17:08 / 13.12.2024
168

Ozodbek Nazarbekov Qirgʻiziston xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi

Ozodbek Nazarbekov Qirgʻiziston xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi
Foto: Madaniyat vazirligi
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov bugun, 13 dekabr kuni Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni qabul qildi, deb xabar beradi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, uchrashuvda Sadir Japarov Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy doʻstlik rishtalarini mustahkamlashda muhim boʻgʻin boʻlib, mushtarak tarix, til, madaniyat va an'analar bilan bogʻlanganini alohida ta'kidlagan.

«Xalqlarimizni koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari birlashtirib turadi. 1992 yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi va bu hamkorlikni mustahkamlashda madaniyat muhim oʻrin tutadi», — degan Sadir Japarov.

Shuningdek, Qirgʻiziston prezidenti 2025 yilda Qirgʻizistonda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston madaniyati kunlari ikki xalqning yanada yaqinlashishida muhim voqea boʻlishiga ishonch bildirgan.

Sadir Japarov Ozodbek Nazarbekovni Qirgʻiziston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan taqdirlangani bilan tabriklab, uning mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish va doʻstlikni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasini qayd etgan.

Eslatib oʻtamiz, sentyabr oyida Qirgʻiziston milliy filarmoniyasi estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori Nur Omurbaevga Oʻzbekiston xalq artisti faxriy unvoni, Qirgʻizistondagi erkin ijodkor, komuz sozandasi Duyshenbek uulu Zakirbekka Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist faxriy unvoni berilgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat