11:59 / 04.05.2023
151

Prezidentlar o‘zbek xalqi madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani ochib berdi

Prezidentlar o‘zbek xalqi madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani ochib berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Germaniyaga tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Berlin shahridagi jahonga mashhur Jyeyms Simon galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha” nomli noyob ko‘rgazmani ochdilar.

Davlat rahbari ochilish marosimida ikki mamlakatda xalqlarning boy madaniy merosi va bugungi yutuqlariga qiziqish ortib borayotganini qayd etdi. O‘zbekistonda Gyote, Geyne, Shiller, Tomas Mann, Remark va ko‘plab boshqa adiblarning o‘lmas ijodini, Bax, Betxoven, Shtraus, Vagnerning ajoyib musiqasini yaxshi bilishadi va qadrlashadi.

Hududidan Yevropaga eltuvchi qadimgi karvon yo‘llari o‘tgan O‘zbekistonning tarixi bilan Germaniya jamoatchiligi yaxshi tanish. Asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘li savdo, fan, madaniyat va san’at rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelgan, madaniyatlararo muloqotga, ma’naviy qadriyatlar almashinuviga, progressiv g‘oyalar shakllanishiga, integratsiya va hamkorlikka, tinchlik va bunyodkorlikka, bag‘rikenglik va totuvlikka xizmat qilgan.

Ko‘rgazmaning ochilishi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi madaniy aloqalarda diqqatga sazovor voqea bo‘ldi. Uning o‘tkazilishi haqida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning 2019 yil maydagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida kelishilgan edi. Qariyb to‘rt yil davomida ikki mamlakat arxeologlari, tarixchilari, san’atshunoslari va muzey xodimlari tadbirni tashkillashtirish ustida fidokorona mehnat qildi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida 50 ga yaqin eng qimmatli osori-atiqalar restavratsiya qilindi.

2024 yil 14 yanvar kuniga qadar davom etadigan ko‘rgazmada Berlin davlat muzeylari to‘plamlaridan 65 ta va O‘zbekiston muzeylari to‘plamlaridan 285 ta eksponat namoyishga qo‘yilgan. Ularning ko‘pi mamlakat tashqarisida ilk bor ko‘rsatilmoqda. Ko‘rgazma mamlakat qadimiy va boy madaniyati, bugungi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududida joylashgan ilk davlatlarning miloddan avvalgi VI asrdan milodiy IV asrgacha davrni qamrab olgan tarixi haqida so‘zlaydi.

Bu yerdagi durdonalar orasida Kushon saltanatining Dalvarzintepa va Holchayon qo‘rg‘onlaridan topilgan aslzodalar, askar va badavlat ayollar haykallari bor. Ushbu betakror ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston tarixi bilan tanishish, xalqimiz merosi to‘g‘risida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Tadbir O‘zbekiston va Germaniya xalqlarining yanada yaqinlashishi va bir-birini anglashiga, mamlakatlar o‘rtasidagi keng muloqot va ko‘p qirrali hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston prezidentining Germaniyaga tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat delegatsiyalari a’zolari, davlat va jamoat arboblari ishtirokida qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, “Berlin-Brandenburg” aeroportida oliy martabali mehmonni Germaniyaning rasmiy shaxslari kuzatib qo‘ydi. Davlat rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Prezidentlar o‘zbek xalqi madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani ochib berdi