01:11 / 02.12.2016
7 993

Farhod Alimov Rayhon bilan turmush qurganidan so‘ng ilk marta intervyu berdi

Farhod Alimov Rayhon bilan turmush qurganidan so‘ng ilk marta intervyu berdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘anievaning turmush o‘rtog‘i, boshlovchi Farhod Alimov jurnalist Baxtiyor To‘raxonovning “19:09” ko‘rsatuvida mehmon bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Farhod Alimov suhbatga kelishidan oldin muharrirdan shaxsiy hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan savollarni bermaslikni so‘ragan. Buning sababini u quyidagicha izohlaydi:

“To‘g‘risini aytsam, men ijtimoiy tarmoqlardagi mantiqsiz muhokamalardan charchadim. Men bir narsani aytishim mumkin. Eng asosiysi — biz baxtlimiz. Boshqa narsani muhokama qilishni istamayman va sevishni biladigan har bir inson baxtli bo‘lsin.

— Tushunimcha, shaxsiy hayotingizdan foydalanib, o‘zingizga piar qilish maqsadingiz yo‘q va hech qachon bo‘lmagan?

— Ha, ijtimoiy tarmoqlar orqali bu haqda ham gapirishdi. Rayhonga yanada mashhurroq bo‘lish uchun uylandi, hatto klipda ham suratga tushdi, deyishdi. Aslida esa men 2008 yildan beri kliplarda suratga tushaman. Shuning uchun shaxsiy hayotim bilan o‘zimga piar qilishni istamayman, men shunchaki baxtli bo‘lishni istayman. Baxtli bo‘lishga esa hammaning haqqi bor!

— Siz o‘zingizga bo‘lgan qiziqishning bu tariqa ortib ketishini taxmin qilmagandirsiz?

— Ochig‘ini aytsam, kutmagandim. Nikoh marosimi imi-jimida o‘tadi, deb o‘ylagandim. Biroq, bunday bo‘lmadi, bu haqda hamma gapirdi.

— Sizlar buni yashirishga urinmadingiz?

— Yo‘q, nimaga yashirishimiz kerak? Shunchaki biz buni hammaga e’lon qilmadik. Nikoh oshiga yaqin do‘stlarimizni taklif etdik. Ular bizga baxt tilashdi. Ba’zan esa ijtimoiy tarmoqlar orqali qavs ichida ham “baxt” tilaganlar bo‘ldi.

— Adashmasam, asli kasbingiz iqtisodchi?

— Men 1998 yilda Toshkent davlat agrar universitetining iqtisodiyot fakultetini tamomlaganman. O‘z sohamda bankning kredit bo‘limida roppa-rosa bir yil ishladim. Shundan so‘ng bu soha men uchun emasligini anglab etdim va kasbimni o‘zgartirdim. Raqamlarni yoqtirmayman, menga musiqa, shou-biznes olami yoqadi.

— Sizni to‘ylar boshlovchisi sifatida bilishadi.

— Ha, men to‘ylarda 2006 yildan beri boshlovchilik qilaman.

— Shuncha yil davomida siz ko‘plab oilalarning bunyod bo‘lishiga guvoh bo‘ldingiz. To‘ylar albatta bir-biridan tubdan farq qiladi, biroq ularni umumlashtiruvchi jihatlar nimada deb o‘ylaysiz?

— Men bu to‘ylarda ikki yoshni sevgi va muhabbat birlashtirayotganiga umid qilaman. Ularning ko‘zlarida to‘yim qanday o‘tarkin, degan xavotir, hayajonni ko‘raman. To‘y oldi taraddudida har ikkala inson ham o‘zgaradi, ular to‘ylarining chiroyli va esda qolarli o‘tishini istashadi.

Eslatib o‘tamiz, Farhod Alimov va Rayhon G‘anievaning nikohi munosabati bilan 5 noyabr kuni poytaxtdagi “Atlant” restoranida amru-ma’ruf dasturxoni yozilgan edi. Juftlik asal oyini BAAning Dubay shahrida o‘tkazdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)