Taniqli aktrisa Saida Saidbekova “O‘zimizning gap” ko‘rsatuviga bergan intervyusida ijodda nima sababdan tanaffus qilgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram
 

Saida Saidbekova yaxshigina qo‘shiq kuylashi ko‘pchilikka ma’lum. U nima sababdan xonandalik yo‘nalishini davom ettirmaganini quyidagicha izohladi. 

“Qo‘shiq kuylashimga turmush o‘rtog‘im qarshi”
— Qo‘shiqchilikka ruxsat bo‘lmagan, lekin rosa sog‘inardim. Turmush o‘rtog‘im qo‘shiq kuylashimga qarshi bo‘lganlar. Qayerga borsam ham ular men bilan borardilar. “To‘yxonaga borsang, men pastda kutib tura olmayman. Bu menga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun yig‘ishtira qol”, deganlar. Rozi bo‘lganman. “Hech bo‘lmasa aktrisalikni davom ettirishimga ruxsat bering”, deganimda, “Mayli, faqat kutasan, qachon o‘zim ko‘nglim erib, ruxsat berganimda ijod qilasan”, deganlar. Shu tarzda oradan olti yil o‘tib ketdi. 6 yil turmush o‘rtog‘imning hamma aytganlarini qilib, farzandlarimga qarab uyda o‘tirdim. Keyin san’atni sog‘inganimni sezdilar shekilli, ijodga qaytishimga ruxsat tegdi.

Foto: Instagram
 Aktrisa turmush o‘rtog‘i bilan

 “Salbiy rollarimni ko‘proq eslashadi”
— Ijodim avvalida salbiy rolni ijro etganim uchunmi, rejissorlar ko‘pincha shunday rollarga taklif qilishadi. Yaxshi rollarim bor, lekin tomoshabin aynan salbiy qahramonlarim bilan eslab qolgan. Balki tomoshabinni ishontira olgandirman. Ustozim bizga rol tanlama, deb o‘rgatgan. Shuning uchun men rejissorlar qanday rol taklif qilsa, ijro etib berishga harakat qilaman.

Vaynlar haqida
— Bir necha taniqli blogerlar tomonidan vaynlarga suratga tushishga takliflar bo‘ldi. O‘zim xohlamadim. Chunki vaynlarda bachkanalik ko‘p bo‘ladi.

“San’atkorlar orasida do‘stim yo‘q”
— San’atkor ayollarni kimnidir opam, kimnidir singlim deb yaqin olishim mumkin. Lekin to‘lib ketganimda ham sirimni dugonalarimga aytmayman. Chunki ayollar o‘rtasida do‘stlik bo‘lmaydi. Onam bilan sirlashaman. Lekin ularga ham hamma dardimni aytmayman. Chunki siqilgan paytingiz muammoingizni onangizga aytsangiz, dardingizga onangizni ham sherik qilib qo‘yasiz.

“Ajrashdingizmi, deydiganlarga javobim”
— Inson hayotida xatolar qilib, to‘g‘rilanadi. Men yoshligimda qiyinchilik ham ko‘rganman. Do‘stlikda xiyonatga ham uchraganman. Shuning uchun hozir o‘zimga juda puxtaman. Instagram’da “Turmush o‘rtog‘ingiz bilan ajrashdingizmi, nega ular bilan tushgan suratingizni ko‘rsatmayapsiz?”, deb savol berishadi. Hamma har xil, menga bu yoqmaydi. Menimcha, ko‘z va nazar degan narsalar bor. Shuning uchun oilamni hammaga ko‘z-ko‘z qilgim kelmaydi.

Foto: Instagram
 

— Hozirgi kungacha “Farzandim” filmidagi o‘gay ona roli bilan tanishadi. Yaxshiyam shu filmda o‘ynagan ekanman. O‘n yildan oshdi, lekin haligacha menga “Siz o‘sha o‘gay onasiz”, deb murojaat qilishadi. O‘sha rolimda men turmushga chiqmagan qiz bo‘lganman. Oila nima, farzand nima, bilmaganman. Rejissor nima desa shuni qilganman.