13:59 / 22.03.2025
169

Mahallada sumalak shodiyonasi: Malika Egamberdiyeva Navro‘zni qanday kutib oldi?

Mahallada sumalak shodiyonasi: Malika Egamberdiyeva Navro‘zni qanday kutib oldi?
Navro‘z bayrami arafasida xonanda Malika Egamberdiyeva yashaydigan mahallada quvnoq tadbir tashkil etildi. Mahalladoshlar birgalikda katta doshqozonga sumalak osib, sho‘x yallalar aytib, tonggacha milliy taomni tayyorlashdi.

An’anaga ko‘ra, sumalak pishirish jarayoni faqatgina oshpazlikni o‘z ichiga olmaydi. U mehr, quvonch va do‘stona muhitni yaratish, hamjamiyatni yanada mustahkamlash imkoniyatini taqdim etadi. Kecha davomida qo‘shiqlar va dil izhorlari yangradi. Xususan, xonanda Malika Egamberdiyeva sumalak yonida to‘planganlarga qo‘shiq kuylab, Navro‘zning fayzini his ettirdi:

"Rizqing bilan kelasan,
Fayzing bilan kulasan.
Sog‘ingan bu dillarni,
Dardin o‘zing bilasan.
Omonlikda ko‘rishdik,
Qahratonla kurashdik.
Bir yil o‘tib,
Yana senla ko‘rishdik."

Mahalladoshlar xonandaning musiqiy ijrosini mamnuniyat bilan qarshi olishdi. Shodlik va quvonch ila sumalak aralashtirganlar o‘zlarining ezgu tilaklarini bildirishdi.

Shu tariqa, Navro‘zning asosiy ramzlaridan biri – sumalak, birlik va mehr-muhabbat ramzi sifatida tayyorlanib, bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Kechaning asosiy taassuroti esa, shubhasiz, ahillik va yuksak bayramona kayfiyat bo‘ldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat