Tabiatan insonlar qiyinchilik bilan erishgan narsalarini ko‘proq qadrlashadi. Osonlikcha erishilgan narsalarning qadri esa aksincha bo‘ladi. Xo‘sh, mashhurlarning qiyinchilik bilan erishgan va hamisha shirin xotiralar bilan eslaydigan xaridlari bormi?
Quyida ba’zi shou-biznes vakillarining shaxsiy hayotlari davomida o‘zlari ishlab topgan ilk pullari evaziga o‘zlari orzu qilgan yoki yaqinlari orzusidagi buyumlar, avtomashina yoki uy sotib olgan paytlarida qanday xursandchiliklarni boshidan o‘tkazganliklarini bilib olasiz.
Nilufar Usmonova: «O‘g‘limni tok urganidan keyin to‘ylarda qo‘shiq aytishga qaror qilganman»
Foto: Instagram / @saidazamhon
— Birinchi turmushimdan ajrashgan, onam bilan munosabatlarimiz sovuqlashgan. San’atkor bo‘lishimga qarshi bo‘lgan, undan ko‘ra qayta oila qurishimni istagan. Buni istamaganim uchun o‘g‘limni olib alohida uyga ko‘chib o‘tganmiz. Ammo ko‘p o‘tmay pulsiz yashay olmasligimni tushunganman. Shundan keyin barcha qulayliklarga ega uyimni ijaraga berib, o‘zim undan arzon uyga ko‘chib o‘tganman. Uyning poli ko‘chib, betonlari ko‘rinadigan darajada ta’mirtalab edi. O‘g‘lim xususiy bog‘chaga borardi, ijara uydan olgan pulimning yarmini unga to‘lardim. Qolganini esa o‘zim yashayotgan uy egasiga berib, tuzukroq ro‘zg‘orlik ham qilolmasdim. Faqatgina o‘g‘lim kechki payt yeyishi uchun har kuni tayyor ugra sotib olardim. Oshxonada yoshi mendan ham «katta» sovitkich bor edi. Nima ham bo‘ldi-yu, bir kuni o‘g‘lim uni ochganida tok urdi. Saida’zamxonning «uchib» tushganini ko‘rib, tilim aylanmay qoldi.
Shundan keyin o‘g‘lim uchun harakat qilishim kerakligini anglab, tanish-bilishlarning to‘yiga «qistir-qistir» pul evaziga borganman. To‘ylardan yiqqan pullarimni to‘plab, 1375 AQSH dollariga (narxi ham aniq esimda) katta sovitkich sotib olganman. Bu hayotimdagi o‘z mehnatim bilan xarid qilgan birinchi buyum bo‘lgan. G‘aribona uyda tursak ham katta sovitkichimiz borligidan xursand bo‘lganman, — deydi xonanda Nilufar Usmonova.
Yulduz Turdiyeva: «Uy olish uchun tanlovda qatnashganman»
Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
— Oila qurganimizdan so‘ng uy-joy masalasida ko‘plab muammolarga uchraganmiz. Chunki to‘ydan avval turmush o‘rtog‘im bilan talabalar yotoqxonasida yashardik. Oila qurganimizdan so‘ng bu yerda er-xotin bo‘lib yashash mumkin emasligini aytishgan. Avvaliga ijara uyga chiqqanmiz, ammo sharoit u qadar yaxshi emasdi. Katta o‘g‘lim tug‘ilganida birinchi qavatdagi xonadonga ko‘chib o‘tgandik. Balkonning oynalari sinib ketgan, panjarasi ham yo‘q edi. Har kuni birov kirmasmikan, degan qo‘rquv bilan tong ottirardim. Bunday sharoitda o‘g‘lim kasal bo‘lib qolishini o‘ylab, uni Buxorodagi qaynonamga berib yuborganmiz. Bolamni sog‘inib yurgan paytimda Ozarbayjonda o‘tkaziladigan Baynalxalq mug‘om festivali haqidagi e’lonni o‘qib qolganman. Bosh sovrin uchun 15 ming AQSH dollari degan joyini o‘qib, ko‘zlarim porlab ketgan. O‘zimcha bu pulga uy sotib olish haqida rejalar tuzganman.
«Qorabaxshi» qo‘shig‘i— ozaybayjon yuragi deyilarkan. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ishlaydigan Ochil Matjonovdan qo‘shiqni o‘rgatashini so‘raganman. O‘n ikki kun davomida konservotoriyadan ketmay qo‘shiqni o‘rganganman. 2009 yili o‘tkazilgan mug‘om festivalida g‘olib bo‘lib, ilk katta muokoftni qo‘lga kiritganman. Toshkentga qaytganimdan keyin uy olish harakatiga tushganman. Hammasi niyatga yarasha bo‘lar ekan, o‘sha paytda 15 000 AQSH dollariga shahar markazidan ikki xonali uy berardi. Uy sotib olib, oilam bilan unga ko‘chib o‘tganmiz. Bu festival hayotimga quvonch olib kirgan, — deydi xonanda Yulduz Turdiyeva.
Shahlo Zoirova: «Spark olib, kirakashlik qilganman»
Foto: Instagram / @shaxlozoirova_official
— Hayotda yaxshi yashash uchun intilish, kimningdir ko‘magini kutib yashash kerakmasligini erta tushunganman. Shu bois harakatni ancha erta boshlaganman. Institutga kirish uchun bir necha bor uringanman, ammo uch yil omad kulib boqmagan. O‘qishga kirolmagan yilim ayollar sumkasi sotadigan do‘kon bilan kelishib, savdo bilan shug‘ullanishga qaror qilganman. Savdodan ikki ming AQSH dollarini yig‘ib, bu yil pul berib bo‘lsa ham o‘qishga kiraman, deb ahd qilgandim.
Ammo o‘sha yili omadim kelib, O‘zbekiston Milliy universitetining Fizika fakultetiga budjet asosida o‘qishga qabul qilinganman. Ikki ming dollar ham yonimga qolgan. Ana shu pulga oylik to‘lov evaziga Spark olib, darsdan so‘ng kirakashlik ham qilganman. Kirakashlik qilayotganimda juda ko‘p qiziqarli voqealar bo‘lgan. Eng qizig‘i, o‘sha paytda «Million» jamoasida faoliyat yuritardim. Bekzod aka taksichilik qilishimni bilib, tanbeh bergandi. «Nima qilay, kirakashlik qilmasam qarzimni uzolmayman», degandim. Qarzni ikki yarim yil deganda uzganimdan keyin mashina menga qolgandi, — deydi komik aktrisa Shahlo Zoirova.
Jamshid Hojiniyozov: «Radio efirga kechikmaslik uchun mashina olganman»
Foto: Instagram / @jamshidxojiniyozov
— Men 1997 yildan Grand radiosiga efir boshlovchisi sifatida ishga qabul qilinganman. Mashina olishga zaruratim bo‘lgan. Chunki efir paytlari uchun tong saharda ishga kelishim yoki juda kech ketishim mumkin edi. Shu bois, efirga kech qolmaslik uchun avtomobil olishga jiddiy ahd qilganman. 1998 yil Nexia rusumidagi mashinalar endi ommalashayotgan payt edi. Pullarimni to‘plab, 23 yoshimda shu mashinandan xarid qilganman. U paytdagi quvonchimni tasvirlab berolmayman, — deydi teleboshlovchi va prodyuser Jamshid Hojiniyozov.
Xonzoda Qambarova: «18 yoshimda mashina sotib olganman»
Foto: Instagram / @ xanna__official
— Bolaligimdan mustaqil pul topishga, ro‘zg‘orga ko‘maklashishga harakat qilganman. Tashqi ko‘rinishim chiroyli bo‘lgani va qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rganim uchun to‘ylarga chiqishni taklif etishgan. 17 yoshimdan boshlab, jamoa bo‘lib to‘y-tantanalarda ishtirok etardik. Bir yil davomida ishlab topgan pulimni yig‘ib, mashina olishga qaror qilganman. Chunki mashina oilamiz uchun juda kerak edi. 18 yoshimda spark rusumli ilk mashinamni sotib olganman. Undan keyin to‘yimni o‘tkazganman, — deydi bloger Xonzoda Qambarova.
Xusnora Shodiyeva: «O‘zimga Chevrolet Equinox sovg‘a qildim»
Foto: Instagram / @khusnorik
— Samirning otasi to‘ydan keyin menga Malibu avtomobilini sovg‘a qilgandi. Mashina mazza qilib haydardim. Afsuski. U bilan ajrashganimizdan keyin mashinani o‘zlari bilan olib qolishdi. Mashina-ku topiladigan narsa ammo oilamning buzilgani menga qattiq ta’sir qilgandi. Ruhiy tushkunlikka tushib, ancha vaqt ko‘chaga ham chiqmay qo‘yganman. Ammo mashina haydashni juda sog‘inganman. Keyin onam Nexia 3 avtomobilini sovg‘a qildi. Ammo o‘tgan yili o‘z peshana terim bilan topgan pulimga yangi avtomobil oldim. To‘q qizil rangdagi Chevrolet Equinox menga shunisi bilan ham juda qadrli, — deydi xonanda va teleboshlovchi Xusnora Shodiyeva.
Azoda: «21 yoshimda onamga 3 xonali uy sovg‘a qildim
Foto: Instagram / @azodaofficial
— Shubhasiz, hayotimdagi har bir xarid yodimda qoladi. Chunki keraksiz narsani xarid qilmayman. Ilk marta qimmat telefon olganim ham kechagidek yodimda. Ammo ularning hammasidan ham ko‘ra onamga uy sovg‘a qilgan kunimni eslash yoqimliroq. 21 yoshimda onamga shahar markazidan 3 xonali uy sovg‘a qildim. Bu hozircha eng qimmat xaridim bo‘ldi. Ammo sarflagan pulim onamning quvonchi oldida hech qanday ahamiyatga ega emas, — deydi bloger Azoda.
Onasiga uy sovg‘a qilgan yana bir bloger
2021 yilning 3 avgust sanasi bloger Ozod (Liil) Xurramov va uning oilasi hayotidagi eng quvonchli kunlardan biri sifatida muhrlandi. O‘sha kuni bloger onasining ko‘p yillik orzusini amalga oshirib, yangi qurilayotgan uylardan xonadon sotib oldi.
«Oilada opam, akam va men- uch farzandmiz. Sovet davrida qurilgan eski uyda ijarada yashardik. Onam har kuni ‘Qaniydi, bir Vatanim (uyim) bo‘lsa’, deb orzu qilardi. Men esa ushbu so‘zlarni eshitganimda, kun kelib onamni xursand qilaman, deb niyat qilardim», — deydi Ozod Xurramov. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...