Samarqand viloyatida nafratni og‘riqqa aylantiradigan fojea yuz berdi. 2024 yil 26 iyul kuni Tayloq tumanida 33 yoshli ayol xonanda Zeboyi Jahon (pasportdagi ismi — Zebiniso Nosirova) o‘ldirildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotlariga ko‘ra, unga qarshi jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan shaxs — marhumaning sobiq turmush o‘rtog‘i hisoblanadi. U farzandlarini ko‘rish uchun ayolning uyiga kelgan, ammo bu uchrashuv kutilmagan mojaroga aylanib, fojeali tugadi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, erkak janjal vaqtida ayolini qo‘li bilan bo‘g‘gan. Afsuski, u shifokorlar kelgunga qadar hayotdan ko‘z yumgan.
Marhumaning akasi voqea haqida dastlab rafiqasidan, keyin esa onasidan xabar olganini aytib, singlisining o‘limiga ishonmaganini bildirdi:
— "Singlim bunday o‘limga loyiq emas edi. U uch nafar o‘g‘ilning onasi edi. Kim o‘z turmush o‘rtog‘iga, farzandlarining onasiga qo‘l ko‘taradi?" – dedi u, ko‘z yoshlarini tiya olmagan holda.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 32 yoshli erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha javobgarlikka tortilmoqda. Hozirda u qo‘lga olingan va tergov ishlari boshlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu voqea keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar zo‘ravonlikka qarshi kurashish, ayollarni himoya qilish va odil jazo taqdim etilishi kerakligini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!