. Past malakali migrantlarning asosiy qismi esa aynan Rossiyada faoliyat olib boradi. Shu ikki jihatga ko‘ra hozirgi inqiroz, daromad darajasi pastroq viloyatlarda ko‘proq sezilishi mumkin. Ya’ni bu viloyatlarda yashovchilar ko‘proq kambag‘allashadi».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiyaga qo‘llanayotgan sanksiyalar O‘zbekiston iqtisodiyoti va migrantlar daromadiga qanday ta’sir qiladi?