23:14 / 29.03.2022
922

Erdo‘g‘an: Turkiya O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkori bo‘lib qoladi

Erdo‘g‘an: Turkiya O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkori bo‘lib qoladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tor doirada muzokaralar o‘tkazdi.
Yetakchilar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvda asosiy e’tibor strategik sheriklik munosabatlar darajasini yuksaltirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga qaratildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Hukumatlar, vazirlik va idoralar, hududlar darajasida doimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an kooperatsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining muhim yo‘nalishi ekanini qayd etdilar.

Shu ma’noda, mamlakatlarimizning katta salohiyati va imkoniyatlarini, shu jumladan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya mexanizmidan faol foydalanish orqali ro‘yobga chiqarish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashar ekanlar, mamlakatlarimizning pozitsiyalari o‘xshash ekanini qayd etdilar. Ko‘p tomonlama xalqaro institutlar doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Shundan so‘ng kengaytirilgan yig‘ilish boshlandi. O‘zbekiston rahbari so‘nggi besh yilda o‘zaro aloqalar yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi.

«Muhtaram Erdo‘g‘an janoblari, aziz mehmonlar. Sizlarni O‘zbekiston zaminida ko‘rib turganimizdan mamnunman. Ota yurtingizga xush kelibsiz. Fursatdan foydalanib, Navro‘z bayrami, kirib kelayotgan muqaddas Ramazon oyi bilan barchangizni tabriklayman.

Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan va yurtimizda o‘z elchixonasini ochgan davlat. So‘nggi besh yilda aloqalarimiz yangi bosqichga chiqdi. Savdo aylanmamiz ikki barobar, O‘zbekistondagi Turkiya shirkatlari soni besh barobar oshdi. Biz hozirgina tor doirada Erdo‘g‘an janoblari bilan gaplashdik va barcha jihatlarda fikrlarimiz mushtarak ekanligini his qildik.

Biz bundan keyin kengashimiz ishini yanada kuchaytirishga kelishib oldik. O‘zaro kelishuvlarimizni to‘liq va o‘z vaqtida bajarishni rejalashtirildik. O‘zaro manfaatli munosabatlarimiz izchil rivojlanishidan manfaatdormiz. Turklarda «Niyat xayrli bo‘lsa, oqibati ham xayrli bo‘lgay» degan naql bor. Biz bundan besh yil avval qardoshim bilan uchrashuvimizda o‘zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazishni mo‘ljallagandik. Bugun mana shu rejalarni amalga oshirishga yaqin turibmiz
», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Erdo‘g‘an Turkiya shu kungacha bo‘lgani kabi O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkori bo‘lib qolishini ma’lum qildi.

«Avvalo samimiy tuyg‘ular bilan o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman. O‘tgan hafta nishonlagan Navro‘z bayrami va kelayotgan muborak Ramazon oyi mamlakatlarimizga baraka olib kelishini Allohdan tilab qolaman. Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat, men ota yurtimda ekanligimdan mamnunman.

Qadrli qardoshim Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Yangi O‘zbekiston» nomi bilan olib borilayotgan islohotlar o‘zining natijasini berishiga ishonaman. Turkiya shu kungacha bo‘lgani kabi O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkori bo‘lib qoladi
», dedi Turkiya prezidenti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Erdo‘g‘an: Turkiya O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkori bo‘lib qoladi