
Netflix dunyosi yana bir rekordchi serialning to‘lqinlarida — “Kalmar o‘yini”ning uchinchi mavsumi ilk uch kundayoq 60 milliondan ortiq tomoshabinni ekranga qamab qo‘ydi, deb xabar berdi variety.com. Ushbu ko‘rsatkich nafaqat platformaning eng katta yutuqlaridan biriga aylandi, balki serialni Netflix tarixidagi eng mashhur ingliz tili bo‘lmagan 9 ta loyiha qatoridan joy oldi. Qizig‘i shundaki, tepadagi ilk ikki pog‘ona ham aynan “Kalmar o‘yini”ning birinchi va ikkinchi mavsumlariga tegishli bo‘lib qolyapti.
Uchinchi faslning bunday ko‘rsatkichlari serial atrofidagi qiziqishning hali ham yuqori ekanini ko‘rsatdi. Biroq muxlislar va kinotanqidchilar orasida mavsum finali katta bahslarga sabab bo‘ldi. Rotten Tomatoes saytida serialning umumiy reytingi 50% darajasida qoldi — bu ancha past natija hisoblanadi. IMDb platformasida esa tomoshabinlar o‘rtacha 7,6/10 ball qo‘ygan bo‘lsa, final epizod 6,8/10 ball oldi.
Tanqidchilar final epizoddagi ssenariy yechimlari va xarakterlar rivoji to‘g‘risida turli fikrlar bildirishgan. Ayrimlar voqealarning keskin burilishi va dinamikasini maqtashsa, boshqalar esa, so‘nggi seriyada voqealarning qanday yakunlangani, ya’ni finalda syujetning mantiqiy yechim topgan-topmagani va rejissyorlik ishi ularning kutganidek bo‘lmaganini ta’kidladi. Ba’zi muxlislar esa, serialning real hayot muammolarini yoritishdagi yangicha yondoshuvini va jamoat fikridagi qiziqishni yuqori baholamoqda.
“Kalmar o‘yini” Netflix uchun haqiqiy global fenomenga aylandi. Serialning uchinchi mavsumi boshqa loyihalar bilan raqobatda ham o‘z nufuzini yo‘qotmagani, ko‘rishlar sonidagi yangi rekordlar va final bo‘yicha bahslar uni yanada ko‘proq muhokama markaziga aylantirdi. Yaqin kunlarda Netflix rahbariyati va serial mualliflarining rasmiy bayonotlari, shuningdek, yangi loyihalarga oid rejalar haqida ma’lumotlar kutilayotgani qayd etildi.
Bir narsa aniq: “Kalmar o‘yini” jahon tomoshabinini o‘z to‘riga ilib, hali-hanuz trendlar markazida qolmoqda. Final qancha bahs-munozaralarga sabab bo‘lmasin, serial faqat Koreya kinokonveyerining emas, balki global media-industriyaning ham yaqqol yutug‘iga aylandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar