589
“Kino “o‘lgan”, lekin aktyorlarni o‘qitishda davom etyapmiz” — Murod Rajabov bilan katta intervyu
2015 yildan beri kinoda rol ijro etmayotgan taniqli aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish berdi. Jurnalist Shoxira Hamro va bir guruh aktyorlar Murod Rajabov xonadonida mehmon bo‘lib, jarayonni jonli efirda ulashib borgan.
Uzoq muddatli tanaffusdan keyingi chiqishi aktyorni sog‘ingan muxlislarni ancha quvontirgan bo‘lsa, uning og‘ir dard bilan kurashayotgani haqidagi xabar ko‘pchilikni xafa qildi, xavotirga soldi. Kun.uz muxbiri bu xabardan keyin Murod Rajabov xonadonida mehmon bo‘ldi va u bilan katta intervyu o‘tkazdi.
Intervyu davomida Murod Rajabovning bugungi ahvoli, teatr va kinoda ijro etgan rollari, ijoddan ketishi sabablari, “qora ro‘yxat”ga tushishi va buning Gulnora Karimovaga qanchalik bog‘liqligi hamda kelgusi rejalari haqida so‘z bordi.
— Siz san’atga aktyorlar, san’atkorlar sulolasi vakili sifatida kirib kelmagansiz. Lekin san’at yo‘lini tanlash ehtimolingiz yuqori bo‘lgan. Masalan, rassom bo‘lishingiz mumkin edi. Nega aynan san’at sohasi atrofida bo‘lgan tanlovingiz?
— Men o‘zi yoshligimdan rassomlikka qiziqardim. Dadam juda ulfati ko‘p inson edi. Shulardan biri Ibrohim Hamroyev degan kompozitor bo‘lardi, shu odam meni musiqaga qiziqtirgan. «Men buni kompozitor qilaman», derdilar doim. Lekin san’at institutiga kelib qolganman. Sohani yaxshilab o‘rganish maqsadida kunduzgi ta’limga kirganman, lekin meni kechki ta’limga o‘tkazishgan. Jahlim chiqqan. Ammo bir domla kelib, «jahlingiz chiqmasin, kechki ta’limda juda yaxshi ustozlar dars o‘tadi, ko‘p narsa o‘rganasiz», deganlar. Rost aytgan ekan. Rahim Sayfiddinov, Arsen Ismoilovlar o‘qitgan meni.
— Siz o‘qigan paytlarda talabalarga kino va teatrda ishlashga ruxsat berishmagan. O‘sha paytda institutda bunga juda qattiq turishgan. Lekin siz birinchi kursdaligingizdayoq Yosh tomoshabinlar teatrida “O‘n sakkiz yoshligim” spektaklida Jo‘ja Xo‘roz rolini ijro etgansiz. Nega sizga ruxsat berishgan?
— Bilmadim... Men o‘zi institutga kirmasimdan oldin teatrda ishlaganman. Lutfulla Sa’dullayev yordamida «Yosh tomoshabinlar» teatriga ishga kirganman. Balki shu sababdir.
— O‘zi aslida talabalarga rollar ijro etishiga ruxsat bermaslik qanchalik to‘g‘ri, bu borada “jabr” ko‘rmagan bo‘lsangiz-da, munosabatingiz qanday?
— To‘g‘ri deb bilaman bu narsani. Avvalambor, teatr haqida ko‘p narsa bilmagan bir talaba teatr uchun nima qilib beroladi? San’atni ham noto‘g‘ri tushunib qolishi mumkin.
— Filmlardagi birinchi rolingiz rejissyor Uchkun Nazarovning «Alangali sohil» filmida bo‘lgan ekan. O‘shanda yigirma to‘rt yoshlar atrofida bo‘lgansiz. O‘sha payt kastingda qatnashib rolga tasdiqlanganmisiz? Bu jarayon qanday kechgan?
— Kasting orqali, albatta. U paytlar faqat kasting bo‘lardi. Sadir aka degan bir rassomimiz meni Uchqun Nazarov bilan tanishtirgan... O‘shanda Uchqun aka menga qarab turib «Ozsang, kinoga olaman», deganlar. Kinoga tushaman deb bir oyda 12 kilo ozganman. Xullas, bir oy o‘tgach, «O‘zbekfilm»ga borganman, Uchqun Nazarovning oldiga. Buncha ozib ketding, deb hayron qolgan. O‘sha rolga mendan tashqari ham ko‘p aktyorlar talabgor edi. Lekin meni sinab ko‘rishgach, Komil Yormatov tavsiyasi bilan o‘tib ketganman.
— Kasting, bu — film olish jarayonining eng muhim qismlaridan, o‘sha filmning yarim muvaffaqiyati desak ham bo‘ladi. O‘sha sizni 12 kilo vazn tashlashga majbur qilgan kasting jarayonlari bilan keyingi 10-20 yillikdagi kastinglarni bir-biri bilan taqqoslab bo‘ladimi, farqlari nimada? Ikki jarayonniyam ko‘rgan aktyor, rejissyor sifatida fikringiz.
— Hozir kasting bormi o‘zi? Menimcha, yo‘q. Bor bo‘lsa, o‘sha kastingning qilgan ishi ko‘rinardi-da.
O‘sha paytlar kasting jarayonida eng asosiy rolni ikkinchi rejissyor o‘ynardi. Boshqalar hamma narsani tushuntirardi, shunga qarab ikkinchi rejissyor respublika bo‘ylab aktyorlarni izlardi va yig‘ardi. Hamma kastingga yig‘ilgach, rejissyor tanlab olardi. Kastingdan so‘ng rejissyor badiiy kengashga topshirardi ishni. Badiiy kengash ko‘rib chiqqach esa, respublika madaniyat bo‘limiga olib borilardi, asosiy ish o‘sha yerda hal bo‘lardi.
— Filmlarda kastingning o‘rni yo‘qolishiga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
— Bilmadim. Bu yerda kimnidir ayblab bo‘lmaydi. Ko‘p narsa sabab. Siyosat o‘zgardi, bu esa hamma narsaga ta’sir o‘tkazadi.
— Siyosatning san’atga ta’siriga tabiiy qaraysizmi?
— Ha, tabiiy qarayman. Siyosat kirib kelmagan soha yo‘q.
— Murod aka, 60-yillardan buyog‘iga san’at ichidagi odamsiz. Orada qariyb yarim asrlik ijod yo‘li bor. O‘zingiz yolg‘iz qolganingizda yoki yaqinlar, do‘stlar davrasida qaysi davrlardagi ijodingiz bilan bog‘liq xotiralarni ko‘proq maza qilib eslaysiz?
— Davrlarni ajratib bo‘lmaydi. Ularning bari mening hayotimda bo‘lgan, meniki. Men uchun aziz.
— Murod Rajabov desa tomoshabinlarning ko‘z oldiga birinchi navbatda Qo‘chqorboy obrazi keladi. Vaholanki, undan oldin ham, keyin ham ko‘plab rollar ijro etgansiz. Qo‘chqorboy obrazida nafaqat komik, balki dramatik, umuman, aktyorlik qirralaringiz boricha namoyon bo‘lgan, nazarimda. Kino olinishida ham ko‘p harakat qilgan ekansiz. Teatr uchun ham taklif qilgan ekansiz. Agar siz harakat qilmaganingizda balki bu asardan kinofilm ham olishmasligi mumkin edi. O‘zi nima uchun bu asar sizni bunchalik qiziqtirgan?
— Chunki asar Sharof Boshbekov tomonidan juda zo‘r yozilgan. Italyanlarning shunga o‘xshash filmi bor edi. Sharof Boshbekovdan so‘raganimda, u ham shu kinoni ko‘rganini aytgan. O‘sha kinoda ham shunaqa temir xotini bo‘ladi bir boyning. Asar juda zo‘r yozilgan. Unda samimiyat, dard bor. Umuman, har tomonlama yetuk bo‘lgan bu asar.
Teatrga olib kelganman, lekin olishmagan. Keyin Farhod Musajonov yoniga borganman, o‘shanda «O‘zbekfilm»ning bosh muharriri edi. Farhod aka ham o‘qib chiqqach, kino olishga ruxsat bergan.
— Asarda qahramon sifatida o‘zingizni ko‘rganmisiz?
— Nima desam ekan, asar menga umumiy yoqqan juda. Kino qilinsa, o‘ynardim degan xohish paydo bo‘lgan.
— Asarda o‘zgarishlar bo‘lganmi?
— Tushida hind qahramoni bo‘lib qolishini ko‘rganini o‘zimiz o‘ylab topganmiz. Bunday topilmalar ko‘p. Hammasini eslashim qiyin.
— Siz o‘zingizni qanday aktyor deb bilasiz. Ijodda qaysi qirrangizni ko‘proq namoyon eta oldingiz?
— Bu tomondan men juda baxtli odamman. Kinoda ham, teatrda ham kuchli rejissyorlar qo‘lida rollar ijro etdim. Ular bilan har xil obrazlarni gavdalantirdim. Kinoning hamma ko‘chasiga kirib chiqqanman.
— Birinchi 20 yillik teatrdagi faoliyatingizdan kino uchun ketganmisiz?
— Yo‘q, unday emas. Birinchi rejissyorim, ustozim teatrdan ketgani uchun mening biroz ko‘nglim sovigan.
— Yillar o‘tib yana qaytdingiz va Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqiy teatri direktori va badiiy rahbari sifatida ma’lum muddat faoliyat yuritdingiz, o‘sha davrda aktyor sifatida hech narsa yo‘qotmadingizmi?
— Muqimiy teatriga kelganimda, men aktyor sifatida to‘liq shakllangan edim. Shuning uchun menda hech qanday o‘zgarish yoki yo‘qotishlar bo‘lmadi. Bu davrda meni o‘zgartirib bo‘lmasdi.
— O‘sha davrdagi faoliyatingizdan ko‘nglingiz to‘lganmi?
— Albatta. Bu teatrga o‘zim xohlab kelganman. Ko‘p rejalarim bor edi. Ammo bo‘lmadi.
— Rejalaringizni amalga oshirishga nima xalaqit berdi?
— Teatr san’atiga befarq qarashlar. Rahbarlar ham, boshqalar ham teatr san’atini keraksiz deb biladi. Ularga farqi yo‘q. San’at esa e’tibor talab qiladi. San’at ham yordamga muhtoj.
— Teatrdan ketishingizga shu munosabatlar sabab bo‘ldimi?
— Yo‘q, bunday munosabatlarni men oldindan ham bilardim. Bilmadim, bu masalada gapirgim yo‘q... Qisqasi, Muqimiy teatridagi ijodiy guruhga ijod odamlari yig‘ilmagan edi.
Bir odamdan oxirgi rolini qachon o‘ynaganini so‘raganman. Eslolmadi. 20 yillar oldin o‘ynagan ekan. Teatrda shunchaki yuribdi. Shunaqa holatlardan keyin hafsalam pir bo‘ldi.
— Orada sizning filmlaringiz ekranlarda namoyishiga taqiq qo‘yilgani, rejissyorlarning sizni yangi s’yomkalarga taklif qilmasligi teatrdan ketishingiz bilan bog‘liqmi? Shundan keyin boshlanganmi ijodiy to‘siqlar?
— Yo‘q, bu taqiqlar anchadan beri bor menda. Teatr bilan bog‘liqmas. O‘zi tushunmayman: meni nega yoqtirishmaydi, nega ijodimga g‘araz bilan qarashadi... Bizda befarqlik ham bor. Murod Rajabov bor-yo‘qligining farqi yo‘q.
— Savolim g‘alatidir... Bu taqiqlar Gulnora Karimova nomi bilan bog‘liqmasmi?
— Bu bilan ham bog‘liq. Ko‘p sabablar bor bu yerda.
— «Oshga marhamat» loyihasining to‘xtatilishi ham Gulnora Karimova bilan bog‘liq deyishadi. Qanchalik to‘g‘ri bu?
— Yo‘q. Bir tarafdan bordir, balki.
— 2013 yilda bergan intervyularingizdan birida o‘zbek kino olamida qiladigan ishlarimiz juda ham ko‘p. Harakatlar boshlangan. Mavzular ochilmagan qo‘riqday. Oyoqqa turib olish uchun yana ozgina vaqt kerak har holda, deb O‘zbek kino san’ati kelajagiga umid bog‘lagansiz. 2020 yillardagi suhbatlardan birida, ya’ni oradan 7 yil o‘tib esa O‘zbekfilm o‘ldi, degansiz. Qanday jarayonlar, aytaylik sabab, omillar umidlaringizning parchalanishiga olib keldi?
— Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, davlatimizning san’atimizga bo‘lgan munosabati. San’atda bo‘layotgan ishlardan xabari bor edi rahbarlarning. Ammo hech kimning ishi bo‘lmadi. Oqibatda san’atni o‘ldirdik.
— Oxirgi tilga oladiganlarimiz aktyorlardan Dilnoza Kubayeva, Adiz Rajabov, Alisher Uzoqov, Ulug‘bek Qodirovlar avlodi bor. Ular ham hozir boshqa-boshqa yo‘nalishlarda band. Avlodlar o‘rtasida jarlik — katta uzilish paydo bo‘ldi. Bunga qanday sabab va omillar olib keldi deb o‘ylaysiz?
— Siz aytayotgan yangi avlod nima uchun aktyor bo‘lganini bilmaydi. O‘zi kino yo‘q bo‘lib bo‘ldi, lekin davlat haliyat o‘qityapti aktyorlarni. Birorta odam «Kino yo‘q-ku, nima uchun o‘qityapsizlar buni?» demaydi.
— Kino va teatr san’ati rivoji uchun nima kerak sizningcha, qanday muhit kerak? Institutdagi o‘qish jarayoniga nimalar yetishmayapti?
— Hamma narsa yetishmayapti. San’atni tushunadigan odam yetishmaydi, san’atkor yetishmaydi. Yo‘q san’atkor qanday qilib san’at to‘g‘risida dars berishi mumkin? Lekin dars beraveradi. Birovning ishi yo‘q. Befarqlik. Rahbarlar qiziqib ham ko‘rmaydi. «Kovlab» ko‘rsa, o‘ziga tegishli narsa chiqib qolishi mumkin-da.
— Shu o‘lib borayotgan san’atni qanday jonlantirsa bo‘ladi?
— E’tibor berish kerak. San’atni tushunadigan odamlar o‘tirishi kerak. San’at zarur ekanini his qilishlari kerak. Tepada o‘tirgan rahbarlar bilishi kerak shu san’at zarurligini. Bor narsa ham yo‘qolib qolsa, yo‘qolib qoldi, demaydi. Ayni shu narsani o‘zimdayam his qildim.
— Aktyor topsa bo‘ladi menimcha. Bizda rejissyorlar va dramaturgiya muammomi?
— Xa, aynan shunday. Bizda juda zo‘r aktyorlar bor. Har qanday rolni ishonsa bo‘ladi ularga. Lekin ularni shunday ishlatadigan odam qani? Yo‘q.
— Oxirgi paytda chetdan aktyorlar olib, hamkorlik qilib kino ishlashyapti. Festivallar bo‘lyapti. Bunga qanday qaraysiz?
— Festivallar qilishdi. O‘sha festivalga ketgan pulni yaxshi rejissyorlarga bersin, kino olsin. Festival degani davlat pulini olib, qanchasinidir sarflab qolganini bo‘lib olish bo‘lyapti. O‘zbek kinosi bulardan hech narsa yutmaydi. Qayerdan yutsin, hamma yoq o‘g‘ri.
— Yaxshi filmlaringizdan biri «Ulfatlar». O‘zi bu filmni olish fikri qayerdan chiqqan? Nega aynan shu aktyorlarni tanladingiz?
— Italyanlarning «Do‘stlar» degan kinosidan ilhomlanganman va g‘oya paydo bo‘lgan. Aktyorlarga keladigan bo‘lsak, boshqa variant yo‘q edi.
— Kinoga endi kirib kelayotgan yoshlarga qanday maslahatlar berolasiz?
— Hech narsa. Chunki ishonmayman biror nima o‘zgarishiga. Qo‘lidan hech narsa kelmaydi, chunki imkoniyat, e’tibor yo‘q.
— Sizni komik rollar orqali ko‘p taniganmiz. Hozirgi holatingiz esa boshqacha. Nega tushkunlik?
— U davrlar boshqa edi. Hammasi o‘zgardi. Hozir ko‘p narsaga umidim, ishonchim qolmagan.
San’atkor ketishi kerakligini his qilganda, ketishi kerak. Ba’zi bir kasblarda ketmay, yuraversa bo‘ladi. Lekin san’atda bo‘lmaydi.
— Erta taslim bo‘layotganday tuyulmayapsizmi o‘zingizga? O‘ylashimcha, hali san’atga beradigan narsalaringiz ko‘p.
— Mening ahvolimdagi kishi chekinish-chekinmaslikni o‘ylab o‘tirmas ekan.
— Sizni sog‘ingan insonlar Murod Rajabovni yangi filmlarda, yangi loyihalarda ko‘rishga umid qilsa bo‘ladimi?
— Yo‘q. Umid qilmanglar.
— Agar yaxshi rejissyordan yaxshi asarda rol ijro etishga taklif bo‘lsa, rozi bo‘lmaysizmi?
— Albatta, rozi bo‘laman. Biz doim shunday orzu bilan yashaymiz...
Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»