14:26 / 01.12.2023
232

Muxlislar ko‘nglini zabt etgan Gollivud aktyorlari haqidagi hayotiy voqealar

Muxlislar ko‘nglini zabt etgan Gollivud aktyorlari haqidagi hayotiy voqealar

Olamshumul mashhurlikka erishgan bo‘lsa-da, insoniyligini saqlab qolgan Gollivud yulduzlari haqida gaplashamiz.

Maykl Klark Dunkan va Bryus Uillis

 
Foto: Getty Images

Maykl Klark Dunkan   Tom Xenks va Devid Mors ishtirokidagi “Yashil maskan” filmidagi Jon Koffi roli bilan mashhur. U noto‘g‘ri vaqtda keraksiz joyda bo‘lib qolgan va shafqatsiz jinoyat qilganlikda nohaq ayblangan mehribon odam rolini o‘ynaydi. Avvaliga “Yashil maskan” nazoratchilari Jondan ehtiyot bo‘lishadi, lekin uning bolalarcha soddaligi, mehribonligi va samimiyligini ko‘rib, aybsizligini tushunishadi. Mayklning bu obrazni o‘ynashga hojat yo‘q edi, chunki tashqi ko‘rinishiga qaramay, hayotda ham xuddi qahramoniday xushmuomala va samimiy bo‘lgan.

“Armageddon” filmi suratga olinayotganda unga Bryus Uillis “yaxshi odam emas” deb aytishadi. Bryus bilan ziddiyatga borishni istamagan Maykl undan qocha boshlaydi va u bilan gaplashmaslikka harakat qiladi, chunki unga shunday qilishni maslahat berishadi. Uillis o‘ziga nisbatan g‘alati munosabatni payqab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Dunkanning o‘zidan nima bo‘lganini so‘raydi. Maykl ham bor gapni aytib: “Sizni yomon odam deb eshitdim”, deydi. Bryus Maykldan seni biror marta xafa qilganmanmi, deb so‘raydi va undan qo‘rqmasligi kerakligini aytadi. Biroq Dunkan kutilmaganda “Yo‘q, menga yomon muomala qilmadingiz. Ammo men sizga bunday munosabatda bo‘lish imkoniyatini bermayman. Ishimni yo‘qotishni istamayman”, deb javob beradi. Bryus Uillis Maykl bilan munosabatlari yomonlashishini istamaydi, shuning uchun undan o‘zini olib qochmasligini aytadi va do‘stlik qo‘lini cho‘zadi.

Shundan so‘ng ular nafaqat yaxshi hamkasb, balki qadrdon do‘st bo‘lishadi. Aynan Bryus Uillis “Yashil maskan” filmining ssenariysini o‘qib chiqqach, Dunkanga qo‘ng‘iroq qiladi. Uni Jon Koffi rolida ko‘rganini aytadi, keyin esa rejissor Frenk Darabontga uning nomzodini tavsiya qiladi.

Robin Uilyams

Foto: Getty Images

Robin Uilyams Gollivudning eng mehribon aktyorlaridan biri edi. Garchi u jiddiy kasallik tufayli azob chekkan bo‘lsa-da, boshqalarni baxtli qilishni bilardi. Robin bolalar va kattalarga nafaqat televizor va kino ekranlari orqali, balki shaxsan ham quvonch keltiradi.

Uilyams tom ma’noda yashirin Santa edi. Har Rojdestvoda u bolalar shifoxonalariga tashrif buyurib, ularga sovg‘alar ulashadi. Lekin eng muhimi, u buni kameralarsiz va ortiqcha shov-shuvsiz qilgan. Pediatr Kerri Chen 1998-yilda San-Fransisko kasalxonasida pediatriya guruhida ishlaganini eslaydi. Har Rojdestvoda ushbu shifoxonaga tashrif buyuradigan Robin Uilyams o‘sha yili ham hech kimga aytmay, bolalarni ko‘rgani keladi. Avvaliga muddatidan oldin tug‘ilgan va og‘ir ahvolda bo‘lgan bolani ko‘rgani boradi. Robin kelganida, bola o‘zini ancha yaxshi his qilardi, shuning uchun aktyorga uning oldiga kirishga ruxsat berishadi. U ko‘zlarida yosh bilan chiqadi, shundan so‘ng uning filmlarini tomosha qilib katta bo‘lgan bolalar oldiga boradi. Ularning har biriga nafaqat o‘z e’tiborini, balki yangi Nintendo video o‘yinini ham hadya qiladi.

Kerri Chenning so‘zlariga ko‘ra, Robinni mashhurlik umuman qiziqtirmagan — u shunchaki buni xohlamasdi. Shunday qilib, Uilyams hech kimga sezdirmasdan ichkariga kiradi, keyin qanday kelgan bo‘lsa, shunday jimgina chiqib ketadi.

Kianu Rivz

Foto: Getty Images

Kianu Rivz muxlislarini juda yaxshi ko‘radi va ularning har biriga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Buning evaziga muxlislar unga mehr va sadoqatini bildiradi. Kianu ko‘plab muxlislarini hayratda qoldiradigan ishlari tufayli ideal Gollivud yulduziga aylandi. Ulardan biri 2001-yilda, Rivz allaqachon “Matrisa”, “Tezlik”, “To‘lqinlarni bo‘ysundirib”, “Bill va Tedning ajoyib sarguzashtlari” hamda “Iblis himoyachisi” filmlarida rol o‘ynagan paytida sodir bo‘lgan.

Bir kuni Kianu bosh rolni Jonni Depp o‘ynagan “Jahannam qa’ridan” filmini ko‘rish uchun kinoteatrga tushadi. Kassada o‘tirgan 16 yoshli yigit Kianu dastxat bermasa kerak, deb o‘ylaydi, shuning uchun unga chegirma olish uchun imzo chekishi kerak bo‘lgan blankani uzatadi. Rivz xushmuomalalik bilan rad javobini berib, “men bu yerda ishlamayman”, deydi va ketadi. Yigitcha noto‘g‘ri ish qilganini tushunadi, lekin endi kech edi. Ammo kutilmaganda kassa eshigi taqillaydi. Eshik tashqarisida Kianu Rivz turardi, u: “Senga dastxatim kerakligini tushundim”, deydi va unga imzo qo‘yilgan chek beradi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Muxlislar ko‘nglini zabt etgan Gollivud aktyorlari haqidagi hayotiy voqealar