Hindistonda 17 yoshli qiz husnbuzarga qarshi kremdan zaharlandi

Hindistonning Kerala shtatida 17 yoshli qiz husnbuzar va pigmentatsiyaga qarshi kremdan foydalanishi oqibatida og‘ir buyrak kasalligiga chalindi. Laboratoriya tahlillari mahsulot tarkibidagi simob miqdori belgilangan me’yordan bir necha ming baravar yuqori ekanini ko‘rsatdi. Hodisa yuzasidan politsiya krem ishlab chiqaruvchi kompaniyaga qarshi tergov boshladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qiz ijtimoiy tarmoqlardagi reklama orqali kremni taxminan bir yil avval xarid qilgan va shu vaqt ichida uning uchta idishidan foydalangan. Kompaniya mahsulot husnbuzar va pigmentatsiyani yo‘qotishi uchun har kecha muntazam qo‘llanishini tavsiya qilgan.
Biroq kremdan bir-ikki oy foydalangach, o‘smirda charchoq, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi va uyqusizlik boshlangan. Keyinchalik yuzi va oyoqlari ham shisha boshlagan. Ota-onasi uni og‘ir ahvolda shifoxonaga olib borgan.
Aster MIMS Mother shifoxonasi ma’lumotiga ko‘ra, tahlillar krem tarkibida 12 500 ppm simob borligini aniqlagan. Holbuki, kosmetik vositalarda uning ruxsat etilgan miqdori 1 ppm dan kam bo‘lishi kerak.
Nefrolog Satishning ta’kidlashicha, qizda membranoz nefropatiya — buyraklarning qonni filtrlovchi qismlari zararlanishi va siydik orqali ko‘p miqdorda oqsil ajralishi bilan kechadigan kasallik rivojlangan. Mutaxassislar simob teri orqali qonga so‘rilib, buyraklarga zarar yetkazgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Shifokorlar qizni zaharli moddalar ta’sirini kamaytiruvchi dorilar bilan davolagan. Bir oydan keyin u shifoxonadan chiqarilgan va uyda davolanishni davom ettirmoqda. Biroq o‘smir BBC'ga hali ham sog‘lig‘ida muammolar borligi va o‘qishda qiynalayotganini aytgan.
«U hali to‘liq sog‘aygani yo‘q va tiklanishi uchun vaqt kerak», — dedi doktor Satish.
Hindistonda terini oqartiruvchi kremlarga talab yuqori bo‘lsa-da, mutaxassislar ayrim mahsulotlar tarkibida simob va qo‘rg‘oshin kabi zaharli metallar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bunday vositalarning ijtimoiy tarmoqlar orqali sotilishi ular ustidan nazoratni qiyinlashtiradi.
Hozirda Kerala politsiyasi hodisa yuzasidan tergov olib bormoqda. Shtatning Bola huquqlarini himoya qilish komissiyasi ham krem ishlab chiqaruvchi kompaniyaga nisbatan ish ochgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…