22:30 / 03.09.2022
2 163

Qo‘rqmaslikdan qo‘rqaman!

Qo‘rqmaslikdan qo‘rqaman!
Men yo‘lbarsdan qo‘rmayman,
Chumolidan qo‘rqaman.
– Aybim ne, ezding? – degan
Savolidan qo‘rqaman.

Men qilichdan qo‘rqmayman,
Til tig‘idan qo‘rqaman.
Dilga solgan dog‘ining
Og‘rig‘idan qo‘rqaman.

Miskinlikdan qo‘rqmayman,
Boyib ketsam qo‘rqaman.
Tor ko‘prikda yuk bosib,
Toyib ketsam qo‘rqaman.

Men oz bilsam, qo‘rqmayman,
Ko‘proq bilsam, qo‘rqaman.
Nafs ra’yi deb ilmni
Uvol qilsam, qo‘rqaman.

Itlar hurar, qo‘rqmayman,
Karvon to‘xtar, qo‘rqaman.
Berk yo‘llarni kim ochar?
Sarbon uxlar, qo‘rqaman!

Telbalikdan qo‘rqmayman,
Aqlimdan, voh, qo‘rqaman.
Haddidan chetga chiqsa,
Oldimda choh, qo‘rqaman.

Murdadan hech qo‘rqmayman,
Mudroqlardan qo‘rqaman.
Marddan chiqmas yomonlik,
Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

G‘ofil: “Qo‘rqma!” desa ham,
Dam-sasidan qo‘rqaman.
Haqni yod etmay olgan
Nafasidan qo‘rqaman.

Devdan qo‘rqmayman, derman,
Lekin zimdan qo‘rqaman.
Chunki dev o‘z ichimda,
Men o‘zimdan qo‘rqaman.

Odamidan qo‘rqmayman,
Nokaslikdan qo‘rqaman.
Qo‘rqit meni, Xudoyim,
Qo‘rqmaslikdan qo‘rqaman!

Fozil Zohid

2004 yil

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Qo‘rqmaslikdan qo‘rqaman!