15:23 / 18.04.2022
1 125

Yuqori Chirchiqda qulupnay sotuvchi ayollarning mahsulotlari olib qo‘yilib, yaroqsiz holga keltirilgani aytildi

Yuqori Chirchiqda qulupnay sotuvchi ayollarning mahsulotlari olib qo‘yilib, yaroqsiz holga keltirilgani aytildi
Fotokollaj: «Daryo»
Ijtimoiy tarmoqlarda qulupnay sotuvchi ayollar IIB binosiga qamab qo‘yilgani, ularning sotish maqsadida ko‘chaga olib chiqqan qulupnaylari olib qo‘yilib uzoq vaqt saqlangani uchun yaroqsiz holga kelgani tasvirlangan video tarqaldi. Toshkent viloyati IIB mazkur vaziyat nazoratga olinganini xabar qilgan bo‘lsa, Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati qulupnay sotuvchi ayollar yo‘lning qatnov qismida, harakat xavfsizligiga xalal berganini bildirdi.

«Poytaxt viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yo‘lning qatnov qismida, harakat xavfsizligiga xalaqit berib qulupnay savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning, jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida jalb etilgan ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, janjal uyushtirganliklari aks etgan videolari tarqalmoqda.

Albatta, yuzaga kelgan xavf zudlik bilan bartaraf etilib, jamoat xavfsizligi ta’minlangan. Jamoat tartibini buzgan barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlanib, ular bilan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Voqea joyida, qasddan, ichki ishlar organlari xodimlarning qonuniy talablarini bajarmaslik, ularga qarshilik ko‘rsatish kabi chaqiriqlar qilgan fuqarolar ham aniqlangan.

Holat yuzasidan rasmiy munosabat tayyorlanmoqda va tez fursatda e’lon qilinadi
», — deyiladi vazirlik axborot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosovning Telegram kanalida.

Fotokollaj: Shoxruh G‘iyosov
Vazirlik axborot xizmati rahbari mazkur voqeani izohlar ekan, buni hodisalarni bo‘rttirish va ichki ishlar organlari xodimlarini yomonotliq qilib ko‘rsatishga shaylangan «jamoatchilik vakillari»ning ishi deya baholaydi.

«Bunday hodisalarni bo‘rttirish va ichki ishlar organlari xodimlarini yomonotliq qilib ko‘rsatishga shaylangan ‘jamoatchilik vakillari’ faollashganini inobatga olib, haqiqiy jamoatchilik nazorati sub’ektlaridan yo‘l yoqalaridagi tartibsiz savdo-sotiq bilan bog‘liq muammolar, ular ortidan kelib chiqayotgan yo‘l-transport hodisalari va hokazo masalalarga ko‘proq e’tibor qaratishlarini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz», deydi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yuqori Chirchiqda qulupnay sotuvchi ayollarning mahsulotlari olib qo‘yilib, yaroqsiz holga keltirilgani aytildi