
Foto: «Daryo»
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Azim Mullaxonov «Daryo» internet nashrining YouTube kanaliga bergan intervyusida mashhur «Shaytanat» qoʻshigʻining yaratilish jarayoni qanday kechgani va qoʻshiqni ijro etishga talabgor boʻlgan hamkasblari haqida soʻzlab berdi.
— Yodgor Sa'diev «Shaytanat» qoʻshigʻining she'rini berib, «Beshta xonandaga berdim, agar kimning ijrosi yaxshi chiqsa, sauntrek qilib oʻshani olaman», degan. Bu gapdan keyin umidimni ham uzgandim. Beshta xonandaning ichida aniq kimdir zoʻr aytadi, deb bee'tibor boʻlganman. Ammo Yodgor aka qoʻngʻiroq qilib, qoʻshiqni soʻragan. «Beshta xonandaga bergan boʻlsangiz, men nima qildim aytib», desam «Ularni qoʻyaver, meni sening ijroying qiziqtiryapti», degandi. Uning qistovi bilan oʻsha kuniyoq qoʻshiq ustida ishlashni boshlaganman. Bu qoʻshiq ijodimdagi eng qisqa vaqt ichida yaratilgan qoʻshiq boʻlgan. «Shaytanat» qoʻshigʻi uch kunda tayyor boʻlgan, — deydi xonanda Azim Mullaxonov.
Tabiatan injiq va oʻta talabchan boʻlgan ijodkor Yodgor Sa'diev «Shaytanat» serialining sauntrekini nega aynan Azim Mullaxonov ijro etishini istagan? Xonanda bu savolga oʻz munosabatini bildirdi.
— Yodgor aka haqiqatan ham talabchan ijodkor. Bu inson meni yoshligimdan taniydi. Chunki rahmatli akam va Oʻzbekistonga xizmat koʻrsatgan artist Shuhrat Rasulov bilan yaqin doʻst boʻlishgan. Ulgʻayib, katta sahnaga chiqqanimdan keyin bir nechta ijodiy safarlarga birga boradigan boʻlib qoldik. Sahnada qoʻshiq atayotganimda meni kuzatib oʻtirgan ekan. Yodgor aka «Yaqinda ‘Shaytanat’ nomli serial olyapman, kitobini oʻqiganmisan?» deb soʻrab qoldi. Oʻsha paytda bu kitob haqida eshitmagan edim. «Albatta kitobini oʻqigin, qoʻshiqlarini sen aytasan. Bitta rol ham bor», dedi.
Menimcha, oʻshanda Elchin rolini nazarda tutganmi, deb oʻylab qolaman. Ish koʻpayib, ancha vaqt koʻrishmadik. Oradan ikki yil oʻtganidan keyin koʻrishib qolganimizda «Senga qoʻshiq haqida aytgandim, u ijro etiladigan sahnalar yaqinlashib qoldi», deganidan keyin harakatni boshlaganman. Bilishimcha, Yodgor aka qoʻshiqni Ravshan Komilov va Ahror Usmonovga ham bergan ekan. Ammo omad kulib, uni ijro etish menga nasib etdi, — deydi xonanda Azim Mullaxonov. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar