Qarshidagi xonadondan 425 kilogramm iste’molga yaroqsiz go‘sht topildi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi xonadonlardan birida kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 425 kilogramm go‘sht mahsuloti aniqlandi. Dastlabki laboratoriya tekshiruvida mahsulot iste’molga yaroqsiz deb topilgan. Bu haqda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, go‘sht mahsulotlari «Bo‘ston» mahallasidagi xonadonlardan birida aniqlangan. Ular belgilangan tartibda hujjatlashtirilib, iste’molga yaroqliligini aniqlash uchun Qashqadaryo viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boshqarmasi laboratoriyasiga topshirilgan.
Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, topilgan go‘sht iste’molga yaroqsiz deb baholangan. Hozirda mahsulot yuzasidan qo‘shimcha laboratoriya ekspertizasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, hayvonlarni go‘sht uchun so‘yish ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida, veterinariya-sanitariya talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak.
So‘yilgan hayvon go‘shti veterinariya mutaxassislari tomonidan tekshirilib, uning iste’molga yaroqliligi yuzasidan tegishli xulosa rasmiylashtirilishi lozim. Shuningdek, mahsulot haqidagi ma’lumotlar elektron axborot tizimiga kiritilishi va go‘sht bo‘laklariga QR-kodli yorliq yopishtirilishi kerak.
Go‘sht mahsulotlarini sotishda ham tegishli veterinariya hujjatlari va veterinariya-sanitariya ekspertizasi xulosasi bo‘lishi, ular maxsus sovitkichli rastalarda saqlanishi hamda belgilangan talablar asosida tashilishi shart.
Kelib chiqishi tasdiqlanmagan va veterinariya-sanitariya talablariga javob bermaydigan go‘sht mahsulotlarini sotishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…