14:16 / 09.11.2023
662

O‘lmas Olloberganov “Kutaman” qo‘shig‘ini ijro etgan havaskor haqida keskin fikr bildirdi

O‘lmas Olloberganov “Kutaman” qo‘shig‘ini ijro etgan havaskor haqida keskin fikr bildirdi

“X-faktor” ko‘rsatuvi bilan bog‘liq muhokamalar hali ham tingani yo‘q. Xonanda O‘lmas Ollaberganov ham ko‘rsatuv ishtirokchilaridan biri uning “Kutaman” qo‘shig‘ini o‘zgartirib kuylaganidan ranjigani haqida aytib o‘tdi.

To‘g‘risini aytsam, bir tomondan jahlim chiqdi. Chunki u yerdagilar qo‘shiqni buzganiga mazza qilishdi. Ijrochi qo‘shiqni boshqa pardalar qo‘yib aytsa, “zo‘r-zo‘r” deb olqishlashyapti. Aslida qo‘shiqni o‘zgartirishga u yigitning haqqi yo‘q. Yangilik qilaman deb unga o‘zgartirish kiritish shart emasdi. Mayli ijrochi yosh boladir, hali musiqiy savodxonligi yoki farosati yo‘qdir. Ammo u yerdagi insonlar buzilgan qo‘shiqqa bunchalik qarsak chalishlari kerak emasdi. U qo‘shiqni yaratish uchun qancha vaqt va mehnat sarflangan. Borini chiroyli qilib ijro etganida, yutug‘i shunda bo‘lardi, — deydi xonanda O‘lmas Ollaberganov.

“X-faktor” ko‘rsatuvida hakamlar hay’ati a’zosi bo‘lgan xonanda Lola Yo‘ldosheva O‘lmas Ollaberganovning yosh ijrochi borasidagi fikrlariga o‘z munosabatini bildirdi.

Ishtirokchi yigit qo‘shiqni maromiga yetkazib ijro etgani uchun ham muallifning tanqidiga uchradi. O‘lmas Ollaberganov ko‘rsatuv ishtirokchisi uning qo‘shig‘ini buzganligi va uning bunga haqqi yo‘qligi haqida gapirdi. Unga bunday qo‘shiqlarni kuylamaslik va durdona asarlarga tegmaslikni maslahat berdi. Ammo bu yosh yigitning qo‘shiqchilik borasida hech qanday tajribasi yo‘q, ustoz ko‘rmagan va endi bu sohaga kirib kelayotgan havaskor. Uning ijrosidagi qo‘shiqni tinglab, ko‘z yoshlarimni tiya olmadim. Chunki u menda ajoyib tuyg‘ularni uyg‘ota oldi, demak u sizning qo‘shig‘ingizni buzmagan. Yosh ijrochiga nisbatan shunchalik ko‘p agressiya va negativ munosabat qayerdan paydo bo‘ldi? Uning qanotlarini sindirmay, unga yordam berishimiz kerak, — deydi xonanda Lola.

Lola Yo‘ldoshevaning murojaatidan so‘ng “X-faktor” loyihasining prodyuseri Ibrohim Ahmedov Instagram sahifasiga O‘lmas Ollaberganovning intervyusini joylab, video so‘nggiga Kamoliddin Rahimovning “Kutaman” qo‘shig‘idan ham parcha qo‘ydi. Video ostida ko‘plab san’atkor va blogerlar o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Foto: Instagram

Xonanda Lolaning murojaatidan keyin O‘lmas Ollaberganov yana Instagram tarmog‘iga video joyladi. U yosh xonandaga yoki “X-faktor”ga nisbatan hech qanday xusumati yo‘qligi va Lola uning fikrlarini to‘g‘ri tushunmaganini aytdi.

Foto: Skrinshot

Aslida yana bu haqida gapirishni istamagandim. Instagram tarmog‘ida turli gap-so‘zlar tarqalganidan so‘ng yana murojaat bilan chiqishga majbur bo‘ldim. Rosti, rus tilidagi e’tirozlarini to‘liq tushunganim ham yo‘q. Faqatgina uning gaplaridan go‘yoki men yosh ijrochiga hasad qilayotgandek ko‘ringanman. Ishtirokchi yigitning ismi Ulug‘bek ekan, 23 yoshda ekanligini ham eshitdim. Agar 13 yoshda bo‘lganida to‘g‘ri tushunardim, ammo 23 kichik yosh hisoblanmaydi. Ko‘rsatuvga hech qanday xusumatim va e’tirozim yo‘q. Lolaxon mening gaplarimni tushunib tushunmay ko‘rolmaganlikda aybladi.

Men faqatgina Ulug‘bek qo‘shiqni buzib ijro etmasin, qanday bo‘lsa shundayligicha ijro etsin, dedim xolos. Bu qo‘shiq retro darajasiga chiqib ulgurgan va uning yaratilishida ancha odamlarning mehnati singan. Lolaning gapiga ko‘ra men “O‘zining qo‘shig‘ini aytsin”, degan ekanman. Aslida men unday deganim yo‘q. Menimcha Lola va uning muxlislari bilan dunyoqarashim ham bir-biriga to‘g‘ri kelmasa kerak, deb o‘ylayman. Iltimos qilamanki, Lolaxon nima deyayotgani haqida yaxshiroq o‘ylab ko‘rsa bo‘lardi, — deydi xonanda O‘lmas Ollaberganov.

O‘lmas Ollaberganov murojaati davomida “X-faktor” loyihasi prodyuseri Ibrohim Ahmedovga ham keskin fikr bildirib o‘tdi.

Foto: Skrinshot

Eshitishimcha, u yigit aslida sport sharhlovchisi ekan. Ammo xuddi meni ustimdan kulgandek Instagram sahifasiga rahmatli Kamoliddin Rahimovning “Kutaman” qo‘shig‘idan parcha qo‘yibdi. Aslini olganda ustoz ijro etgan qo‘shiq bilan mening ijromdagi qo‘shiqning o‘rtasida hech qanday o‘xshashlik yo‘q. Ya’ni ikkisi ham alohida kompozitsiya hisoblanadi. Faqatgina ikki qo‘shiqning so‘zi bitta xolos. Yaxshi she’rga har xil kompozitsiya yaratish mumkin, bu cover qo‘shiq hisoblanmaydi. Bu videoda xuddi men Kamoliddin Rahimovning qo‘shig‘ini buzib ijro etgandek ko‘rsatilganman. Bu qanday saviyasizlik? Video tagiga izoh qoldirayotganlarning ko‘pchiligining musiqadan hech qanday ilmi yo‘q.

Agar tushunganida bunday fikr bildirmagan bo‘lardi. Yana bir bor aytaman, sport sharhlovchisi Ibrohimjon siz ham ozgina ishlab, faktlarga asoslanib gapirsangiz, musiqani tushunadigan insonlar orasida ham ko‘rsatuvingizning obro‘si oshadi, deb hisoblayman. Yosh ijrochi Ulug‘bekka hech qanday e’tirozim yo‘q. Uning onasi ham xafa bo‘lib e’tirozlarini yozib qoldiribdi. “Yosh yigitni qo‘llab-quvvatlasangiz bo‘lardi, ichqoralik qilmang”, deyayotganlarga javobim, menda hech qanday xusumat yo‘q. Meni noto‘g‘ri tushungan bo‘lsangiz, gunohi o‘zingizga bo‘ladi. Men gapirgan gapim, harakat va san’atimga ham javob bera olaman, — deydi xonanda O‘lmas Ollaberganov.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘lmas Olloberganov “Kutaman” qo‘shig‘ini ijro etgan havaskor haqida keskin fikr bildirdi