date

Xivada qovun sayli va gala konsertlar start oladi

Xivada qovun sayli va gala konsertlar start oladi
Avgust oyi Xorazmning qadimiy shahri Xiva yana bir bor quvonch, shodlik va milliy an’analarga to‘ladi. 8–10 avgust kunlari «Ichan qal’a» va «Arda Xiva» majmualari hududida an’anaviy va keng qamrovli «Qovun sayli» festivali o‘tkaziladi. Mazkur festival mamlakatimizning turizm salohiyatini namoyon etish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni Xorazmga jalb qilish, shuningdek, xalq an’analari va milliy merosni keng targ‘ib qilish maqsadida uyushtirilmoqda.

Festival doirasida Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlaridan keltirilgan turli navdagi shirin va hidli qovunlar namoyish etiladi. Har bir hudud o‘z pavilonini hunarmandchilik, milliy taomlar va madaniy bezaklar bilan to‘ldirgan holda taqdim etadi. Bu esa nafaqat qovunlarni, balki Xorazmning madaniy rang-barangligini ham namoyon etadi.

Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilarni qo‘g‘irchoq teatri, teatrlashtirilgan sahna va milliy liboslar namoyishi, badiiy jamoalar va folklor ansambllarining jonli ijrolari, mahorat darslari va san’at asarlari ko‘rgazmalari kutmoqda. Xususan, mehnatkash hunarmandlar tomonidan tayyorlangan noyob buyumlar ham sayl mehmonlariga taqdim etiladi.

Faol ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha Xorazm viloyati hokimligi va homiylar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Bu esa mahalliy ustalar va tadbirkorlar uchun katta rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

Festivalning eng shiddatli va kutilgan qismlaridan biri — mahalliy va xalqaro estrada yulduzlari ishtirokidagi gala konsertlar bo‘ladi. Ular 8–9 avgust kunlari «Ichan qal’a», 10 avgust kuni esa «Arda Xiva»da bo‘lib o‘tadi.

«Qovun sayli» — bu nafaqat shirin qovunlar bayrami, balki milliy ruh, madaniy meros va zamonaviy sayyohlikning uyg‘unlashgan tadbiri hisoblanadi. Xorazmga sayohat qilishni rejalashtirayotganlar uchun ushbu kunlar alohida bayramona kayfiyat bag‘ishlaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xivada qovun sayli va gala konsertlar start oladi