
Inobat Abdullaeva s'yomka jarayonida.
Foto: «Daryo»
Qashqadaryo viloyat televideniesi jurnalisti Inobat Abdullaeva telekanal direktori Jahongir Toʻychiev tsenzuraga yoʻl qoʻyganini aytmoqda. Bu haqda «Daryo»ga xabar bergan jurnalistning bildirishicha, uning koʻrsatuvi asossiz tarzda efirga berilmagan.
«Aytilgan joyga borib, holatni oʻrgandim. Va jurnalist sifatida axborot oldim. Olgan axborotlarimiz va tasvirlarimiz yiliga minglab dam oluvchilar hordiq chiqarib, davolanishi mumkin boʻlgan Qashqadaryo sohili sanatoriysining ayanchli ahvolidan darak berardi. Shu bois, dam oluvchilar aytgan muammoli holatlarni ham tasvirga olib, borini boricha oʻrganib qaytdik. Koʻrsatuvni montaj qilib, efirga tayyor holatga keltirdik va mas'ullarga berdik. Ammo koʻrsatuv efirga ketmadi. Sababini soʻrasam, bosh muharrir direktor ruxsat bermaganini aytdi. Direktorning oʻzi Jahongir aka bilan gaplashganimda esa, u ‘men sizni tanqidiy koʻrsatuv uchun emas, maqtash uchun yuborgandim’, dedi. Shundan soʻng bu haqda Facebook’dagi sahifamda yozdim», — deydi jurnalist Inobat Abdullaeva.
Jurnalistning aytishicha, u Facebook orqali jamoatchilikka olib chiqqan video montaj jarayonida telefoniga yozib olingan video boʻlib, koʻrsatuvning sifatli varianti TVda saqlanmoqda.
«Men jurnalistman. Kimningdir piarchisi emas. Shunday ekan, axborot olishga borganimda, holat qanday boʻlsa, shu holatda olib chiqaman. Oqni oq, qorani qora deyishga oʻrganganman», — deydi TV jurnalisti.
Viloyat televideniesi muxbiri Inobat Abdullaeva Qashqadaryo sohili sanatoriysining achinarli ahvoli va dam oluvchilarning noroziligi tasvirga olingan video TV direktorining tanish-bilishchilik qilayotgani bois, efirga berilmay qolganini qoʻshimcha qilmoqda.
Inobat Abdullaevaga koʻra, shuningdek viloyat TVda qarindosh-urugʻchilik, tanish-bilishchilik avjiga chiqqan.
«Viloyat televideniesida hammaning oʻz guruhi, sodda qilib aytadigan boʻlsak oʻz ‘mafiya’si bor. Direktor, direktor oʻrinbosarining, bosh muharrir-yu, bosh hisobchining oʻz odamlari bor. Siz shu guruhlarning birida boʻlmasangiz, sizga na ‘s'yomka’ berishadi va na tayinli gonorar», — deydi jurnalist.
Inobat Abdullaeva viloyat TVda efirga chiqish faqat shartnoma evaziga boʻlib qolganini, muxbir va operatorlar ‘s'yomka’ qilib kelgan joydan shartnoma puli olinmasa, koʻrsatuv efirga berilmasligini aytmoqda.
«Muxbirlarga gonorar yozilishida ham tanish-bilishchilik birinchi oʻrinda turadi. Masalan mening bir soatlik koʻrsatuvimga 400 ming soʻm gonorar yozilgan paytda, yana bir hamkasbimga u kattalar guruhida boʻlgani uchunmi 14 daqiqalik koʻrsatuviga 400 ming soʻm gonorar berilgan edi. Shu bois, gonorarlar hisob-kitobi shaffof boʻlishini soʻrab, murojaat qildim. Ammo mening murojaatimga faqat oʻzingning gonorarlaringni koʻrsatamiz, qolganlarniki sir deya ochiqlashmadi. Xullas, bu borada ham katta oʻyin, jinoyat bor. Va buni, albatta, tekshirish kerak», — deydi TV muxbiri.
Inobat Abdullaeva viloyat televideniesiga chiqayotgan barcha koʻrsatuvlar shartnoma evaziga chiqayotganini, puli toʻlanmagan lavhalar efirga berilmasligini aytmoqda.
«Dardimiz faqat shartnoma qilish va pul topish boʻlib qolgan. Qaerdandir axborot qilib kelsangiz, puli berilmagan boʻlsa, lavha efirga ketmaydi. Men esa bunga oʻrganmaganman. Lavha tayyorlab kelgan joyimdan shartnoma qilaylik, pul bering deb soʻrolmayman. Shu sabab lavhalarim qolib ketaveradi. Tanqidiy chiqishlarimiz ham, kimningdir tanishi, akasi yoki ukasi yo qalin doʻsti boʻlgani bois, efirga chiqmay qolib ketaveradi», — deydi Inobat Abdullaeva.
Inobat Abdullaeva TVdan nohaq boʻshatilgan jurnalist Zamira Bobonazarova keyinchalik sud orqali oʻz haq-huquqlarini tiklaganini, shundan soʻng jurnalistni nohaq ishdan boʻshatgan TV direktori Jahongir Toʻychiev majburiy tartibda ish qoldirilgani va maoshi uchun jurnalistga 21 million soʻm ish haqini qoplab berganini, shuning evaziga TV xodimlari oʻsha paytda oʻz vaqtida gonorarlarini ham ololmaganini bildirmoqda.
«Xato qilib, oʻzining xatosi sabab viloyat TVga 21 million soʻm zarar keltirgan direktor nega hamon ishda? Uning bu qilmishlarini tartibga soladigan mas'ul yoʻqmi?», — deydi jurnalist.
«Daryo» muxbiri bilan telefon orqali muloqot qilgan viloyat TV direktori Jahongir Toʻychiev qoʻngʻiroq qilingan paytda vaqti ziqligini aytib, keyinroq oʻzi qoʻngʻiroq qilishini, vaziyatni izohlashini ma'lum qilgan. Ammo kutilgan vaqtda u aloqaga chiqmagan. «Daryo» muxbirining takroriy soʻrovlari ham javobsiz qoldirilgan.
Qashqadaryo ViloyatiInobat AbdullaevaJahongir ToʻychievTelevidenie MuammolariJurnalistika EtikasiTanish-Bilishchilik O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing