“Qayerdan bilasiz, balki men bepushtdirman?”. Munisa Rizayevadan intervyu (foto, video)
Xonanda Munisa Rizayeva “Nima gap” YouTube kanaliga bergan intervyusida ijtimoiy tarmoqlardagi dilini og‘rituvchi savollar, hijobga kirishni istashi hamda dunyoqarashini o‘zgartirib yuborgan fikrlar haqida so‘zlab berdi.
Foto: Instagram
— Bir necha kun avval Instagram sahifam orqali jonli efir qilib, boshqa hech qachon bu ishni qilmaslikka qaror qildim. Shuningdek, izohlarga ham boshqa javob bermayman. Men o‘zbek shou-biznesidagi muxlislari bilan eng ko‘p muloqot qiladigan xonandalardan biri edim. Jonli efirda odamlar meni va erimni haqorat qilib yoza boshladi. Men ularga “Allohning oldida sizlar kim bo‘libsizlar? Nima uchun Allohning ishlariga aralashasizlar?”, dedim. Ular menga “Nimaga farzandli bo‘lmayapsiz? Uyalmaysizmi, farzand ko‘rmaslikdan?” deyishdi hatto. “Qayerdan bilasiz, balki men bepushtdirman? Balki bolali bo‘lishni orzu qilaman, lekin bolali bo‘lolmasman. Yoshligimdan bolali bo‘lishni xohlayman, balki Alloh menga hali bermagandir? Bir musulmon insonning ikkinchi musulmonga bunday savollarni berishi katta gunoh deb bilaman. Bunday savollardan dilim og‘rib yig‘lab o‘tirganimda erim “Shu jonli efirga kirma, o‘qima bunday izohlarni” deydi. Chunki siqilishimni xohlamaydi. Avvallari bunaqa narsalarga e’tibor bermasdim, lekin yosh o‘tgan sari insonning ko‘ngli nozik bo‘lib qolarkan.
Foto: Instagram
“Bo‘lsa bo‘ldi, bo‘lmasa shungayam shukr”
— Ikki oycha avval hayotga qarashlarim butunlay o‘zgarib ketdi. Hozir bosayotgan qadamimni oldin 10 marta o‘ylaydigan bo‘lsam, hozir 100 marta o‘ylaydigan bo‘ldim. Pul, mashhurlik, baxtli bo‘lish haqida o‘ylardim. Ya’ni miyamdagi fikrlar faqat mana shu dunyodagi moddiy narsalar bilan bog‘liq edi. Hozir esa menga pul va mashhurlikning qizig‘i yo‘q. Hozir esa “Bo‘lsa bo‘ldi, bo‘lmasa shungayam shukr” degan fikr paydo bo‘lgan menda.
Foto: Instagram
“Hijobga kirishga tayyorman, erim buni xohlamayapti”
— Oldin hijob o‘rash haqida har xil fikrlar bildirganman. Bugungi kunga kelib tushunib yetdimki, bu farz. Yaxshimisan, yomonmisan o‘ranishing shart. O‘rana olmayotganim bu mening hozirgi kundagi eng katta minusim. Men buni juda ham xohlayman, bunga men yillar davomida kelyapman. Lekin erim o‘ranishimga qat’iyan qarshi. U menga “Seni deb dinimni o‘zgartirdim, sen ham mening bitta aytganimni qil”, dedi.
Foto: Instagram
“13 yildan beri to‘y biznesidaman”
— Birinchidan mening ishim. Ikkinchidan mening shiorim “Do what you love, love what you do” ya’ni “Sevgan ishingni qil va qilayotgan ishingni sev”. Shuning uchun mana 13 yildan beri to‘y biznesidaman. Bu katta muddat. Har kuni bitta ishni qilish joningga tegib ketadi, to‘g‘ri. Lekin har safar to‘yxonaga kirganimda odamlar meni quvonch bilan kutib olib, qo‘shiqlarimni men bilan birga kuylashini, raqsga tushishini ko‘rib, menga mehr-muhabbat bilan qarashini his etsam — bu narsalar men uchun bebaho. Bunday emotsiyalarni kerak bo‘lsa, pulga ham sotib ololmaysiz. Har kuni to‘yga chiqqanim uchun mehmon sifatida taklif etishsa, bormayman. Yoki turmush o‘rtog‘im karaoke, klublarga borishni xohlaydi. Shunda o‘zingiz boring, deyman. Chunki musiqa va shovqindan charchayman. Menga musiqasiz, sokin joylar yoqadi. Bo‘sh vaqtimda ham umuman musiqa eshitmayman. Televizorni ham ovozini past qilib, ko‘raman. Sababi musiqadan juda charchaganman. To‘yda kolonka, monitorlar oldida turamiz, miya charchaydi. Hatto sahnada qo‘shiq kuylayotganimda ikki marta mikroinsult olganman. Ko‘pchilik aytadi, “Og‘zingni ochib, o‘ynab pul topasanlar”, deb. Lekin bunga qancha mehnat va mashaqqat, sog‘lig‘ing va energiyangni sarflashingni bilishmaydi.