date
views 1 233

Xorazmda O‘zbekiston — Hindiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi

Xorazmda O‘zbekiston — Hindiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida imzolangan 2021-2022 yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq hindistonlik bir guruh harbiy xizmatchilar kecha, 22 mart kuni «Do‘stlik-2022» o‘zbek-hind o‘quvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan edi. Bugun ular O‘zbekiston Mudofaa vazirligi transport aviatsiyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan maxsus reys orqali Urganchga yetib kelishdi.

Mehmonlar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Urganch xalqaro aeroportidan o‘zbekona urf-odat va an’analarga mos tarzda kutib olindi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston–Hindiston harbiy xizmatchilari ishtirokidagi dastlabki «Do‘stlik–2019» hamkorlikdagi o‘quvlari 2019 yilning noyabr oyida Toshkent harbiy okrugining «Chirchiq» umumqo‘shin poligonida bo‘lib o‘tgan edi. Ikkinchi bor ushbu mamlakatlar harbiy xizmatchilari bir yildan so‘ng, 2021 yilning mart oyida Hindistonning Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan «Chaubatiya» o‘quv markazida birgalikda o‘quv-jangovar vazifalarni bajarishgan.

Shuningdek, 2021 yilning dekabr oyida hamkorlikdagi uchinchi o‘quvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Hindiston harbiy delegatsiyasi Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining «Yangiariq» umumqo‘shin poligoniga tashrif buyurgan edi.

Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ko‘plab yetakchi xorijiy mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, harbiy va harbiy-texnik masalalarda rejalashtirilgan tadbirlarni samarali davom ettirmoqda.

Mamlakatimizga hamkorlikdagi o‘zbek-hind o‘quvida ishtirok etish va harbiy sohada o‘zaro tajriba almashish maqsadida kelgan mehmonlar barcha sharoitlar muhayyo etilgan «Yangiariq» umumqo‘shin poligoniga joylashtirildi.

O‘quvlar davomida ikki davlat vakillari o‘quv-jangovar mashg‘ulotlaridan tashqari madaniy-hordiq, oshpazlik mahorati namoyishi hamda bir qator boshqa tadbirlarda ishtirok etishi belgilangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xorazmda O‘zbekiston — Hindiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi