date
views 1 263

Turkiya agentligi Buxoro Arkidagi jome masjidini ta’mirlash ishlariga mablag‘ ajratadi

Turkiya agentligi Buxoro Arkidagi jome masjidini ta’mirlash ishlariga mablag‘ ajratadi
Foto: Madaniy meros agentligi matbuot xizmati
Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) Buxoro Arkida joylashgan «Jomiy» masjidini tiklash va ta’mirlash ishlariga taxminan 4,5—5 milliard so‘m ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil boshida Madaniy meros agentligi direktori Shahriyor Nurulloyev TIKA rahbari Jemalettin Tuney bilan uchrashib, Farg‘ona viloyati Rishton tumanida joylashgan Burxoniddin al-Marg‘inoniy maqbarasini restavratsiya qilish, Buxoro shahridagi Ark qal’asi jome masjidini ta’mirlash yuzasidan hamkorlik olib borish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Kelishuvga asosan «Madaniy meros ob’ektlarini asrash va turizm hududlarining master-rejalari bo‘yicha loyihalashtirish» instituti mutaxassislari 5 aprelda Buxoro viloyatida xizmat safarida bo‘lib, jome masjidida o‘lchov ishlarini olib bordi. Ya’ni plan, fasad, qirqim, devordagi ganch bezaklari, shiftdagi naqsh ishlari, ustunlardagi yog‘och o‘ymakorlik ishlari va ularga shikast yetgan joylaridan nusxalar olingan.

Foto: Madaniy meros agentligi matbuot xizmati
Mutaxassislar tomonidan aniqlanishicha, masjidning shiftini tozalash, balkalarda yoriqlarni tuzatish va ziyon yetgan to‘sinni almashtirish lozim bo‘ladi. Shuningdek, shimoliy, sharqiy va janubiy tarafda joylashgan ayvonlarning shiftidagi konstruksiyalar, sarrov, vassa va balkalarni chirk bosgan bo‘lib, ularni qo‘l mehnati bilan tozalash kerak. Restavratorlar tomonidan, shuningdek, ayvonlarni, ustunlarni tozalash, yoriqlarini to‘ldirish va shimoliy fasaddagi ikkita ustunni yangidan yasab o‘rnatish lozimligi belgilab olingan.

«O‘tgan vaqt davomida olib borilgan turli ta’mirlash ishlari natijasida masjidning tarixiy ahamiyatga molik qismlariga zarar yetkazilgan. Xususan, masjid hamda ayvon devorlaridagi ganch o‘ymakorlik ishlari — daxana, rax, zanjira, davripoyi, ruta, kitoba sharefa, ravoqli bezaklari usti bir necha marotaba ‘vodoemulsiya’ qilingan bo‘lib, ayrim qismlari ‘melavaya pobelka’ bilan bo‘yalgan. Natijada bezaklar usti yopilib qolgan va restavratsiya davomida uning tarixiy ahamiyatini tiklash zarurati yuzaga kelgan», — deb qayd etilgan agenlik xabarida.

Rejalashtirilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlari davomida bezaklar qaytadan tozalanib, o‘ymakorlik ishlari bajarilishi va avvalgi holatiga keltirish kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Turkiya agentligi Buxoro Arkidagi jome masjidini ta’mirlash ishlariga mablag‘ ajratadi