14:34 / 22.01.2024
315

Rayhonning so‘nggi konserti qanday o‘tmoqda?

Rayhonning so‘nggi konserti qanday o‘tmoqda?

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva 2024 yilni yangi konsert dasturi bilan boshladi. Ammo “Bu so‘nggi konsertim bo‘ladi” degan gapi muxlislar ko‘nglini bir oz xijil qilgan bo‘lsa-da, shou chinakamiga unutilmas bo‘ldi. “Daryo” muxbirlari konsertga tashrif buyurib, sahna va sahna ortidagi qiziqarli voqealar haqida reportaj tayyorladi.

Foto: “Daryo”

— Bu yil ijod boshlaganimga 25 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan yubiley shou qilishni reja qilgandim. Yangi qo‘shiqlar albatta bo‘ladi, ammo bu ijodimdagi tarixiy kecha bo‘lgani uchun uni eski taronalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shou bo‘lishi uchun juda uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rdik. Sahnada ham, uning ortida ham ko‘plab odamlar mehnat qildi. Bu yilgi shou orqali qalbim sirlarini muxlislarimga ochishni niyat qilganman. Chunki ular shu kungacha meni qo‘llab-quvvatlashdi, — deydi xonanda Rayhon.

Foto: “Daryo”

Konsertda xonanda ijodidan o‘rin olgan 25 ta qo‘shiq yangradi. “Azoblaysan”, “Sevgilim” va “Baxtli bo‘laman” kabi eski hit qo‘shiqlar tomoshabinlarga yoshlik yillarini eslatgan bo‘lsa ne ajab.

Foto: “Daryo”

Rayhonning hech bir konserti shunchaki qo‘shiq va raqslardan iborat bo‘lmaydi. Bu yilgi dastur ham haqiqiy shou bo‘ldi va xonanda xuddi avvalgi konserlaridagidek yuqoridan yulduz kabi sahnaga tushdi.

Foto: “Daryo”

Konsertda Hamdam Sobirov bilan kuylangan “Qizil ko‘ylagim” duetining yangrashi aniq edi. Ammo xonanda konsert oldidan bergan intervyusida boshqa duetdoshlarini sir tutgandi. Konsert kuni ikkita yangi duet premera qilindi. Uning duetdoshlari Shohruhxon va Jahongir Poziljonov bo‘ldi.

Foto: “Daryo”

— Rayhon mas’uliyat bilan ishlaydigan, chinakamiga mehnat qiladigan ijodkor. Uning konsertdan qanchalik qayg‘urganini hech kim menchalik his qilmaydi. Chunki nonushtada ham, kechki ovqatda ham faqat shu haqida gaplashdik. “Bo‘ldi, yana shu mavzumi? Agar bunchalik o‘zingni qiynaydigan bo‘lsang, boshqa konsert berma. Bolalarga qara”, deb koyib ham berdim. Bundan keyin konsert berish yoki bermasligi haqida biror narsa deyolmayman. Buni vaqt ko‘rsatadi, — deydi xonandaning turmush o‘rtog‘i Farhod Alimov.

Xonandani qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab shou-biznes vakillari tashrif buyurdi. Konsertning ilk kunida Ziyoda, Shahlo Zoirova, Dildora Rustamova, Umidaxon va Husnora Shodiyevani uchratdik.

Foto: “Daryo”

Qo‘ng‘iroq sochli Rayhon yodingizdami? Xonanda so‘nggi konsertida xuddi shu imijda ko‘rinish berdi. Bu tomoshabinlarga ilk bor katta sahnaga chiqqan yosh Rayhonni eslatgan bo‘lsa ne ajab.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Rayhonning so‘nggi konserti qanday o‘tmoqda?