Bunyodbek Saidov bugungi kunda Xorazm qo‘shiqchilari orasida eng ko‘zga ko‘ringan va talab yuqori bo‘lgan xonanda. Uning nafaqat O‘zbekistondagi, balki xorij davlatlaridagi konsertlari ham hamisha shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. U Markaziy Osiyo davlatlari va bir necha bor AQSHda konsert dasturlarini taqdim etgan.
“Daryo” muxbirlari xonandaning bu yilgi konsertida ishtirok etib, reportaj tayyorladi. Xonanda bu yilgi konsert so‘nggisi bo‘lishini, endi asosiy eʼtiborini boshqa narsalarga qaratish niyatida ekanligini gapirdi.
— Bu yilgi konsert ijodimdagi eng qisqa vaqt tayyorgarlik ko‘rilgan konsert bo‘lsa kerak. Chunki birorta konsertga bu qadar kam tayyorgarlik ko‘rmaganman. Tashkilotchilar taklif berishganida, biroz ikkilandim. Oxiri konsert kunlari belgilanishiga bir oy qolganida rozilik berdim. Keyin konsertga ikki hafta qolganida Toshkentga kelib, tayyorgarlik ko‘rishni boshladim, — deydi Bunyodbek Saidov.
Xonanda to‘ylarda ham faol emasligi va kelajakdagi faoliyatini qanday davom ettirmoqchiligi haqida gapirdi.
— To‘ylarga ham deyarli bormayapman. Ijodga ham eʼtiborim ancha susaygan. Shu bois bu yilgi konsertni samimiy va oddiy qilib o‘tkazishni niyat qildim. Muxlislar so‘ragan qo‘shiqqa tayyorman. Karantin davri ko‘p haqiqatlarni anglashimizga sababchi bo‘ldi. Yolg‘iz farzandman, konsert va ijod sabab ota-onamga ko‘ngildagidek eʼtibor bermasligim mumkin.
Shu bois, uzoq o‘ylab bir qarorga keldim. Bu yilgisi oxirgi konsertim bundan keyin bor eʼtiborimni yaqinlarimga, xususan ota-onamga qaratmoqchiman. Menimcha, men shunday yoshga yetib keldim, — deydi xonanda Bunyodbek Saidov.
Xonandaning bu yilgi konserti haqiqatan ham maxsus ssenariysiz o‘tdi. Chunki xonanda ko‘p qo‘shiqlarini muxlislarining talabi bilan ijro etdi.
— Buni konsert emas, samimiy uchrashuv deb qabul qilinglar. Istagan inson o‘ynasin, istasa men bilan qo‘shilib qo‘shiq aytsin. Bugungi kecha qolipsiz o‘tishini xohlayman, — dedi Bunyodbek Saidov.
Botir Qodirov do‘stini qo‘llab-quvvatlash uchun konsert boshidan oxiriga qadar sahna ortida bo‘ldi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring