48 tonna giyohvand moddani topgan itga haykal o‘rnatildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida 48 tonna kannabisni aniqlagan belgiyalik malinua zotli Halk laqabli xizmat iti sharafiga haykal o'rnatildi.
- To'rt yoshli it aprel oyida Nova-Xolanda hududidagi omborxona ostida yashirilgan maxfiy bunker va giyohvand moddalarni topishda politsiyaga yordam bergan.
- Ushbu operatsiya Braziliya tarixidagi eng yirik musodara sifatida qayd etilib, it iyun oyida Tiradentes medali bilan ham taqdirlangan edi.
Braziliyada qariyb 48 tonna kannabisni aniqlashga yordam bergan xizmat iti Halk sharafiga haykal o'rnatildi. To'rt yoshli belgiyalik malinua politsiyachilarni oddiy omborxona ostida yashirilgan maxfiy yerosti bunkeriga boshlab borgan.
Hodisa Rio-de-Janeyro shahrining Nova-Xolanda hududida sodir bo'lgan. Aprel oyidagi politsiya operatsiyasi vaqtida xizmat itlari omborxona yaqinida shubhali holatni sezgan. Halk esa binodagi muayyan joyga qayta-qayta ishora qilib, xodimlarning e'tiborini jalb qilgan.
Politsiyachilar tekshiruv davomida beton suv havzasiga o'xshash tuzilma ostida yashirin bunker borligini aniqlashgan. U yerdan 24 ming 600 dan ortiq o'ram kannabis topilgan. Har bir o'ram taxminan ikki kilogramm bo'lib, umumiy miqdor qariyb 48 tonnani tashkil etgan.
Rio-de-Janeyro harbiy politsiyasi ma'lum qilishicha, bu Braziliyada birgina operatsiya davomida aniqlangan eng yirik giyohvand moddalar musodarasi hisoblanadi.
Topilgan kannabisning qiymati 50 million Braziliya reali (7,2 million funt sterling)ga baholangan. Sotuv uchun qadoqlanganida esa uning qiymati 150 million realga (21,6 million funt sterling) yetishi mumkin edi. Operatsiya davomida miltiqlar va qo'l to'pponchasi kabi qurollar ham musodara qilingan.
Halkning boshqaruvchisi, uchinchi serjant Vildemar de Oliveyra Souza itning xizmatini alohida ta'kidlagan.
«Giyohvand moddalar juda yaxshi yashirilgan edi. Ammo Halkning xatti-harakatlaridagi o'zgarishni payqadim. U bizni bunkerga boshlab bordi va jamoa bilan birgalikda vazifani muvaffaqiyatli bajardik», — degan serjant.
Halk davlatning oliy mukofotiga ham sazovor bo'lgan
Itning xizmatlari munosib taqdirlanib, unga bag'ishlangan haykal Rio-de-Janeyro harbiy politsiyasining Itlar faoliyati bataloni qarorgohi oldida o'rnatildi. Haykal Halkning hushyor holatda o'tirgan, quloqlari tik ko'tarilgan qiyofasini aks ettiradi. Uni nafaqadagi serjant va haykaltarosh Karlos Aleksandr de Almeyda yaratgan.
Politsiya vakillari yodgorlik Halkning giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashdagi xizmatlari va tarixini abadiylashtirish maqsadida o'rnatilganini bildirgan.
Bu Halkka ko'rsatilgan birinchi e'tirof emas. Joriy yil iyun oyida u Rio-de-Janeyro shtati Qonunchilik assambleyasining eng oliy mukofoti — Tiradentes medali bilan taqdirlangan birinchi hayvonga aylangan. Mukofot uning jamoat xavfsizligini ta'minlashdagi xizmatlari va rekord darajadagi musodaradagi ishtiroki uchun berilgan.
Mukofot tashabbuskorlaridan biri siyosatchi Rodrigo Amorim politsiya iti ishtirokida jahon rekordi qayd etilganini ta'kidlagan.
Ma'lum qilinishicha, Halk ixtisoslashtirilgan xizmat itlari bo'linmasiga hadya qilingan va kuchukligidan serjant Vildemar qo'l ostida tarbiyalangan. U shu vaqtga qadar 200 dan ortiq politsiya operatsiyasida ishtirok etgan.
Haykalning ochilish marosimi politsiya itlari va ularning boshqaruvchilari xizmatiga bag'ishlangan tadbir doirasida o'tkazilgan. Rio-de-Janeyro harbiy politsiyasi bosh qo'mondoni polkovnik Silvio Rikardo Chiuffo Gerra ham Halkning rekord natijaga erishishdagi muhim rolini alohida e'tirof etgan.
Shu tariqa, xizmat faoliyati davomida 200 dan ortiq operatsiyada qatnashgan Halk endi nafaqat politsiyadagi yutuqlari, balki uning sharafiga o'rnatilgan haykal orqali ham yodda qoladi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…