3 369
Ozodbek Nazarbekov: Vazir bo‘lishdan ko‘ra xonandalik yaxshiroq ekani hamda hozirgi lavozimida qancha oylik olishi haqida
O‘zbekiston xalq artisti, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov «Chotki TV» YouTube kanaliga bergan intervyusida vazir bo‘lishdan ko‘ra xonanda bo‘lib ijod qilish yaxshi ekanini, qancha oylik olishini, «Jaloliddin Manguberdi» serialiga ketgan mablag‘lar, «Yor-Yor» ko‘rsatuviga munosabati va sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar haqida gapirdi.
Ozodbek Nazarbekov uchun vazir bo‘lish yaxshimi yoki xonanda?
«Albatta xonanda bo‘lib erkin ijod qilishning qulayligi yuqori. Bugungi kunda, davlat idoralari xalq manfaatiga xizmat qilayotgan paytda vazir bo‘lish yanada mas’uliyatli hisoblanadi. Halovat joyida bo‘lmaydi. Vaqt, ish ko‘lamining kengligi nuqtayi nazaridan katta davlatning butun bir madaniyat sohasiga javobgarlik insonni behalovat qilishi aniq», — deydi madaniyat vaziri.
Madaniyat vaziri qancha oylik oladi?
«Ishni yoqadi, yoqmaydi deb qilish noto‘g‘ri, men buni o‘zimga mas’uliyat va yuklama deb qabul qilganman. Buni xalqimiz va prezidentimiz oldidagi mening mas’uliyatim deb bilaman. Oyligim bugungi kunda, yaqinda oshganini hisoblasam to‘liq hisobda 20 000 000 dan oshadi, hozir esa qo‘limga olayotganim 14-15 000 000 ga boradi», — deydi O‘zbekiston xalq artisti.
«Jaloliddin Manguberdi» serialiga ketgan mablag‘lar haqida
«Jaloliddin Manguberdi» serialiga ketgan mablag‘lar o‘zini oqlamadi degan xulosaga borishga hali vaqtli. Serialning birinchi fasli tugadi, hozir esa ikkinchi va uchinchi fasllari suratga olinishi kutilmoqda. Bu yil ikkita faslini ham suratga olamiz, serialning birinchi faslida qahramonlarning fe’l-atvori bilan tanishtirildi, shu bilan serial yakunlandi. Shuning uchun ham hali xulosa qilishga erta deb o‘ylayman. Ijod mahsuli shunaqa, kerak bo‘lsa ba’zi ishlarni dekoratsiyani buzib qilishga to‘g‘ri keladi.
Birinchidan, ijodiy ishlar har doim ham moddiy manfaat keltirish uchun qilinmaydi. Ikkinchidan, bu serial foyda keltirsa ham, keltirmasa ham biz yutamiz. Bu serial kelajakda O‘zbekistonda olinishi mumkn bo‘lgan seriallarning reytingini ko‘tarib beradi. Agar yana tarixiy seriallar olinadigan bo‘lsa juda bo‘lmaganda shu serialning reytingini qayd etadi. Bugungi kunda butun bir ovozda seriallarni kim olayapti desangiz turklar deb javob berishadi. Shuning uchun ular bu sohada eng oldi qatorida. Turklar bilan hamkorlik qilishdan asosiy maqsad kino industriyani o‘zgartirish edi.
Mana shu katta-katta loyihalar, hamkorlik, aholiga taqdim qilinayotgan proyektlar kinoni ‘oyoqqa turishi’ga sabab bo‘ldi. Bugun hech kimga sir emas, O‘zbekiston kinosi ‘oyoqqa turmadi’ deya olmaydi. To‘g‘ri, qilinayotgan ishlar hali ko‘p, lekin 50 yil e’tibor berilmagan sohadan nimani kutish kerak? Shuni aytmoqchimanki, ertaga bu kinoni hamma yotib olib ko‘rmagan taqdirda ham bu o‘zbek kinosini bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilishiga xizmat qiladi va shu serialda suratga tushgan bizning aktyorlarimiz har qanday tarixiy serialga tayyor», — deydi Ozodbek Nazarbekov.
«Yor-Yor» ko‘rsatuviga munosabati
«Yor-Yor ko‘rsatuvi bor ko‘rsatuvlardan ko‘chirilgan. Lekin umuman bizning qadriyatlarimizga, urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmasligini o‘ylash kerak. Men bitta ko‘rsatuvni boshidan oxirigacha ko‘rmadim, lekin e’tirozlar bo‘lgandan keyin internetda ko‘rib qoldim. Kesilgan joylarini ko‘rdim, shu millatning vakili sifatida bu ko‘rsatuvni qabul qilolmadim», — deydi madaniyat vaziri.
Ozodbek Nazarbekov sog‘lig‘idagi muammolar haqida
«Bugungi kunda, umuman olganda dunyodagi 7 milliard insonning sog‘lig‘i bilan bog‘liq qanaqadir muammolar bo‘lyapti, chunki koronavirus o‘zining asoratlarini qoldiryapti. Shu jumladan, men ham koronavirus bo‘lganimdan keyin sog‘lig‘im bilan bog‘liq muammolarga duch keldim. Ikki-uch marta bo‘lganman, shunda bularning hammasi oshqozonimga ta’sir qildi va tabiiyki, oshqozon-ichak faoliyatining buzilishiga olib keldi. Hozirgi kunda ancha o‘zimga keldim, biroq xotiramga ham katta ta’sir qildi», — deydi xonanda. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi